GSMA M360 Eurasia 2026 Samarqandda: raqamli infratuzilma, sun’iy intellekt va strategik hamkorlik kun tartibining markazida
Samarqand shahrida ilk bor o‘tkazilgan GSMA M360 Eurasia 2026 50 dan ortiq ma’ruzachilarni, 40 dan ziyod mamlakat va hududlar hamda 250 ta kompaniya, jumladan, telekom-operatorlar, texnologik biznes, investorlar va davlat sektori vakillarini bir davraga jamladi. Tadbir ishtirokchilarining yarmidan ko‘pini direktor va undan yuqori lavozimdagi rahbarlar tashkil etib, ular sun’iy intellekt, 5G, kiberxavfsizlik hamda O‘zbekiston va Yevroosiyo mintaqasining raqamli infratuzilmasi kelajagiga bag‘ishlangan yuqori darajadagi muhokamalarni o‘tkazdilar.
GSMA M360 Eurasia 2026 Yevroosiyo hududida investitsiyalar, raqamli infratuzilma va uzoq muddatli hamkorlik masalalari bo‘yicha amaliy muloqot uchun samarali maydonga aylandi. Diqqat markazida sun’iy intellekt, zamonaviy aloqa texnologiyalari, bulutli resurslar va data-markazlar rivojlanishi telekom bozorlarini qanday transformatsiya qilayotgani hamda milliy iqtisodiyotlar, biznes va iste’molchilar uchun qanday yangi imkoniyatlar yaratayotgani bo‘ldi. Shuningdek, kun tartibida mintaqaning barqaror va xavfsiz raqamli kelajagini barpo etishda tarmoqlararo hamkorlikning o‘ta muhim ahamiyati alohida ta’kidlandi.

M360 Eurasia kun tartibining mintaqa raqamli kelajagini belgilab beruvchi asosiy mavzulari:
- Sun’iy intellekt va uning telekom-biznes modellariga ortib borayotgan ta’siri;
- Kiberxavfsizlik va barqaror raqamli infratuzilma;
- Data-markazlar va bulutli xizmatlar rolining kengayishi;
- Aloqa tarmoqlari uchun energiya samaradorligi yuqori va ekologik yechimlar;
- Raqamli transformatsiyani jadallashtirishda davlat-xususiy sherikligi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov shunday dedi:
«GSMA M360 Eurasia Samarqandda o‘tkazilishi — O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasi uchun tarixiy va burilish pallasi bo‘ldi. Bugungi kunda mamlakatimiz mintaqaning yetakchi IT-xabi – global hamkorlik aloqalari o‘rnatiladigan va ertangi kunning raqamli iqtisodiyoti poydevori qo‘yiladigan makon sifatida o‘z o‘rnini qat’iy mustahkamlamoqda. Jahon miqyosidagi texnologik yetakchilar investitsiya va innovatsiyalar kiritish uchun aynan O‘zbekistonni tanlayotgani „O‘zbekiston-2030“ strategiyamiz muvaffaqiyatining yaqqol tasdig‘idir. Mustaqilligimizning 35 yilligini nishonlayotgan yilimizda ushbu muhim bosqich zamonaviy, ochiq va kelajakka intilayotgan raqamli mamlakatni barpo etish yo‘lida qanchalik ulkan masofani bosib o‘tganimizni ko‘rsatib turibdi».

VEON guruhi bosh ijrochi direktori Kaan Terzioglu ta’kidladi:
«Bizning kelajak haqidagi tasavvurimiz – lokal til modellari va umumiy sun’iy intellekt infratuzilmasidan foydalanish orqali kengaytirilgan intellekt imkoniyatlarining har bir xonadon va har bir qishloq uchun ochiq bo‘lishidir. Bu O‘zbekistonning jahon raqamli rivojlanish reytingidagi yetakchi o‘rnini mustahkamlaydi. O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi ushbu transformatsiyada tobora muhim rol o‘ynamoqda. Biz raqamli infratuzilma, iste’dodli kadrlar va innovatsiyalarga uzoq muddatli investitsiyalar kiritish uchun ulkan salohiyatni ko‘ryapmiz hamda mamlakatning mintaqaviy texnologik markaz sifatidagi mavqeyini mustahkamlashga qaratilgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz».

Beeline Uzbekistan bosh direktori Yevgeniy Nastradin shunday dedi:
«Samarqandda bo‘lib o‘tgan M360 Eurasia ko‘rgazmasida ishtirok etish global texnologiya yetakchilari, xalqaro tashkilotlar, regulyatorlar va butun mintaqada raqamli iqtisodiyot kelajagini shakllantiradigan biznes o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash uchun muhim maydonni taqdim etdi. O‘zbekiston uchun bunday miqyosdagi tadbirning o‘tkazilishi mamlakatning innovatsiyalar, investitsiyalar va raqamli transformatsiyalar uchun strategik markaz sifatidagi roli ortib borayotganini aks ettiradi. Beeline Uzbekistan uchun M360 Eurasia nafaqat tajriba almashish va sohadagi asosiy tendensiyalarni muhokama qilish, balki mijozlar, biznes va milliy iqtisodiyot uchun uzoq muddatli qiymat yaratadigan barqaror raqamli ekotizimni yaratishga hissa qo‘shish imkoniyatidir».

GSMA tartibga solish masalalari bo‘yicha bosh direktori Jon Justi ta’kidladi:
«M360 Eurasia 2026 to‘g‘ri tanlangan muloqot ishtirokchilari bir joyga jamlanganda qanday yuksak natijalarga erishish mumkinligining yorqin va ilhomlantiruvchi namunasiga aylandi. Ushbu xalqaro anjuman kelajakning raqamlashtirilgan va xavfsiz iqtisodiyotini barpo etishda hamkorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan davlat siyosatining yetakchi arboblari, tartibga soluvchi organlar hamda soha rahbarlarini birlashtirdi. Ushbu keng ko‘lamli loyihani yuqori saviyada tashkil etgan mezbonlarimiz hamda hamkorlarimizga samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. Zamonaviy aloqa texnologiyalari sun’iy intellektdan tortib kiberxavfsizlik va barqaror infratuzilmagacha – bu yerda muhokama qilingan barcha yo‘nalishlar poydevori bo‘lib xizmat qiladi. Bu tadbirdagi muloqotning yuqori darajasi mintaqa ushbu strategik kun tartibini amalga oshirishga qanchalik jiddiy yondashayotganini yaqqol namoyon etmoqda».
GSMA M360 xalqaro doirasida VEON va Beeline Uzbekistan hamkorlikda Global Digital Integrity Forum’ini o‘tkazdilar. Mazkur anjuman Yevroosiyo hududida ishbilarmonlik etikasi, komplayens va geosiyosiy risklarni boshqarish sohasida birgalikdagi harakatlarni faollashtirishga qaratildi. VEON bosh direktori Kaan Terzioglu va GSMA bosh direktori Jon Justi innovatsiyalarni joriy etish ishonchli himoya mexanizmlari va samarali nazorat bilan parallel ravishda borishi uchun davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi faol muloqot zarurligini ta’kidladilar.

«Raqamli davrda mas’uliyatni oshirish» mavzusidagi panel muhokamalari telekommunikatsiya sanoati, fintech sektori hamjamiyati yetakchilari va tartibga soluvchi organlar vakillarini korporativ boshqaruv hamda komplayens standartlarining tezkor texnologik o‘zgarishlar sur’atiga va me’yoriy-huquqiy bazaga qanday moslashishi mumkinligini o‘rganish va muhokama qilish uchun birlashtirdi.
Beeline Uzbekistan haqida
Beeline Uzbekistan («Unitel» MChJ) 2006 yil 12 sentyabrdan boshlab ushbu savdo belgisi ostida raqamli operator sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya mamlakatdagi yirik soliq to‘lovchilardan biri bo‘lib, O‘zbekistondagi faoliyati davomida taxminan 2,1 milliard AQSh dollari miqdorida soliq to‘lagan. 2 000 dan ortiq xodimga ega Beeline Uzbekistan Top Employer 2024, 2025 va 2026 sertifikatiga sazovor bo‘lgan.
Beeline Uzbekistan VEON Group tarkibiga kiradi. VEON 2006 yildan buyon O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasiga 1,6 mlrd AQSh dollaridan ortiq sarmoya kiritgan.
VEON — bu 150 milliondan ortiq aloqa va 229 million raqamli foydalanuvchiga aloqa va raqamli xizmatlar ko‘rsatuvchi raqamli operator. Dunyo aholisining 6% dan ortig‘i yashaydigan beshta mamlakatda faoliyat yuritib, VEON insonlarning imkoniyatlarini kengaytirish va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun texnologiyalarga asoslangan xizmatlar orqali hayotni o‘zgartirmoqda. VEON aksiyalari NASDAQ birjasida sotiladi. Batafsil ma’lumot: https://www.veon.com.
Sayt: beeline.uz
Facebook: @beeline.uz
Instagram: @beeline_uzbekistan
Telegram: @beelineuzbekistan
X: @beeline_uz
LinkedIn: @beeline-uzbekistan


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter