Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Firibgarlik prezidentni ham yo‘q qiladi!

Firibgarlik prezidentni ham yo‘q qiladi!

Uliss Simpson Grant.

Avval xabar berganimizdek, «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali yangi «Moliya kundaligi» loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha aholining moliyaviy savodxonligini oshirishni maqsad qilgan. Navbatdagi maqolamizda ham ko‘plar uchun qiziq bo‘lgan moliya va «moliyaviy firibgarlik» mavzusini davom ettiramiz.

Dastavval, yana moliya tushunchasiga to‘xtalamiz. Ma’lumki, moliya pul bilan bog‘liq munosabatlar bo‘lib, uning moddiy asosini pul tashkil qiladi. Lekin u aynan pul yoki pul bilan bir xil tushuncha degani emas. Ya’niki, iqtisodiyotning samarali va barqaror amal qilishi, yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash maqsadida davlat ko‘plab boshqa iqtisodiy sub’yektlar bilan moliyaviy munosabatlarga kirishadi. O‘z navbatida, moliyaviy munosabatlar tushunchasiga quyidagicha ta’rif berish mumkin. Ya’ni, moliyaviy munosabatlar – davlat, mintaqalar, tarmoqlar, korxona va tashkilotlar hamda alohida fuqarolar o‘rtasida pul mablag‘lari fondlarining harakati bilan bog‘liq holda vujudga keluvchi iqtisodiy munosabatlar majmuyidir.

Oldingi maqolamizda AQSh tarixidagi bir qancha moliyaviy firibgarliklardan misollar keltirgan edik. Ushbu maqolada ham yana bir bor Qo‘shma Shtatlar o‘tmishiga murojaat qilamiz.

Firibgarlik prezidentni ham yo‘q qiladi

Fuqarolar urushining taniqli qahramoni va sobiq prezident Uliss Simpson Grant o‘g‘li Bukning biznesda muvaffaqiyat qozonishi uchun yordam berishga harakat qiladi. Ammo, Buk bungacha allaqachon bir necha korxonalarda omadsizlikka uchragan edi. Lekin, u Uoll-stritda muvaffaqiyat qozonishga qaror qilgandi.

O‘sha vaqt, Buk hiyla-nayrangbozlik bobida ustasi farang Ferdinand Uord bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Ikkisi «Grant va Uord» nomli firma ochishadi. Uord darhol sarmoyadorlardan sarmoya qidirishni boshlaydi. U sarmoyadorlarga sobiq prezident Uliss Simpson Grant davlatning foydali shartnomalarini tuzishda yordam berishga rozi bo‘lganini da’vo qiladi. Shu orqali Uord topilgan pullarni bozorda ishlatib yuborgan.

Keyinroq Uord 600 000 AQSh dollarni Marine Milliy bankiga bog‘lab qo‘ydi. Buning orqibatida bank ham, «Grant va Uord» firmasi ham inqiroz ko‘chasiga kirib qoladi. Ferdinand Uord sodda Bukni otasidan ko‘proq pul so‘rashga undaydi. Sobiq prezident esa, allaqachon firmaga katta mablag‘ kiritgan, biroq yetarlicha foyda topa olmagandi. Oxir-oqibat u Vilyam Vanderbiltdan 150 000 AQSh dollari miqdorida qarz so‘rashga majbur bo‘lgan. Uord pullarni olib juftakni rostlaydi. Buning natijasida, Marine Milliy banki va «Grant va Uord» firmasi batamom tanazzulga yuz tutadi. Bu o‘z navbatida 1884 yil shaharda vahima ham keltirib chiqargan.

Sobiq urush qahramoni Uliss Simpson Grant  tanishi Vanderbilt oldidagi qarzlarini shaxsiy buyumlari, shu jumladan harbiy forma, medallar va urushdan qolgan boshqa yodgorliklar bilan to‘laydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bor-budidan ayrilgan Uliss Simpson Grant oilasiga pul topish maqsadida, «The Century» jurnali uchun «Fuqarolar urushi» tajribasi haqida bir necha maqolalar yozgan. Muharrir unga butun boshli xotiralarini yozishni taklif qiladi. Natijada, u xotiralar jamlangan kitobi uchun 75 foizlik royalti miqdorida shartnoma tuzadi. Afsuski, kitob tugaganidan bir necha kun o‘tgach sobiq prezident vafot etadi. Uning xotini esa 450 000 AQSh dollari miqdorida royalti olgan.

Aksiyadorlik fondlari

1920 yilga qadar moliyaviy bozorning ko‘pgina firibgarliklari sarmoya kiritayotgan kam sonli amerikaliklarga o‘z ta’sirini ko‘rsatib keldi. Badavlat manipulyatorlarning nizolariga ko‘pincha hukumat aralashishni lozim ko‘rmagan. Birinchi jahon urushidan so‘ng, amerikaliklar fond bozorlarini kashf etishdi. Yangi pul oqimlaridan foydalanish uchun manipulyatorlar esa, aksiyadorlik fondlarini yaratishga kirishadi. Mazkur aksiyadorlik fondlari asosan, Daniel Drev uslubidagi manipulyasiyani yanada kengroq miqyosda olib bordi. Sarmoyadorlar ko‘proq jalb qilinganida, aksiyalarni manipulyasiya qilishdan keladigan foyda kompaniyalarni boshqarishga ishontirish uchun yetarli edi. Bu aksiyadorlik fondlari juda kuchli bo‘lib, hatto Chrysler, RCA va Standard Oil kabi yirik kompaniyalarning aksiyalarini ishlata olgan.

1929 yildagi moliyaviy falokatga olib kelgan korrupsiya darajasi keng jamoatchilik va hukumat uchun ham unutilmas bo‘ldi. Firibgarliklarning asosiy qismi aksiyadorlik fondlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu o‘z navbatida, SEC (Securities and Exchange Commission – Qimmatli qog‘ozlar va birja komissiyasi) tuzilishiga olib keldi. Ajablanarlisi shundaki, ushbu komissiyaning birinchi rahbari chayqovchi va aksiyadorlik fondning sobiq xodimi Jozef Kannedi edi.

SECning tuzilishi bilan bozor qoidalari rasmiylashtirildi va fondning bir qator firibgarliklari aniqlandi. Xususan, oddiy manipulyasiya amaliyotlari, shuningdek ichki ma’lumotlarning yirik savdolari noqonuniy deb topildi. Lekin SECning faoliyat davrida ham hanuzgacha moliyaviy firibgarlik holatlari uchrab turadi.

Nurillo To‘xtasinov tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring