Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘alati nikoh qaydnomasi, rashkchi «jon»lar: carxush mehmon va uzoq umr ko‘ruvchilarning sirli manziliga sayohat...

G‘alati nikoh qaydnomasi, rashkchi «jon»lar: carxush mehmon va uzoq umr ko‘ruvchilarning sirli manziliga sayohat...

— Ertaklardagidek chiroyli o‘rmonga borishni xohlaysizmi. Sershovqin shahardan chiqamiz, chiroyli manzara, salqin havodan bahramand bo‘lasiz, — taklif etdi samarqandlik o‘rmonchi Subhon aka.

Bajonidil bu taklifni qabul qildim. O‘zim ham daraxtlar, tabiat haqida nimadir yozish, shuningdek, birato‘la  bolalikdan orzuyim bo‘lgan ertaklardagidek o‘rmonni ko‘rishga oshiqa boshladim. Hamrohim — Subhon Abdusalomov 40 yildan buyon daraxtlar bilan tillashib, sirlashib kelayotgan tajribali o‘rmonchi, seleksioner.

Shahardan chiqqanimizdan keyin ancha yo‘l yurgach, uzoqdan qora bo‘lib ko‘ringan o‘rmon, yaqinlashganimiz sayin uzun va mahobatli bo‘lib ko‘zga tashlana boshladi. U qalin va katta, jozibadorligi bilan Kaliforniyaning sekvoyyalaridan qolishmaydigan zabardast daraxtlarga ega bo‘lgan salqin o‘rmon ekan. Tangadek quyosh tushmaydigan bu yashil manzilda, qulochga sig‘mas katta-katta, hatto uch asrni ko‘rayotgan daraxtlar ham bor ekan. O‘rmonga kirishimiz bilan yo‘ldagi issiq harorat chekinib, yuzimizga  salqingina shabada urildi.

Keksa va yosh archalar, qarag‘aylardan taralayotgan xushbo‘y ifor bizda a’lo kayfiyat uyg‘ota boshladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bunaqa yoqimli tarovat insonda endorfin — ya’ni baxt garmoni ishlab chiqarilishiga sabab bo‘larkan. Bu esa immun tizimining yaxshilanishi, odamning yosharishiga olib keladi. Shuning uchun ham o‘rmonchilik sohasi vakillari uzoq umr ko‘rar ekan-da, sababini aniqlagandek bo‘laman.

O‘pkamiz kislorodga, miyamiz yoqimli iforga to‘yinib, sarxush kayfiyat bilan suhbatimizni boshladik.

Hamrohimning aytishicha, Samarqanddagi «Darg‘om» o‘rmon xo‘jaligiga 1890 yillarda rus olimi Karonkov asos solgan ekan.

— Biz turgan o‘rmonning bir gektari bir yilda o‘zidan 14 tonna kislorod ishlab chiqarib, 35 tonna changni ushlab qolishga qodir va shu bilan birga 25 gektar maydonni qurg‘oqchilik va chang bo‘ronlaridan himoya qila oladi, — deydi Subhon aka.

Mutaxassis aytgan shu ma’lumotlarning o‘zi ham daraxtlarning, yashillikning naqadar hayotimizga  zarur ekanini anglatadi.  

– Mana bu daraxt 70 gradus sovuqqa ham chidaydi, yomg‘irni yaxshi ko‘radi. O‘sish davrida bu kabi qarag‘aylar o‘zidan efir moylari, balzamlar, uchuvchi vitaminlar, taninlar va boshqa moddalar ishlab chiqaradi, — davom etad suhbatdoshim.

Demak, o‘rmonga qadam qo‘yishimiz bilan biz his etgan o‘sha kayfiyat, yuqorida sanalgan foydali moddalar ajralmasi natijasi ekan-da.

— Bilsangiz, daraxtlarni jonsiz deyuvchilar katta xato qiladi. Ularda ham dard bor, ular ham sevadi, ozor bersa og‘rinadi, ovoz chiqaradi, hatto rashk ham qiladi... deb o‘rmondagi ba’zi daraxtlarga qo‘yilgan belgilarni ko‘rsatib, «mana bu belgilar, onalik va otalik belgilari. Shularga qarab biz urug‘  olamiz», — deydi o‘rmonchi akamiz. 

— Boshqacha qilib aytganda, bu ularning nikoh qaydnomasi ekanda,—deyman hazilga olib.

— Xuddi shunday. Ishonsangiz ko‘chat yetishtirish jarayonida qiziq holatlarni kuzatganmiz. Archa, qarag‘ay ko‘chatini biz urug‘dan olib o‘stiramiz. U besh, ba’zan yetti yilda yilda tayyor ko‘chat bo‘lib yetiladi. Yonma-yon o‘sayotgan ko‘chatlarni yoniga boshqa yangisini olib kelib qo‘ysangiz bormi, ana unda ko‘ring tomoshani, bu holatda avvalgi ko‘chatlar avji keskin pasaya boshlaydi. Buni ulardagi rashk sababli ekanini keyin anglaganmiz, — deb qiziq ma’lumotlarni ulashishda davom etadi Subhon aka. Bularni eshitib, beixtiyor xayolimda tanish qo‘shiq so‘zlari jaranglaydi...

Bog‘ qo‘ynida ikki daraxt —

Bir-biriga intizor.

Sen bir daraxt, men bir daraxt,

Yig‘lab-yig‘lab o‘tdik yor.

Shoirning daraxtlar talqinida ifodalagan bu muhabbat ta’riflariga javobni shu yerda topgandek bo‘laman. Demak, muhabbat, sog‘inch, sadoqat borasida biz jonsiz deb bilguvchi daraxtlar ham-xuddi insonlardek ekan-da. 

Biz turgan o‘rmondan sal nariroqda maxsus ko‘chatxonalar bo‘lib, ularda ko‘plab daraxtlar urug‘laridan ko‘chatlar yetishtirilar ekan.

— Hozir xo‘jaligimizda qirq turdan ortiq noyob daraxt va butalarning ko‘chatlarini yetishtirish, ko‘paytirish bilan shug‘ullanayapmiz, ular orasida oq qayindan tortib, moviy qarag‘ay, lola daraxti, Tyanshan qarag‘ayi, Xitoydan keltirilgan pavloniya, yapon saforasi va qalam daraxtigacha bor. Bularning barchasi — tabiatimiz uchun, ekologiya uchun. Darvoqe, atigi sakkiz yilda voyaga yetib, ulkan daraxt shaklini oladigan pavloniyaning xosiyati behisob. Uning yog‘ochi nafis, pishiq, jilvador bo‘lgani bois mebelsozlikda ko‘p ishlatiladi. Bargi yirik, zararli gazlarni yutib, kislorodni ko‘p ajratadi. Chiroyli gullarida nektar miqdori odatdagidan ikki-uch hissa ortiq bo‘lgani bois asalarilarni o‘ziga chorlaydi. Pavloniyani shahar atrofidagi yo‘l yoqalarida ekib, o‘stirish ajoyib samara beradi, —deydi Subhon aka.

Darvoqe, bu manzarali manzilda faqat daraxt ko‘chati emas, meva yetishtirish, asalari parvarishlash, dorivor giyohlarning gul va barglarini yig‘ish bilan shug‘ullanishar ekan. O‘tgan yili bu o‘rmonchilar farmatsevtika sanoati uchun 42 tonna dorivor o‘simliklar va noyob mevalar yetishtirib berishibdi. Ular orasida unabi, topinambur, tirnoqgul, moychechak, na’matak singari shifobaxsh o‘simliklar bo‘lib, ular inson salomatligi uchun beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Na’matak mevasini eshitib, qiziqish bildirgan edim. Meni mehmondo‘st mezbonlar shu o‘rmonda  yetishtirilgan na’matak damlamasi bilan siylashdi... Avvallari ham ko‘p namatak choyi ichgandim, lekin bu yerdagisi: novvot va o‘rmon na’matagi qo‘shib damlangani o‘zgacha ekan. Quyuq, nordon, xushbo‘y, judayam yoqimli.      

Ha, shu o‘rinda, katta biznes egalari bo‘lgan tadbirkorlarga taklif: O‘zimizda yetishtirilayotgan bebaho, shafobahsh bu ne’matlarni qadoqlab, horijga eksport qilinsa, jahon bozorida, o‘zbek novvoti-yu, o‘rmon namatagi o‘z mijozini albatta topardi. Axir bizda ham Xitoy tabobati o‘tlari-yu, arab sedanasiga talab ko‘pku.   

Subhon aka suhbatimizni seleksiya mavzusiga qaratib, o‘zimizning eski o‘rik navlari: «Avitsenna», «Navro‘z» kabilar yo‘qolib ketganini, o‘zi yaratgan «Subhoni» navi esa SSSR davrida ba’zi rasmiyatchiliklar sabab tasdiqdan o‘tmaganini kuyunchaklik bilan gapirib qoldi.

— Shaftolilarning «Vladimir», «Lola», «Farhod» degan turi, olmaning «Razmarin», «Afrosiyob» «Qandil» degan navlari bo‘lardi. Bahorgacha suvi bilan turardi, afsus yo‘qolib ketdi. Shuning uchun hozir bozorlarimizga ko‘p mevalar chetdan kirib kelyapti. Chiroyi boru, ta’mi yo‘q, — deydi Subhon aka.

«Yozda, saratonda yana bir kelasiz bu joylar juda o‘zgacha bo‘ladi», deydi qisqa mehmondorchilikdan  ko‘ngli to‘lmay Subhon aka.

Men esa bu sokin, sirli va halovotli olamning bahriga to‘ymay, uni beixtiyor tark etaman. O‘rmondan olislay turib, uch asrni ko‘rayotgan bu daraxtlar, qanchadan-qancha daydi shamollarga, chang-to‘zonlarga qalqon bo‘lganini anglayman. Men ko‘rgan kabi o‘rmonlar, yashil manzillar bor ekan, yana ming yillar ular bizlarga beminnat hizmat qilib, o‘pkamizga sof havo, qalbimizga halovat ulashaveradi.