Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ilyos Zeytullayev: «Yoshimni kichraytirganimni tan olishdan qo‘rqmayman»

Ilyos Zeytullayev: «Yoshimni kichraytirganimni tan olishdan qo‘rqmayman»

Ilyos Zeytullayev oilasi bilan.

Foto: «Sports.ru»

«Sports.ru» nashri Yevropaning «kuchli beshlik» chempionatida to‘p surgan hozircha yagona o‘zbekistonlik futbolchi Ilyos Zeytullayev bilan suhbat uyushtirdi. Suhbat davomida sobiq futbolchi o‘zi birga ishlagan yulduzlar, murabbiylar va boshqa qiziqarli voqealarni so‘zlab berdi.

...2001-yilda Ilyos Zeytullayev Moskvadan to‘g‘ri Turinga yo‘l oldi. Noyabr oyida Marchello Lippi uni Italiya kubogining ikki o‘yinida «Yuventus» tarkibida maydonga tushirdi: avvaliga — Del Pero, keyin — Edgar Davidsning o‘rniga. «Yuventus»dagi uch yillik faoliyatdan so‘ng yana yettita italyan klubida Marko Verratti, Gratsiano Pelle, Marko Borrello kabi keyinchalik mashhur bo‘lgan futbolchilar bilan bir jamoada to‘p surdi.

— «Kupello»ga qanday kelib qoldingiz?
— Abrutssodagi «Peskara» va «Lanchano» klublari tarkibida besh yil to‘p surdim. Shu yerda xotinim bilan tanishganimdan so‘ng Vastoda qo‘nim topdik. «B» toifasidagi murabbiylik litsenziyasini olgach, Kupello shaharchasidagi kichik futbol maktabiga chaqirishdi. To‘rt yildirki shu yerda ishlayapman. Otam ham murabbiy edi, menga ham bu kasb yoqadi.

— «Peskara» va «Lanchano» prezidentlari ayollar edi. Ular bilan ishlash qiyin bo‘lmadimi?
— «Peskara»ni rahbari Debora Kaldora atigi 4-5 oy ishladi. U futbolga aloqador shaxs emas edi. Shuning uchun ham tezda ishdan bo‘shadi.
«Lanchano» klubi uning prezidenti Valentina Mayalar oilasiga qarashli. U ko‘proq marketing bilan shug‘ullanar, tez-tez o‘yindan keyin kiyinish xonasiga kirib turardi. Ba’zida bu kulguli tuyulardi. Sababi futbolchilar orasida uning turmush o‘rtog‘i Manuel Turki ham bor edi. Lekin aynan Valentina boshqaruvida «Lanchano» o‘z tarixida birinchi marta «V» seriyaga yo‘l oldi.

Futbolchi 2003 yilda yoshlarning nufuzli turniri — Viarejoda g‘olib bo‘lgan
Foto: «Sports.ru»

— Otangiz qanday yordam bergan?
— Birinchidan, men suzish, karate yoki dzyudo bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lsam, hech qachon qarshilik qilmagan. U yaxshi futbolchi har jihatdan rivojlanishi kerakligini tushunardi. Xorijda ham shunday: bolalar haftada bir-ikki marta boshqa sport turi bilan shug‘ullanishadi.

Ikkinchidan, otam menga hech qachon bosim o‘tkazmagan. Shunday otalarni ko‘rayapman: futbolchilarning ko‘p maosh olishini o‘ylab, bolalarini yaxshiroq o‘ynashga majburlashadi va ruhiy ta’sir o‘tkazishadi. Natijada, bosimga chiday olmagan bola futbolni tashlab ketadi. Otam mening birinchi ustozim. U Toshkent viloyatidagi Angren shahrida bolalar sport maktabida murabbiy edi. O‘n uch yoshimda Toshkentdagi Respublika olimpiya zaxiralari kollejiga, keyin Moskavadagi «Akademika»ga kelganman.

— Toshkentdan Moskvaga kelganingizda o‘zingizni qanday his qilgansiz?
— Yarim yilda bir marta uyga borar edim. Murabbiy Konstantin Sarsaniya yaxshi sharoitlar yaratib bergach, hammasi iziga tushib ketdi. Fransiyaga ikki marta turnirlarda qatnashish uchun borganmiz. «Bavariya», «Marsel», «Nant», «Inter» kabi raqiblar bilan uchrashib, turnirlardan birida g‘olib bo‘ldik, ikkinchisida finalda yutqazib qo‘ygandik.

«Zidan yoki Pessotto bilan suratga tushayotganimizda ustimizdan kulishardi va bizni umrida yulduz ko‘rmagan yovvoyi deb o‘ylashardi»
Foto: «Sports.ru»

— «Yuventus»ga qanday kelgansiz?
— Qiziq bo‘lgan. Men «Bordo» bilan shartnoma tuzishga tayyor turgandim. Fransuzlar o‘ylab ko‘rguncha, «Akademika» rahbarlari men, Viktor Budyanskiy va Sergey Kovalenkoni «Yuventus» yoshlar jamoasiga ko‘rikka yuborishgan. Jamoani hozirda «Atalanta»da ishlayotgan Jan Pero Gasperini boshqarar edi. Bizni aeroportda kutib olishdi va Luidji Ferraris ko‘chasidagi ofisga olib borishdi. O‘sha yerda shartnomaga imzo chekdik. Keyingi kuni esa, stadionda forma berishdi. Bir oy davomida bizni obdon o‘rganishdi. 2001 yilning yozida sharnoma tuzdik va Turinda qoldik.

— Qayerga joylashdingiz?
— Mehmonxonaga. To‘lovini klub bo‘yniga olgan alohida nomerlarda yashab, mashg‘ulotlarga piyoda borardik. To‘g‘ri, o‘sha paytdagi sharoitlar hozirgidek emas edi. Ammo, Zidan va Del Perodek futbolchilarni har kuni ko‘rganimizda, hech qanday qiyinchilik haqida o‘ylamasdik. O‘shanda Zidanni butsasi yoki to‘pini ko‘tarib yurishga ham tayyor edim.

— «Yuve» yoshlari Moskvadan kelgan uch yigitni qanday qarshi olishdi?
— Boshida ovsarga qaragandek qarashdi. Zidan yoki Pessotto bilan suratga tushayotganimizda ustimizdan kulishardi va bizni umrida yulduz ko‘rmagan yovvoyi deb o‘ylashardi. Bu oddiy hol edi. Ular yulduzlarni har kuni ko‘rgan paytda, biz faqat plakatlarda ko‘rardik. Biz ular bilan tezda do‘stlashib ketdik. Gasperinining bolalar bilan ishlash tajribasi katta, u turli millat vakillarini birlashtirishga usta edi.

2003-yilda yoshlarning nufuzli turniri — Viarejoda g‘olib bo‘ldik. Tarkibimizda fransuz Abdulay Konko, urugvaylik Ruben Olivera, shveysariyalik Davide Kyumento, italiyalik Kassani, Gastaldello, Mirante kabi futbolchilar bor edi. Shunday futbolchilar ham bor ediki, ular keyinchalik hatto 3-ligada ham o‘ynashmadi. Bu normal holat ekan. Yaqinda murabbiylik kursida o‘qib qoldim: «A» seriyada o‘ynaydigan futbolchilarning 85 foizi kichik klublarda yetishib chiqar ekan.

— Gasperini bilan «Yuventus», «Krotone» va «Jenoa»da birga ishladingiz. U qanday murabbiy?
— Gasperini Italiya futbolidan 10 yilga o‘zib ketgan. U golland va ispan futbolidan oz-ozdan olib, to‘p bilan ishlashga ko‘p e’tibor beradi. Taktika bilan kam ishlaydi. Italiyaliklarning himoyalanish sifatini olib, hujumga o‘tish yo‘llarini qidiradi. U «Janglar san’ati» kitobini yaxshi ko‘radi va ko‘pincha undan iqtibos keltiradi: «Mag‘lub bo‘lishni xohlamasang, himoyalanishni o‘rgan. Yutishni xohlasang, hujum qilishni uddala!».

— «Yuve»ni asosiy tarkibi bilan qachon mashg‘ulot o‘tkazgansiz?
— Karlo Anchelotti davrida. Unda italyanchani bilmasdim. Bu esa, tushda yashayotgandek taassurotni yanada kuchaytirardi. Bir necha haftadan so‘ng Anchelotti o‘rniga Marchello Lippi kelgandi.

— «Yuventus» yulduzlari qanday munosabatda bo‘ldi?
— Kuz oylari edi. Sovuq, loy, kuchli yomg‘ir yog‘ardi. Budyanskiy bilan mashg‘ulotga ketayotganimizda yonimizga mashina to‘xtadi. Yon oyna tushirilib, Paolo Montero ko‘rindi: «Tezroq o‘tiringlar!». Qimmatbaho mashinaga loy poyabzal bilan kirishga qo‘rqib: «Yo‘q-yo‘q, o‘zimiz yetvolamiz», — dedik. — «Bolalar, yomg‘ir yog‘ayapti — o‘tiringlar mashinaga!». Buni biz — toshkentlik va belgorodlik yigitlarga «Yuve» bilan ko‘plab sovrinlar yutgan chempion aytardi. Men bu lahzani bir umr yodimda saqlab qolaman.

— Yana kim sizni hayron qoldirgan?
— Budyanskiy bilan asosiy tarkib mashg‘ulotlariga borganimizda, Del Pero bizni yoniga chaqirardi. U Budyanskiyga jarima to‘pini tepish sirlarini o‘rgatardi. Menga esa: «O‘yinni o‘zingga olishdan qo‘rqma. Xotirjam bo‘l. Agar xato qilsang — bu normal holat, xatolar orqali o‘sasan», — derdi.

Foto: «Sports.ru»

«Sampdoriya»ga qarshi kubok o‘yinida maydonga aynan Del Peroning o‘rniga tushganman. Zaxira o‘rindig‘ida asosiy tarkibning tajribali futbolchilari bor edi. Lippi chaqirganida, u meni maydonga tushirishini xohlayotganini tasavvur ham qilolmasdim. O‘sha paytdagi xursandchiligimni so‘z bilan ta’riflab berolmayman. Bir necha daqiqaga bo‘lsa-da, Toshkentdagi uyimning eshigida 2 yil osig‘liq turgan posterdagi jamoa tarkibida maydonga tushayotgan edim.

— «Sampdoriya»ga qarshi o‘yindan keyin Lippi nimadir dedimi?
— «Delle Alpi»dagi javob o‘yinida, u meni Edgar Davids o‘rniga 25 daqiqaga maydonga tushirdi. Keyin nimada xato qilganimni tushuntirdi.

— Edgar Davids nimasi bilan yodda qolgan?
— Italiya kubogi doirasida Bergamoga borgandik. Havo sovuq. Biz o‘yindan oldin maydonda turgandik. Shunda u menga yaqinlashib, italyan tilida: «Sovqotmayapsanmi, sen russanku?», — dedi. U har doim jiddiy edi. Hech kulmasdi. O‘yindan oldin doim musiqa eshitardi. Quloqchinlarini faqat murabbiy gapirayotgandagina olardi.

— Antonio Konte nimasi bilan qoyil qoldirgan?
— U o‘ttizdan oshgan edi. Mashg‘ulotlarga ko‘p vaqt ajratardi. Hammadan oldin kelib, keyin ketardi. Ko‘p vaqt tanasiga ishlov berardi. Shuning uchun ham faoliyatini o‘ttiz besh yoshlargacha davom ettirdi.

— Buffon bilan deyarli bir vaqtda kelgansiz...
— U mashg‘ulotlardan so‘ng soatlab vaqtini Trezege va Del Peroning zarbalarini qaytarishga sarflar edi. Shunchaki qo‘lini ikki tomonga yoyib, butun darvozani egallab qo‘yardi. Bu 2001 yilda, xali u yosh yulduzchaligida ro‘y bergan. Yillar o‘tgan sayin, u faqat yuqoriga o‘sdi.

— Bir necha yil oldin «orzu jamoa»ngizga Kamoranezi va Pessottoni ham qo‘shgansiz. Nega aynan ular?
— Kamoranezi «Verona»dan kelganida «Yuve» muxlislari uni tanqid qilishardi. Mashg‘ulotlarda u xuddi Chempionlar ligasiga tayyorgarlik ko‘rganday shug‘ullanardi. Natijada u jahon chempioni degan nomga sazovor bo‘ldi. Mashg‘ulotlarda Pavel Nedved ham qoyil qoldirar edi. Uni «Latsio»dan katta pul evaziga sotib olishdi. Ammo, uning jamoaga moslashishi ancha cho‘zilib ketdi. Uni ham tanqid qila boshlashdi. Lippi oxirigacha unga ishondi. Nihoyat 10-15 turdan keyin u o‘ziga keldi. Har payshanba yoshlar tarkibi asosiy futbolchilar bilan o‘ynar edik. O‘sha o‘yinlarda ham Nedved bor kuchi bilan harakat qilardi.

— Janluka Pessotto?
— Undan oddiylik va kamtarlikni o‘rgandim. Jarohatidan so‘ng bir necha marta yoshlar jamoasida biz bilan o‘ynadi. Agar uni kimdir tanishtirmaganida, men uni 32 yoshli chempionlar ligasi g‘olibi Pessotto ekanligini bilmasdim.

— Klub ofisi derazasidan yiqilganini qanday bilgandingiz?
— O‘sha kuni men Toshkentda edim. Internetdan o‘qidim. 2006-yil Pessotto uchun qiyin kechgan. Korrupsion mojaro tufayli «Yuventusa»ning chempionlik unvoni olib qo‘yildi. Balki uning oilasi bilan ham nimadir bo‘lgandir. Onam ham televizor orqali ko‘rib, juda xafa bo‘lgan. Yaxshiyamki u tirik qoldi.
— Luchano Modji bilan birinchi uchrashuvni eslaysizmi?
— Asosiy jamoa bilan shug‘ullanishni orzu qilib yurganimda uni uzoqdan ko‘rardim. Ikki-uch yildan so‘ng Budyanskiy ikkimizni Rossiyaga chaqira boshlashdi. Modji esa, klubda qolishimizni maslahat berdi. Ammo, men unga amal qilmay, katta xatoga qo‘l urdim. «Lokomotiv», «Spartak» va Kiyevning «Dinamo»siga bordik. Ular bizni «Yuventus»ga tegishli ekanligimizni bilgach, sotib olishni xohlashmadi.

— Bu «Yuventus» rahbarlariga yoqmagandir?
— Albatta. «Yuventus» obro‘li jamoa. Klubda insoniylik munosabatlari juda qadrlanadi. U yerda nafaqat sening futbolchilik mahorating, balki axloqiy sifatlaringga ham e’tibor berishadi. Shuning uchun ham «Yuventus»da Mario Balotelliga o‘xshash futbolchilar yo‘q. U yerda xatoni bir-ikki marta kechirishadi. Keyin esa munosabatni uzib qo‘yishadi, xolos. Budyanskiy ikkimiz bilan ham shunday bo‘ldi. Klub bizni «Redjina»ga sotib yubordi.

— U yerda Valter Matssariga duch keldingiz...
— U zo‘r motivator. Futbolchilarni shunday ruhlantiradiki, ular uning uchun o‘ynab berishadi. Bu 2006/07 yillardagi mavsumda ro‘y bergan. O‘shanda «Redjina» —15 ochko bilan mavsumni boshlab, «A» seriyada o‘z o‘rnini saqlab qolgandi. Redjo-di-Kalabriya — bu Italiyaning janubi. Bu yerni shimol bilan taqqoslash qiyin. «Redjina»dagi muhit ham ancha do‘stona edi. Prezident Lillo Foti istalgan vaqtda futbolchilar bilan gaplashishi yoki kiyinish xonasiga og‘zidagi sigarasi bilan kirib, ularga dalda berishi oddiy hol edi. «Redjina»ga kelganimda, klubning asosiy yulduz futbolchisi Shunsuke Nakamura edi. U yaponiyalik jurnalistlar, muxlislar va homiylarni o‘zi bilan ergashtirib kelgandi.

— «Redjina»dagi birinchi o‘yin Turinda «Yuventus»ga qarshi kechganmidi?
— Ha, ikkinchi taymda Marko Borrello o‘rniga tushdim. U «Milan»dan kelgan bo‘lajak yulduz edi. O‘zini yaxshi ko‘radigan xudbin bola edi. U doim diqqat markazida bo‘lishni xohlardi. Bir kuni mashg‘ulotda u bilan tortishib ham qolganmiz. Men to‘p uchun kurashdim, u qolganlardan o‘zini ustun qo‘ydi. To‘qnashuvdan keyin Matssari mashg‘ulotni to‘xtatdi va bunday holat boshqa takrorlanmasligini tayinladi. Keyinchalik Borrello bilan munosabatimiz ancha yaxshilandi. Hatto yig‘inlarda bitta xonaga joylashar edik.

Foto: «Sports.ru»

— «Redjina»da bir yilgina o‘ynadingiz...
— Operatsiya qildirgach, bir necha oyni o‘tkazib yubordim va Jan Pero Gasperini meni «Krotone»ga taklif qildi. «Krotone»da tiklanib olgach, Italiyadagi ilk golimni kiritdim. U yerda Gratsiano Pelle bilan o‘ynadim. Gratsiano bo‘yi baland, texnikasi yuqori futbolchi.

— Gasperini sizni «Jenoa»ga olib ketdi. Lekin siz u yerdan yarim yilda ketib qoldingiz. Nimadir bo‘lganmidi?
— «Jenoa»dagi birinchi mashg‘ulotimdayoq jiddiy jarohat oldim. Ikki kundan keyin «Fiorentina»ga qarshi kubok o‘yini bor edi. Murabbiyni jahlini chiqarmaslik uchun jarohat olganimni yashirdim. Judayam o‘ynagim kelgandi. Lekin o‘yinoldi mashg‘ulotida kuchli og‘riqdan qimirlay olmadim. Men ikki oyni o‘tkazib yubordim. Qaytib kelganimda jamoa turnir jadvalida birinchi o‘rinda, tarkib shakllanib bo‘lgan edi. Faqatgina zaxiradan maydonga tushardim. Qishda esa, yana bir necha futbolchi (masalan, Marko Di Vayo) qo‘shildi. «Jenoa»da qolishda mantiq qolmadi.

— «Jenoa» xo‘jayini Enriko Pretsiozi dunyodagi eng katta o‘yinchoq ishlab chiqaruvchilardan biri. Jamoada bu haqda gap bo‘larmidi?
— Bayramlardan oldin u futbolchilarga o‘zining do‘konlaridan o‘yinchoq sotib olish uchun 1000—1500 yevrolik kuponlar taqdim qilardi.

— «Vichensa»dagi olti oy nimasi bilan yodda qolgan?
— Paragvaylik hujumchi Xulio Gonsales. U barchamizga namuna bo‘lgandi. «Vichensa»ning eng yaxshi to‘purari edi. Uni «Roma»ga taklif qilishdi. Lekin avtohalokatga uchrab, bir qo‘lidan ajraldi. Jarohatdan qutilgach, shifokorlarning ruxsatidan so‘ng biz bilan mashg‘ulotlarda qatnasha boshladi. Men «Vichensa»da ko‘p o‘ynganim yo‘q. Mening joyimda murabbiy Greguchchi keyinchalik «Yuve»ga o‘tib ketgan Simone Padoinni ko‘rardi.

— Keyingi mavsumda uchinchi ligadagi «Verona»da o‘ynadingiz...
— Ha, jamoa muxlislari bir yil oldin quyi ligaga tushib ketgan jamoaning natijalaridan darg‘azab edilar. Politsiya futbolchilarni doimiy ravishda himoya qilib yurardi. Hatto, Mauritsio Sarridek murabbiy ham vaziyatni o‘nglay olmagan.

— «Verona» shu yili quyi ligaga tushib ketmadi...
— Ikkinchi murabbiy Davide Pellegrininig sharofati bilan. U bizni yig‘ib: «Yigitlar, agar quyi ligaga tushib ketsak, bizni shaharga kirgizishmaydi», — dedi. «Pro Patriya»ga qarshi hal qiluvchi o‘yinning oxirgi daqiqalarida men gol urdim va biz ligada qoldik. Qachon Veronaga borsam, menga ana shu golni eslatishadi...

Foto: «Sports.ru»

— «Peskara»da Marko Verrattini uchratdingiz. 2008-yilda u qanaqa o‘yinchi edi?
— Uni asosiy jamoaga olishganida, endigina o‘n besh yoshda edi. Birinchi yig‘indayoq to‘p bilan qanday o‘ynashini va qanday qilib aldashni ko‘rsatib qo‘ydi. Sheriklari undan to‘pni oshirishni so‘rab baqirishganida, u bolalarcha kulib qo‘yardi. Bizning baqirishlarimiz unga ta’sir qilmasdi, u o‘z uslubida davom etardi. Nihoyat, «Peskara»da jarohat olmadim, ko‘p o‘yinlarda qatnashdim va 8 ta to‘p kiritdim.

— Bo‘lajak xotiningiz haqida...
— U futbolga qiziqmaydi. Afrika va Hindistonda xayriya ishlari bilan shug‘ullanib, bolalarni davolaydi. Dunyoqarashlarimiz o‘xshash. O‘g‘limiz bor. Hozir yana farzand kutyapmiz. Men xotinimni Toshkentga olib bordim, unga shahar juda yoqdi.

— Bir necha yillar oldin sizning yoshingiz aslida kattaroq, 1984-yilda tug‘ilganligingiz haqida gap chiqqandi...
— Ha, tug‘ilgan yilim o‘zgartirilib, jiddiy xatolikka yo‘l qo‘yganmiz. U paytda men 7-8 yoshli bola bo‘lganman. Nima uchun bunday qilishganini tushunib yetmaganman. Endi yosh futbolchilar bunday xatolikni takrorlamasliklari uchun ham aytaman. Kichraytirilgan yoshlar sobiq ittifoq hududidagi davlatlar futboli uchun katta yo‘qotish. Sen har doim o‘zingdan bir necha yosh kichik bolalar bilan o‘ynaysan va hech qachon rivojlanmaysan. Sen qandaydir yoshlar turnirini yutishing mumkin, lekin hech qachon yaxshi futbolchi bo‘lib yetishmaysan. Yolg‘on bilan uzoq muddat omadga erishish mumkin emas.

— Nechchi yoshga o‘zgartirgansiz?
— Ikki yoshga. Men buni tan olishdan qo‘rqmayman. Odamlar: «Nega buni aytding, aqldan ozdingmi?», — deyishlari mumkin. Biroq men o‘zimni misolimda futbolimizni yaxshi tomonga o‘zgartirmoqchiman. Men haqimda odamlar nima deyishi muhim emas. Menga farzandim katta bo‘lgach, otasining nomiga dog‘ tushmagan bo‘lishi muhimroq.

Abdumajid AHMEDOV tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring