Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bumerang»dagi savdo: ma’naviy zarar «narxi» — 500 ming so‘m

«Bumerang»dagi savdo: ma’naviy zarar «narxi» — 500 ming so‘m

Illyustrativ surat

Yevgeniy Mastyugin — Navoiy shahrida yashaydi. Qarasa, ko‘plar kreditga narsa olib, ro‘zg‘orini butlab olyapti. To‘g‘risiyam-da, texnika falon pul bo‘lsa, pul yig‘ishning o‘zi bo‘larkanmi?! Eng yaxshi chora — kredit.

Xullas, 2018-yilning iyul oyida I.Karimov ko‘chasi 90-uyda joylashgan «Bumerang» savdo do‘koniga Ye.Mastyuginning uy-ro‘zg‘or buyumlari xaridi uchun 13 410 000 so‘m kredit mablag‘i ko‘chirib beriladi.

Yevgeniy Mastyugin o‘zi orzu qilgan, istagan buyumlarga qariyb yetishdi ham, biroq... Negadir, do‘kon konditsionerni berishni paysalga sola boshladi. Do‘kon xo‘jayini I.Muhammadiyevning huzuriga bo‘zchining mokisidek qatnashdan esa hech bir naf chiqmadi.

Oxiri Ye.Mastyugin O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining Navoiy viloyat hududiy birlashmasi Navoiy shahar jamiyatiga murojaat qilishga majbur bo‘ladi.

Murojaatni o‘rganib chiqqan jamiyat mutaxassislari iste’molchining huquqlarini tiklashni so‘rab, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Navbahor tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritadi.

Ishni ko‘rib chiqqan sud 2019-yilning 12-fevral kuni hukmini chiqardi.

Iste’molchini «yugurtirgan» «Bumerang» savdo do‘koni rahbari I.Muhammadiyevga nisbatan «Majburiyat yuklatish, moddiy va ma’naviy zararni undirish to‘g‘risida»gi da’vo arizasi qanoatlantirildi. Da’vogar Yevgeniy Mastyugin foydasiga yetkazilgan moddiy zarar uchun 2 895 190 so‘m, ma’naviy zarar uchun 500 000 so‘m mablag‘ undirib berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring