Isroilga jo‘natish uchun 17 ming dollar so‘ragan rahbar ushlandi
Xorijiy davlatlarga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mirzacho‘l tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda fuqaro A.B. 10 000 AQSh dollari evaziga fuqaro Z.I.ni go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Isroil davlatiga ishlash uchun yuborishini aytib, kelishilgan puldan 4 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Buxoro shahri bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro D.A. fuqarolar U.R. va A.J.ni ishonchiga kirib, ularni go‘yoki chet elda yashovchi tanishlari orqali ishga joylashtirib qo‘yishini aytib, Bolgariya va Litva davlatlariga yuborish uchun viza olib berishi evaziga 3 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda «S.T.» MChJ rahbari O.A. fuqaro M.M.ning ishonchiga kirib, uni 17 000 AQSh dollari evaziga Isroil davlatiga ishga yuborishi uchun «ishchi viza» rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 2 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter