Isroilda bolakay sabab katta vahima ko‘tarildi
Isroil havo-harbiy kuchlari Wizz Air aviakompaniyasiga tegishli yo‘lovchi samolyotini kuzatib borish uchun qiruvchi samolyotlarni havoga uchirdi. Bunga samolyot bortidagi bola o‘z telefonidagi Wi-Fi tarmog‘ini “terrorist” deb nomlagani sabab bo‘lgan. Bu haqda Daily Mail xabar berdi.
Wizz Air samolyoti Luton aeroportidan uchib, Ben-Gurion aeroportiga yo‘l olgan paytda yo‘lovchilardan birining telefonidan “tahdidli signal” kelgan.
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, “tahdidli xabar” bola tomonidan yaratilgan Wi-Fi nuqtasining nomi bo‘lib, u tarmoqni “terrorist” deb nomlagan ekan. Notanish va xavotirli nom yo‘lovchilar hamda ekipaj orasida sarosima uyg‘otib, xavfsizlik choralarini ishga tushirishga sabab bo‘lgan.
Hodisa ortidan Isroil havo-harbiy kuchlari bir nechta qiruvchi samolyotni havoga ko‘tarib, laynerni Tel-Avivgacha kuzatib borgan. Qo‘nishdan oldin samolyot O‘rta Yer dengizi ustida uch marta aylangan.
Samolyot Ben-Gurion aeroportiga qo‘nganidan so‘ng yo‘lovchilar va ularning yuklari portlovchi moddalarni aniqlashga ixtisoslashgan kinologlar ishtirokida sinchkovlik bilan tekshirilgan. Shu vaqt ichida hukumat reyslarni qabul qilish va jo‘natishni vaqtincha to‘xtatgan.
Isroil aeroportlari boshqarmasi vakili tekshiruvlar natijasida hech qanday tahdid yo‘qligi aniqlanganini va tez orada aviaqatnov odatiy rejimiga qaytganini ma’lum qilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter