G‘olibga 100 million so‘m: Qozog‘iston jamoasi Buxorodagi ko‘pkarida g‘alaba qozondi
Qozog‘iston jamoasi raqiblarini dog‘da qoldirib, uloq-ko‘pkari maydonida 100 million so‘mga sazovor bo‘ldi.
Buxoro tumanidagi Chavandozlar maktabida uloq-ko‘pkari xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli bellashuv minglab tomoshabinlarni o‘ziga chorladi. Bunda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy va Rossiyadan kelgan chavandozlar o‘zaro bellashishdi.
Avvaliga O‘zbekiston jamoasi, keyin Qirg‘iziston ko‘pkarichilari jamoasi ustun kelayotgan final bahslari bir necha daqiqalar ichida mutaxassislar hamda oddiy muxlislarni ham hayratga soldi. Ortda qolayotgan Qozog‘iston jamoasi shiddat bilan birinchi o‘rin uchun kurashga qo‘shildi. Va ushbu jamoa turnirda mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Raqiblarini dog‘da qoldirgan Qozog‘iston jamoasi uloq-ko‘pkari maydonidan bosh sovrin - 100 million so‘mni «olib ketdi».
Ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Qirg‘iziston jamoasiga 75 million so‘m topshirildi. Qizg‘in, bahsli va o‘z o‘rnida og‘ir kechgan bellashuvlarda O‘zbekiston jamoasi uchinchi o‘ringa da’vogarlik qilib, 50 million so‘m pul mukofini qo‘lga kiritdi.
Shu munosabat bilan Qozog‘iston jamoasi a’zolaridan biri bilan qisqacha suhbat uyushtirdik.
— G‘alaba muborak!
— Katta rahmat!
— Bu muvaffaqiyat nimani anglatadi?
— O‘z kuchimizga bo‘lgan ishonchni anglatadi! Bu mukofot emas, jamoaviy harakatlarimiz samarasidir. 100 million so‘m katta rag‘bat va bu o‘z kuchimizga bo‘lgan ishonchni mustahkamladi. Ayniqsa, bu mablag‘ni Buxoro hokimining shaxsan o‘zi topshirgani biz mezbon jamoalar uchun xursandchilik bo‘ldi.
— Oxirgi daqiqalarda kutilmagan lahzalarda «uloqqa» erishdingiz... Qiyinchilik nimada bo‘ldi?
— Eng katta qiyinchilik – raqobatning, ya’ni raqiblar jamoasining ham juda kuchliligi va vaqt bilan kurashish. Shuningdek, Buxorodagi muhit, tanish va notanish tomoshabinlarning ham jo‘r ovozda qo‘llab-quvvatlashi. Sport shunisi bilan toza, shuni bilan jo‘shqin.
— O‘zbek muxlislariga nima demoqchisiz?
— Judayam kuchli, chayir va epchil qardoshlarim o‘zbeklarning qo‘llab-quvvatlashini, chin do‘st va juda mehmondo‘st xalq ekanin yana bir karra his qildik. Bu yerga yana qaytishni istaymiz. Va qardoshlarimni o‘z yurtimizga chorlab qolamiz.
Buxoroda bo‘lib o‘tgan uloq-ko‘pkari yana bir bor sportning madaniy meros sifatidagi o‘yinlar ekanini isbotladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter