Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Birinchi aprel: Hazil, kulgu va prank yoxud o‘yindan o‘t chiqmasin

Birinchi aprel: Hazil, kulgu va prank yoxud o‘yindan o‘t chiqmasin

foto: internet, ochiq manba

Birinchi aprel ko‘pchilik uchun kulgu va beozor hazil kuni hisoblanadi. Bu kunda qiziqchilar askiyalar aytishadi, odamlar bir-birini aldaydi va qiziqarli syurprizlar tayyorlashadi. Ammo yillar davomida birinchi aprel nafaqat oddiy hazillar, balki turli pranklar va xatti-harakatlar avj olishi kuniga aylangan.

Prank kuldirish maqsadida qilingan syurprizli ba’zan qo‘rqitish yoki ishonchni sinaydigan yumor shakli hisoblanadi. Pranklar oddiy hazildan farqli ravishda insoniyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunga YouTube, TikTokdagi virusli videolar ofis va maktablardagi syurprizlarni misol qilish mumkin.

Ushbu kun munosabati bilan tarixda va so‘nggi vaqtlarda esda qolarli voqealar, ba’zida badali og‘ir fojealar ham sodir bo‘lgan.

Zararsiz hiyla-nayranglar...

1957-yil BBC telekanali Shveysariyada «makaron hosili» nihoyatda mo‘l bo‘lgani haqida lavha namoyish etdi. Kadrda dehqonlar daraxtlardan spagettilarni terib olayotgani ko‘rsatilgan. Natijada yuzlab odamlar telekanalga qo‘ng‘iroq qilib, «makaron ko‘chati»ni qayerdan sotib olish mumkinligi bilan qiziqishgan.

1962-yil Shvetsiya telekanali yangi texnologiya chiqqanini e’lon qildi: agar oq-qora televizor ekraniga neylon paypoq  kiygizilsa, tasvir rangli bo‘lib ko‘rinarmish. Minglab shvedlar uylarida ekranga paypoq kiygizib, turli burchaklardan qarashga uringan. Aslida esa rangli televideniye Shvetsiyada faqat 1970 yilga kelib paydo bo‘lgan.

1976-yil britaniyalik astronom Patrik Mur radio orqali Pluton va Yupiterning joylashuvi tufayli Yerning tortishish kuchi vaqtincha kamayishini aytdi. Agar belgilangan vaqtda sakralsa, odam o‘zini parvoz qilayotgandek his qilarmish. Eng qizig‘i, radioga yuzlab odamlar qo‘ng‘iroq qilib, haqiqatan ham havoda uchishganini, hatto uyidagi mebellar ham ko‘tarilganini aytib maqtanishgan.

1998-yil «Burger King» tarmog‘i chapaqaylar uchun maxsus «Vopper» chiqarganini e’lon qildi. Uning ichidagi barcha masalliqlar 180 gradusga aylantirilgan emish. Ertasi kuni minglab odamlar restoranlarga kelib, aynan «chapaqaylar uchun burger» buyurtma berishgan, o‘ng qo‘l bilan ovqatlanuvchilar esa o‘zlariga tegishli o‘ng qo‘l bilan yeyiladigan burgerni talab qilishgan.

1988-yil «Izvestiya» gazetasi Diyego Maradona Moskvaning «Spartak» klubiga o‘tishga rozi bo‘lgani haqida yozdi. Bu xabar shunchalik ishonarli chiqdiki, hatto dunyoning eng yirik agentliklaridan biri Associated Press ham buni jiddiy yangilik sifatida butun dunyoga tarqatib yubordi.

1992-yilda Richard Nikson qaytadan AQSh prezidentiga nomzodligini e’lon qildi. Ko‘plar uning haqiqatan ham nomzodi qayta g‘olib bo‘ladi, deb ishondi. Jurnalistlar va siyosiy tahlilchilar bu e’lon haqida muhokamalar olib bordi. Haqiqiy hayotiy ta’sir kam bo‘lsa ham ba’zi aholi noto‘g‘ri ma’lumotga ishonib siyosiy munosabatlarini qayta ko‘rib chiqdi.

Bu misollar kulgili va zararsiz bo‘lsa-da, ular odamlar hayotida vaqtinchalik shok va o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan.

Fojiali va tahlikali oqibatlarga olib kelgan hazillar...

1708-yilda «Gulliverning sayohati» kitobining muallifi Jonatan Svift Isaak Bikerstaff ismli munajjimga aylanib aprel hazilini uyushtirdi: Partrij nomli mashhur munajjimning vafot etishi haqida anonim xabar tarqatgan. Partrij tirik edi, lekin odamlar xabarga ishongan va hatto dafn marosimi ham o‘tkazilgan. Munajjim o‘zining tirikligini isbotlashga ancha urinishiga to‘g‘ri keldi. U umrining oxirigacha xabar tarqatgan Issak Bikerstaffning Svift ekanini, haqiqiy shaxsini bilmadi.

1896-yil 1-aprelda Tennessi shtatida yangi turmush qurgan yigit xotini bilan hazillashmoqchi bo‘ldi. Bu tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada fojiali tarzda teskari natija berdi.

Fermer Jon Axrens eski kiyimlarini kiyib, qo‘rqinchli oq niqob taqib, eshikni taqillatadi va «Men uysizman, ichkariga kirmoqchiman, eshikni oching!», deydi. Ayol bu dag‘dag‘adan qo‘rqib hushidan ketdi va keyinchalik kasalxonada vafot etdi. Shifokorlar buni qo‘rquv bilan bog‘lashdi.

Nyu-Yorklik bojxona xodimi H.Braun taniqli va badavlat shaxs edi. 1875 yil aprel oyining birinchi kunida bu odamning hayoti ostun-ustun bo‘lib ketdi.

O‘sha kuni Braun ishdan uyga qaytganida, o‘g‘li odatdagidek uyda yo‘qligini ko‘rdi. U o‘g‘lini ombordan topdi. 13 yoshli bola o‘lgan edi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, o‘smir do‘stlari va aka-ukalarini aldash uchun o‘zini osib qo‘ygandek ko‘rsatishga harakat qilgan. Shunday qilib, u tasodifan o‘zini o‘ldirishga muvaffaq bo‘lgan.

1886-yil aprel oyida Texaslik Tom Rojers mahalliy shifokorni kibridan tushirish uchun hazillashib jazolamoqchi bo‘ldi.  Shahardan uch mil narida joylashgan «shoshilinch chaqiruv»ga borish uchun shifokorga xabar qoldirib, uni kuta boshladi.

Vaqtini behuda sarflaganidan g‘azablangan va hazillarni yoqtirmaydigan shifokor «sayohati»dan g‘azablandi va Rojersning yuziga, boshiga, bo‘yniga bir necha bor pichoq bilan hujum qildi. Hazilkash Rojers vafot etdi, shifokor esa hibsga olindi.

1986-yil Fransiyaning «Le Parisien» gazetasi hukumat Eyfel minorasini Disneylendga ko‘chirishga, uning o‘rniga esa Olimpiada uchun stadion qurishga qaror qilganini yozib chiqdi. Bu xabar parijliklar o‘rtasida haqiqiy g‘alayon va noroziliklarga sabab bo‘ldi.

1980-yilgi 1-aprel kuni munosabati bilan Boston televideniyesi yangiliklar prodyusseri Homer Cilley Massachusets shtatining Milton shahridagi lava oqib chiqa boshlagani va alanga ichidagi tepalik haqida yolg‘on teleko‘rsatuv tayyorladi. Ko‘rsatuv oxirida bu shunchaki hazil ekanligini aytib o‘tilsada, yuzlab vahimaga tushgan fuqarolar huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qildilar. Cilley qoidalarni buzgani uchun darhol ishdan bo‘shatildi.

2001-yilda Angliyadagi bir boshlovchi 1 aprel kuni Sharqiy Sasseksdagi jarliklardan birida shubhali Titanikka o‘xshash kema ko‘rinishini efirga uzatish orqali tinglovchilariga hazil qilishga qaror qildi. Yuzlab tinglovchilar unga ishonishdi va jarlikka bir qarash uchun yig‘ilishdi. Afsuski, piyodalar harakati jarlik yuzasida katta yoriq hosil qildi. Bir necha kundan keyin u yer o‘pirilib dengizga quladi.

2002-yil 1-aprelda yana bir nechta amerikalik radioboshlovchilar mahalliy suv ta’minotida yuqori darajada digidrogen oksidi borligi aniqlanganini e’lon qilishdi. Yuzlab fuqarolar suv boshqarmasi va politsiyaga qo‘ng‘iroq qilishdi. DJlar, ya’ni radioboshlovchilar hukumat amaldorlari tomonidan tanqid ostiga olindi va «terrorizm»da ayblandi.

2003-yilgi 1aprel kuni AQShdagi kiyim-kechak do‘koni xodimi xo‘jayiniga qo‘ng‘iroq qilib, kimdir do‘konga qurol bilan kirib talon-taroj qilayotganini aytdi. U xo‘jayiniga qo‘ng‘iroq qilib, hazilini tan olishga ulgurmasdan, do‘konga to‘rtta patrul mashinasi yetib keldi. Xodim vahima qo‘zg‘atgani uchun hibsga olindi.

2010-yil Iordaniyadagi gazetalarning biriga Joffr shahri yaqiniga NUJ qo‘nganligi haqida maqola chop etdi. Shahar meri 13 000 kishini evakuatsiya qilish bo‘yicha choralar ko‘rdi. Sud jarayoniga duch kelgan gazeta xodimlari «biz odamlarni qo‘rqitish emas, balki ko‘ngil ochishni maqsad qilgan edik» deb omma oldida uzr so‘rashdi.

2015-yil Fudan universiteti aspiranti Lin Senxao do‘sti Xuangni zaharlashga harakat qildi, bu hazil yosh yigitning o‘limiga sabab bo‘ldi va keyinchalik «hazilkash» qatl etildi. Lin Senxao bu aprel hazili uchun qilingan hiyla-nayrang ekanligini qat’iy ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u uning do‘stlari o‘ziga qarshi 1aprel hazillarini rejalashtirayotgani haqida xabar topgan va ulardan oldin bu ishni qilishni xohlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u do‘stining oshqozonini shunchaki biroz og‘ritmoqchi bo‘lgan...

Ushbu voqealar orqali birinchi apreldagi hazil va pranklar jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rish mumkin. Shuning uchun bu kunda rejalashtirilgan har qanday hiyla-nayrang boshqalarning hayoti va salomatligiga zarar keltirmasligi haqida puxta o‘ylab olish lozim. Ya’ni o‘yindan o‘t chiqmasin.

Zero, yolg‘on, hazil va prank orqali kuldirish oson, ishonchni tiklash esa qiyin.  

Barno Sultonova tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring