Kafe va restoranlarda undirilayotgan 15-20 foiz xizmat haqi qonunga xilof – Raqobat qo‘mitasi
Raqobat qo‘mitasi ayrim restoran va kafelarda taomlar narxidan tashqari 10–15 foiz, ba’zan esa 20 foizgacha xizmat haqi qo‘shimcha to‘lov sifatida undirilayotgani hamda avvaldan depozit mablag‘lar talab qilinayotgani haqida murojaatlar ko‘payganini ma’lum qilib, bu kabi holatlar qonunga zidligini aytmoqda.
Qayd etilishicha, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 4, 19 va 21-moddalariga asosan:
- iste’molchi tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish, ularni erkin tanlash hamda sifatli bo‘lishiga talab qilishga haqli;
- ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart;
- sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.
O‘z navbatida, Raqobat qo‘mitasi umumiy ovqatlanish sohasidagi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarini qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga yo‘l qo‘ymasliklari, ya’ni umumiy ovqatlanish korxonalari turlaridan kelib chiqib iste’molchilarning o‘z-o‘ziga xizmat qilish imkoniyatini yaratish, taomlar narxi, xizmat ko‘rsatish tartibi va ular bilan bog‘liq shartlar, shu jumladan ofitsiant xizmati uchun haq miqdori haqidagi ma’lumotlar bilan o‘z vaqtida to‘liq tanishtirib o‘tishlari lozimligi borasida ogohlantirmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter