«Ishga kirituvchi» boshliq va «bog‘cha ochib beruvchi» bosh mutaxassis pora bilan qo‘lga tushdi

Qashqadaryo va Farg‘onada korrupsion holatlar aniqlandi, deb xabar berdi DXX.
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i 2 nafar fuqaroning joriy yil iyul oyida FVV Shahrisabz va Chiroqchi tumanlari bo‘limlari kasbiylashtirilgan yong‘in-qutqaruv qismlariga haydovchi vazifasiga ishga qabul qilinganliklaridan foydalanib, go‘yoki ularning ishga kirishlarida ko‘maklashganini ro‘kach qilib, 6 ming AQSh dollari talab qilgan.
DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor Shahrisabz tuman FVB ma’muriy binosida so‘ralgan puldan 3,5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shunday qonunbuzarlik Farg‘ona viloyatida ham aniqlandi. Marg‘ilon shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bosh mutaxassisi fuqaroga davlat xususiy sherikchilik asosida bog‘cha ochishi uchun vazirlikda ishlovchi tanishlari orqali ruxsatnoma olib berishni va’da qilib, evaziga xizmat xonasida 2 ming AQSh dollarini olgan vaqtida DXX va IJQKD xodimlari tomonidan ushlangan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter