Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Haligacha poyezd portlatib yuribsanmi?!

Haligacha poyezd portlatib yuribsanmi?!

Ikkinchi Jahon urushi tugab, askarlar uylariga qaytganda, bir o‘ris soldat taygada, o‘rmonda adashib qolib ketgan. Bilasiz, Rossiyada o‘rmonlar ko‘p bo‘lib, bo‘lganida ham cheku-chegarasi ko‘rinmaydi. Urush vaqtida haligi soldat partizanlik harakatini olib borgan. «Partizan» deb dushman bosib olgan hududda orqadan zarba berish tushuniladi. U rota komandiridan o‘rmon yoqalab o‘tgan temir yo‘lni portlatish buyrug‘ini olgan ekan. Chunki hudud nemislar qo‘liga o‘tsa nemislar bemalol poyezdlarda harakatlanishi mumkin ekan...

Haligi soldat o‘rmonda adashib 15 yil qolib ketgan. Kiyimlari eskib, to‘kilib ketgan, o‘rmonda olmaxonlarni pishirib yeb jon saqlagan. Kunlardan bir kuni bir zang bosgan minani topib olib, temir yo‘lga chiqib, haligi minani temir yo‘lga o‘rnatayotganini odamlar ko‘rib qolishibdi. Odamlar hay-hay deb uni ushlab, milisa chaqirishibdi. Ana to‘polon! Milisa undan «Nega temir yo‘lni portlatmoqchi bo‘lding?» deb so‘rasa, u: «Bir pas turib nemislar o‘tadi» deb javob beribdi. Keyin unga «Hoy, sen jinnimisan?! Urush tugaganiga o‘n besh yil bo‘ldi!» deb yaxshilab tushuntirishibdi... Shuning singari...

Shuning singari bugungi yangi zamonni his qilmayotgan odamlarni ko‘rsam «Haligacha poyezd portlatib yuribsanmi?» degim keladi!

Shuning singari hamma internet o‘qib, telefon o‘qib, hech kim gazeta o‘qimay qo‘ygan bir vaqtda gazeta chiqarayotgan hamkasbimni ko‘rsam «Haligacha poyezd portlatib yuribsanmi?» degim keladi! Bu gapni o‘zimga ham aytgim keladi – chunki haligacha gazeta chiqarib kelayapman!

Shuning singari bu gapni hamkasbim – O‘.Q.ga ham aytgim keladi. Bundan bir necha yil avval Karimov davrida Quddus A’zam dilbuzarda internetni yomonlab chiqqan edi. U shuni ko‘rib qolib, haligacha internetdan cho‘chiydi. Shunday qo‘rqadiki, hatto «e-mayl» ochmagan. Bilmasdan uning she’rini internetga joylaganimda shunday to‘polon ko‘tarib men bilan yoqalashganki, ustimdan shikoyat qilib, melisaga bervorishiga sal qolgan. Vaholanki, bo‘lib ham jurnalist-a! Ha, unga ham «Haligacha poyezd portlatib yuribsanmi?» degim keladi!

Shuning singari mamlakatga investitsiya olib kirishga harakat qilgan tadbirkorni tushunmay unga to‘siq bo‘layotgan idora vakillarini ko‘rsam «Haligacha poyezd portlatib yuribsanmi?» degim keladi!

Shuning singari to‘y o‘zbekni xarob qilishini, qarzga botirishini ko‘ra-bila turib, kuchanib to‘y qilayotganlarni ko‘rsam «Haligacha poyezd portlatib yuribsanmi?» degim keladi!

Aynan o‘sha to‘yiga pul yig‘ish uchun birovlarga bo‘yin egib qul, gasterbayter bo‘lib yurganlarni ko‘rsam «Haligacha poyezd portlatib yuribsanmi?» degim keladi! Vaholanki, bu millat o‘sha yurtga gasterbayter bo‘lib emas, turist bo‘lib boshini ko‘tarib borishini orzu qilaman!

Shuning singari taqdiri azaliyga, rizqqa, peshonaga yozilgan nasibaga iymon keltirmagan, ishonmagan to‘da-to‘da «musulmonlar» sitroga o‘xshagan ichimliklarning qopqog‘idan baxt izlaganini ko‘rsam «Haligacha poyezd portlatib yuribsanmi?» degim keladi!

Shuning singari... davom ettirishingiz mumkin, agar lozim topsangiz...

Shukur Jabbor

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring