Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ish o‘rinlarini nogironligi bo‘lganlarga moslashtirgan ish beruvchilarga subsidiya beriladi

Ish o‘rinlarini nogironligi bo‘lganlarga moslashtirgan ish beruvchilarga subsidiya beriladi

Adliya vazirligi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya va ssudalar ajratish tartibini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Yangi hujjatga ko‘ra, ish beruvchilarga bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash beriladi.

Jumladan, bandlik bo‘limi yo‘llanmasi bilan ishga qabul qilingan xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish xarajatlari uchun har bir xodimga 6 oy davomida har oy BHMning 4 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini belgilangan me’yordan ortiq ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir xodim uchun 12 oy mobaynida har oy BHMning 2 baravari miqdorida mablag‘ berilishi belgilandi.

Hujjatga muvofiq, ish o‘rinlari va mehnat sharoitlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirgan ish beruvchilar har bir ish joyi uchun BHMning 40 baravarigacha subsidiya oladi.

Shuningdek, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga ham qo‘shimcha rag‘bat belgilandi. Agar mazkur shaxs 3 oydan ortiq ishlasa, ish beruvchiga bir martalik BHMning 3 baravari miqdorida mablag‘ ajratiladi.

2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-yanvargacha o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalari uchun xalqaro va milliy sertifikatlar olish xarajatlarining 50 foizi, biroq BHMning 20 baravarigacha qoplab beriladi.

Qarorda nogironligi bo‘lgan shaxslarni tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha ham yangi mexanizm nazarda tutilgan. Ularga jihoz, asbob-uskuna va mehnat qurollari xarid qilish, internetga ulanish hamda biznes boshlash yoki kengaytirish uchun foizsiz ssuda beriladi.

Ssuda 3 yilgacha muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan BHMning 75 baravarigacha miqdorda ajratiladi. Bu orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning mustaqil daromad topishi va mehnat bozorida faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.

Talabgorlar subsidiya va ssudalarni olish uchun «my.gov.uz», «Yagona milliy mehnat tizimi» hamda «Online mahalla» elektron platformalari orqali murojaat qilishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring