Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Global Dizayn forumi — ilk bor Istanbulda! (foto)

Global Dizayn forumi — ilk bor Istanbulda! (foto)

Bugungi kunda Istanbul nafaqat sayyohlik, balki xalqaro madaniyat va dizayn industriyasining eng jozibador markazlaridan biri sifatida ham e’tirof etilmoqda. Qadim sivilizatsiyalar merosi va zamonaviy ijodiy muhit uyg‘unlashgan ushbu shahar yil sayin yirik xalqaro forumlar, biyennale va san’at festivalariga mezbonlik qilib, global kreativ maydondagi ta’sirini tobora kuchaytirmoqda.

Shu yilning 13–16-may kunlari Istanbul ilk bor nufuzli Global Dizayn forumiga mezbonlik qilyapti. Turkiya turizmni targ‘ib qilish va rivojlantirish agentligi hamda qator xalqaro hamkorlar ko‘magida tashkil etilayotgan mazkur forum shaharning xalqaro dizayn xabiga aylanish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Istanbul hududida 41 ta kongress markazi, 225 ta san’at galereyasi va dizayn sohasiga ixtisoslashgan dasturlar faoliyat yuritayotgan 27 ta oliy ta’lim muassasasi mavjud. Har yili o‘tkaziladigan 20 dan ortiq xalqaro san’at va dizayn tadbirlari esa shaharning kreativ ekotizimini yanada mustahkamlab bormoqda.

Global Dizayn forumi dastlab 15 yil avval Victoria and Albert Museum tomonidan London Design Festival doirasida yo‘lga qo‘yilgan edi. Bugun esa u dunyoning turli nuqtalaridan kelgan dizaynerlar, arxitektorlar, rassomlar va kreativ industriya vakillarini birlashtiruvchi yetakchi intellektual platformalardan biriga aylangan.

Bu yilgi forumning eng o‘ziga xos jihati — uning an’anaviy konferensiya shaklidan chiqib, butun shahar bo‘ylab kechadigan katta ijodiy performansga aylanganidir. Tadbir bir nechta konseptual yo‘nalishlar orqali tashkil etilgan bo‘lib, ular shahar muhiti, jamoat makonlari va madaniy merosga zamonaviy dizayn nuqtai nazaridan yondashishni maqsad qiladi.

«Placemaking» yo‘nalishi doirasida Topkapi saroyi va Tarixiy yarimorol hududida vaqtinchalik dizayn installyasiyalari o‘rnatiladi. Natijada shaharning tarixiy makonlari ochiq osmon ostidagi ulkan dizayn laboratoriyasiga aylanadi. «Rethinking» dasturi esa Istanbulning boy bog‘ madaniyatini qayta talqin qilishga qaratilgan xalqaro ijodiy tanlov orqali yangi g‘oyalarni maydonga olib chiqadi.

Forum doirasida o‘tkaziladigan panel sessiyalari, taqdimotlar va ochiq muhokamalar esa xalqaro va mahalliy dizaynerlar, shaharsozlar, mutafakkirlar hamda san’atkorlar o‘rtasida fikr almashuv uchun muhim maydon vazifasini bajaradi.

Asrlar davomida turli sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan Istanbul o‘zining noyob madaniy qatlamlari, tarixiy muhiti va jonli shahar ritmi bilan ijod ahlini o‘ziga jalb qilib keladi. Bu yerda an’anaviy hunarmandchilik, sharqona estetika va zamonaviy dizayn g‘oyalari o‘zaro uyg‘unlashib, betakror ijodiy muhitni shakllantirgan.

Bugun shahar nafaqat yosh dizaynerlar va rassomlar uchun imkoniyatlar markazi, balki xalqaro madaniy platformalar uchun ham muhim manzilga aylangan. Istanbul Biennial, Contemporary Istanbul, Istanbul Music Festival, CI Bloom hamda Istanbul Film Festival kabi yirik tadbirlar shaharning global madaniy nufuzini yanada oshirmoqda.

Mutaxassislar fikricha, Istanbulni anglash uchun uni shoshilmasdan kashf etish lozim. Chunki bu shahar har bir ko‘chasi, tarixiy inshooti va mahallasi orqali o‘tmish bilan kelajakni bog‘lab turadigan tirik madaniy makondir. Aynan shu jihat uni dunyo dizayn va san’at xaritasida alohida o‘ringa olib chiqmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring