Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

Ishlarimiz «jahon standarti»ga to‘g‘ri keladimi?

Ishlarimiz «jahon standarti»ga to‘g‘ri keladimi?

Foto: nor.uz

«Jahon standarti», bu jumlani kamida yigirma yildan beri eshitaman. Ayniqsa televizordan. O‘zi bu jumlani ko‘cha-ko‘yda eshitmaysiz. Asosan televizorda aytishadi, gazetalarda ko‘p yozishadi.

«Jahon standartlariga mos keladigan qilib qurdik», «Jahon standartiga to‘liq javob beradigan qilib ta’mirladik» va xokazo gaplarni eshitaverib, me’damizga ham urib ketdi.

Ko‘chani asfalt qilishsa ham shu jumlani ishlatishadi, namunali uy qurishsa ham shu jumla, hatto molxona qurishsa ham intervyu olgani borgan muxbir kamerani o‘nglab mikrafonni tutsa shu jumlani albatta gapirishadi. Ammo...

«Jahon standarti»ning o‘zi nima? U qanday bo‘ladi? O‘sha «ushbu yo‘lni jahon standartiga mos ravishda ta’mirladik» yoki «ushbu uyni jahon standartiga to‘liq javob beradigan qilib qurdik» deydiganlar o‘zi jahon standarti qanaqa ekanligini bilisharmikan?

Jahonda rivojlanish uch tabaqaga bo‘linadi:

  1. Rivojlangan davlatlar.
  2. Rivojlanayotgan davlatlar.
  3. Rivojlanish darajasi past bo‘lgan davlatlar. Bugungi kunda umumiy oladigan bo‘lsak, ana shu uch tabaqaning o‘z standartlari bor. Qashshoq davlatlar ming chiranmasin bir ishni rivojlangan davlatlardagiday qilib qo‘ya olmaydi. Ular o‘z ishlarini ikkinchi tabaqadagi rivojlanayotgan davlatlardagiday qilib qo‘ysa ham do‘ppisini osmonga otaversin.

Biz umumiy olganda «rivojlanayotgan davlatlar» ro‘yxatining oxirrog‘ida yuramiz.

Aslida ko‘pgina sohalar bo‘yicha qoloqlar bilan tengmiz. Ammo bizda  tibbiyot va savodxonlik aholining hamma qatlamini 100 foiz qamrab olgani uchun ham qoloq davlatlar sirasiga kirmaymiz. Ammo kategoriyasi o‘zimiz bilan bir bo‘lgan ko‘pgina rivojlanayotgan mamlakatlar bilan ham ko‘p sohalarda raqobat qila olmaymiz.

Shu yerda savol tug‘iladi: yo‘l qurib, ta’mirlab yoki namunali uy qurib qo‘yganlar qaysi mezonga asoslanib o‘z ishlarini «jahon standartiga mos keladi» deb maqtayapti? Qilib ketgan asfalt yo‘llari ikki yilga yetmay o‘yilib, unda chuqurlar paydo bo‘la boshlashini inobatga olsak, o‘sha yo‘l rivojlangan davlatlar stardarti uyoqda tursin, hatto rivojlanayotgan davlatlar standartiga ham to‘g‘ri kelmaydi.

Yoki qurayotgan namunali uylarining bir-ikki yildayoq bo‘yoqlari ko‘chib, devorlariga yoriq tusha boshlashini inobatga olsak, ular ham rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar standartiga mutlaqo javob bermaydi.

Shunday ekan, bizning «falon narsani jahon standartiga to‘liq javob beradigan qilib qurdik» deb maqtanishga haqqimiz bormi? Oldin shu haqda bir o‘ylab ko‘raylik.

Bo‘ladigan gap shu: yo jahon standartiga mos ishlash kerak, yo «jahon standartiga mos» deb maqtanishni yig‘ishtirish kerak.

P.S. Albatta, qurilayotgan ob’yektlarning hammasini ham sifatsiz deb bo‘lmaydi. Ishini pishiq-puxta qilib bajarib qo‘yganlar ko‘p. Yoki ta’mirlanayotgan yo‘llarning hammasi ham sifatsiz emas, sifatli qilib ta’mirlanayotganlari bor. Yuqoridagi mulohazalarimiz guruchdagi kurmaklar haqidadir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring