Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ispaniyadan Trampga qarshi keskin qadam

Ispaniyadan Trampga qarshi keskin qadam

Foto: AP

Ispaniyaning Barselona shahrida AQSh prezidenti Donald Trampning MAGA siyosatiga muxolif bo‘lgan prezident va bosh vazirlar yig‘ilishdi. «Jahon taraqqiyparvar kuchlarini safarbar etish» deb atalgan xalqaro mashvaratga AQShning agressiv siyosatini ochiq tanqid qilib kelayotgan siyosatchi — Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches mezbonlik qildi.

Ispaniya bosh vaziri Trampning nomini tilga olmagan holda uning nafrat, urush va parokandalikka olib kelayotgan siyosatini keskin qoraladi.

«Ular har qancha baland ovozda baqirmasin, har qancha yolg‘on tarqatmasin, mutaassib o‘nglar davri xotima topmoqda», — dedi Pedro Sanches.

Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva ham bu bayonotni qo‘llab-quvvatlab, «o‘zini vatanparvar atagan holda suverenitetni sotuvga qo‘yayotganlar»ni tanqid qildi.

Braziliya rahbari ham AQSh yetakchisiga ochiq-oshkora qarshi chiqayotgan siyosatchilardan biridir. Jumladan, u Ispaniyaning El País gazetasiga 16-aprel kuni bergan intervyusida Oq uy rahbari ertalab qanday kayfiyatda uyg‘onishidan qat’i nazar, boshqa davlatlarga tahdid qilishga haqli emasligini ta’kidlagan edi. O‘z navbatida, Tramp o‘z do‘sti, sobiq prezident Jair Bolsonaruning hibsga olingani sababli Braziliyaga katta miqdorda boj solish bilan po‘pisa qilgan.

Barselonadagi tadbirda JAR prezidenti Siril Ramafosa, Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro va Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum ham qatnashdi. Har uchala davlat rahbari Tramp bilan tariflar va migratsiya masalasida ixtilofga borgani ma’lum. Oq uy ma’muriyati JARni oqtanlilar huquqlarini buzishda ham ayblab kelmoqda.

Tadbirda Germaniya vitse-kansleri Lars Klingbayl va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lammi ham ishtirok etdi. Mashvaratda qatnashishi ko‘zda tutilgan Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta so‘nggi lahzalarda tashrifini bekor qildi. Ehtimol, siyosiy tadbir Trampga qarshi ruhda ekani bois Antoniu Koshta ehtiyotkorlik vajidan unda qatnashmaslikni ma’qul ko‘rgan.

Ispaniya bosh vaziri xalqaro anjumandagi chiqishida taraqqiyparvar kuchlarni yagona bayroq ostida birlashtirish muhimligini ta’kidlagan.

Siyosiy yetakchilarning birortasi Donald Tramp nomini tilga olmagan bo‘lsa-da, muhokamalar jarayonida aynan Tramp olib borayotgan urush va tarif siyosati keskin tanqid qilindi.

Barselonadagi anjumanda Minnesota shtati gubernatori Tim Uolz ham qatnashdi. 2024-yilgi saylovda Kamala Harris bilan birgalikda Trampga qarshi kurashgan Tim Uolz Oq uy rahbarining siyosatini «fashizm» deb atagan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Tramp kabi o‘ta o‘ng qanotga mansub siyosatchilarga qarshi so‘l qanot siyosatchilari ittifoqini shakllantirishga urinmoqda.

Madrid Vashingtonning agressiv siyosatiga ochiq qarshi chiqmoqda. Xabaringiz bor, joriy yil 28-fevral kuni AQSh hamda Isroil Eronga qarshi keng ko‘lamli urush boshladi. Ispaniya o‘z hududidan Eronga zarba berish uchun foydalanishga ruxsat bermadi. Bundan darg‘azab bo‘lgan Tramp Ispaniyaga tahdid qilib, savdo aloqalarini to‘liq uzishini aytdi

Trampning po‘pisalariga qaramay, bosh vazir Pedro Sanches AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushini qat’iy ravishda tanqid qilib kelmoqda. Siyosatchi urushni insoniyat uchun katta falokat deb atagan va Vashingtonni 2003-yilda Iroqqa bostirib kirgani kabi o‘tmish xatosini takrorlamaslikka undamoqda.

Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albaresga ko‘ra esa, ispan bazalari «AQSh bilan tuzilgan kelishuv va BMT Nizomidan tashqari maqsadlarda» ishlatilmaydi.

Ispaniya AQShning eng yaqin ittifoqchisi va Yaqin Sharqdagi urushda sherigi — Isroilning xalqaro huquqqa zid harakatlarini ham qoralab kelmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring