Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kataloniya va Kurdiston: kimga nima kerak?

Kataloniya va Kurdiston: kimga nima kerak?

Bir haqiqatni unutmaslik kerak. Yer yuzida uch mingdan ortiq millat va elat mavjud. Davlatlar soni esa 200 ga yaqin, xolos.

Foto: Assotsiatsiya turoperatorov Rossii

Garchi bu hududlarda yuz berayotgan muammolarning ildizlari olislarga borib taqalsa-da, nega aynan bu muammolar aynan bir paytda qo‘zg‘alganini siyosiy tahlilchilar turlicha baho berayotir. Keling, avvalo har ikki hududdagi muammolar xususida fikrlarimizni bir nuqtada jamlasak...

Kurdlarning asriy orzusi(mi?)

Kurdlar sayyoramizdagi qadimiy etnoslardan biri ekanini yaxshi bilamiz. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, ularning jahon miqyosidagi umumiy nufusi 40 million kishidan oshadi. Kurdlar ayni paytda Iroq, Eron, Turkiya, Suriya, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Armaniston singari mamlakatlar hududida istiqomat qilishadi.

Asrlar mobaynida kurdlar o‘z mustaqil davlatlarini qurish uchun kurashib kelishgan, ba’zi paytlarda bunga muvaffaq ham bo‘lishgan. Jumladan, 1920—1923-yillarda Usmoniylar davlati hududida Ararat Kurd Respublikasi faoliyat ko‘rsatgan. Keyinchalik Kavkazorti, Eron hududlarida ham kichik-kichik kurd davlatchalari qisqa muddat «umr kechirgan». Ammo, ular tez fursatda o‘z faoliyatini to‘xtatgan.

Bugungi kunda faqatgina Iroq hududida muxtoriyat maqomiga ega bo‘lgan Kurdiston mavjud. Saddam Husayn davrida kurdlarning mustaqillikka erishish yo‘lidagi har qanday xatti-harakatlari qattiq nazorat ostiga olindi. Bu esa mahalliy kurdlarning hukumatga qarshi norozilik kayfiyatini kuchaytirib yubordi.

Iroq va G‘arb davlatlari o‘rtasida yuzaga kelgan keskin qarama-qarshilikda ham kurdlar hal qiluvchi rol o‘ynadi. Saddam Husayn rejimining dushmani bo‘lgan ayrim G‘arb davlatlari kurdlardan ushbu siyosatchiga qarshi qurol sifatida foydalanishdi.

2005-yilning yanvar oyida ham Iroq hududidagi kurdlar mustaqillik uchun saylov o‘tkazgan, aholining 90 foizdan ko‘prog‘i mustaqillik uchun ovoz berishgan bo‘lsa-da, bu siyosiy jarayon xalqaro miqyosda tan olinmagandi.

Mustaqillik orzusidagi kurdlar.
Foto: Dalma News

Ma’lumki, Iroqdagi ichki beqarorlikdan foydalangan diniy ekstremistlar avval Iroq, keyin Suriyada katta hududni egallab, «Islom davlati» tuzilganini e’lon qilishdi. So‘nggi uch yil ichida ushbu hududda ekstremist kuchlar tinch aholiga, jumladan, kurdlarga ham qarshi keskin choralarni qo‘llashdi. Ayniqsa, yazidiylik diniga e’tiqod qiluvchi kurdlar «Islom davlati» terrorchilari tomonidan ayovsiz qirg‘in qilindi.

Faqat 2017-yilning yoz oylarida Iroqqa tegishli juda katta hudud terrorchilarning qo‘lidan tortib olingachgina, Mas’ud Barzoniy boshchiligidagi kuchlar yana Kurdistonni Iroqdan ajratib olish masalasini ko‘tarib chiqishdi.

Joriy yilning 25 sentyabrida bo‘lib o‘tgan referendum natijalariga ko‘ra, kudlarning 92,73 foizi mustaqillikni yoqlab ovoz berishdi. Biroq bu referendum qo‘shni mamlakatlar, xususan, Turkiya va Eronni qattiq xavotirga soldi. Har ikki mamlakat rasmiylari xalqaro jamoatchilikdan bu siyosiy jarayonni noqonuniy deb topishni so‘rab chiqishdi.

Chunki Iroq tarkibidan alohida kurd davlatining ajralib chiqishi mintaqadagi boshqa mamlakatlarda istiqomat qilayotgan kurd ayirmachilarini ruhlantirish tabiiy. Qolaversa, kurdlarning PKK, PED, YePG singari tashkilotlari uzoq yillardan beri Yaqin Sharqdagi bir qator mamlakatlarda qurolli harakatlar olib borishmoqda.

Qisqasi, ayni paytga qadar xalqaro jamoatchilik bu referendum natijalarini dastaklamadi, dunyodagi hech bir davlat Kurdistonni mustaqil davlat sifatida tan olmadi.

 

Kataloniya mustaqil bo‘la oladimi?

Katalonlar ham janubiy yevropadagi ko‘p sonli xalqlardan biri bo‘lib, ular asosan ispaniya hududida istiqomat qilib kelishgan. Mamlakat shimoli-sharqidagi Kataloniya viloyatida yashovchi katalanlar ham bir necha asrlardan beri o‘z yurtlarining mustaqil bo‘lishini istashadi.

Katalanlar tili, tashqi ko‘rinishi, urf-odat va an’analari bilan ispanlardan keskin ajralib turadilar. Kataloniya viloyatida ishlab chiqarish, zavod va fabrikalar ancha rivoljlangan bo‘lib, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Ispaniya yalpi milliy mahsulotining chorak qismi ushbu hudud hissasiga to‘g‘ri keladi.

32 114 kvadrat kilometr maydonga ega bu viloyatda ayni paytda yetti yarim milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. 1871, 1930-yillarda ham Kataloniya Ispaniyadan ajralib olishga urinib ko‘rdi. Ammo rasmiy Madridning qat’iy pozitsiyasi sabab bu maqsad amalga oshmadi.

2017-yilning sentyabr oyida Kataloniyaning Ispaniyadan ajralib chiqishga bo‘lgan harakatlari yana jonlandi. Karles Puchdemon boshqaruvidagi Kataloniyada 1 oktyabr kuni umumxalq referendumi o‘tkazilishi belgilanadi. Referendumda xalqqa «Siz Kataloniyaning respublika shaklidagi mustaqil davlat bo‘lishini istaysizmi?» degan savol bilan murojaat qilingan edi. Bu borada Kataloniya parlamenti ham tegishli me’yoriy hujjatlarni imzoladi. Ammo rasmiy Madrid imkon darajasida bu siyosiy jarayonning oldini olishga urinib keldi.

Turli qarshiliklarga qaramay, 1 oktyabr kuni taklif etilgan jami aholining 43 foizi ishtirokida referendum o‘tkazildi. Saylovchilarning 90 foizidan ko‘prog‘i Kataloniya mustaqilligi uchun ovoz berdi.

Bu referendumni milliy va xalqaro qonun-qoidalarga zid deb topgan Ispaniya hukumati Karles Puchdemon va bir qator Kataloniya rasmiylarini egallab turgan lavozimidan ozod etdi. Ispaniya Konstitutsion sudi Kataloniyaning referendum bilan bog‘liq barcha hujjatlarini asossiz deb topish to‘g‘risida hukm chiqardi.

Yevrokomissiya rasmiy vakili Margaritis Sxinas ham Kataloniyaning mustaqillik haqidagi referendumini asossiz deb topdi. Kataloniya mustaqillikni qo‘lga kiritgan taqdirda ham xalqaro hamjamiyatda yakkalanib qolishi, iqtisodiy muammolar qurshoviga tushishi ayon bo‘lib qoldi. Chunki juda ko‘p xorijiy kompaniyalar o‘z sarmoyalarini Kataloniyadan olib chiqishga taraddud ko‘ra boshlashdi. Kataloniyaning Ispaniyadan mustaqil bo‘lishi o‘z-o‘zidan Yevropa Ittifoqi va Yevrohududdan ham chiqib ketishni anglatardi. Bu esa, hatto mustaqillik uchun ovoz bergan kataloniyaliklarni ham taraddudga solib qo‘ydi.

Rasmiy Madrid mamlakat konstitutsiyasining 155-moddasiga binoan, Kataloniyani hatto muxtoriyat maqomidan ham mahrum qilishga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi.

Ispaniya bosh prokurori Xose Manuel Masa Puchdemonni korrupsiya va isyonda ayblab, u bilan birga yana 13 nafar kataloniyalik siyosatchi ustidan jinoiy ish qo‘zg‘adi. Ammo bu paytda Puchdemon Bryusselda edi. U o‘z ixtiyori bilan Bryussel politsiyasiga taslim bo‘lsa-da, ko‘p o‘tmay yana ozodlikka chiqarib yuborildi.

Darvoqe, 22 dekabr kuni Kataloniyada o‘tkazilgan parlament saylovida ham aynan Kataloniyaning Ispaniya tarkibida qolishi tarafdori bo‘lgan Fuqarolar (Ciudadanos) partiyasi eng ko‘p ovoz (25 foiz) to‘pladi. Biroq saylovda ishtirok etgan boshqa partiyalar — Kataloniya so‘l respublikachilari partiyasi (ERC), Xalq ittifoqi (CUP), Kataloniya uchun birgalikda (JxCAT) partiyalari hudud mustaqilligi tarafdorlari hisoblanishadi. Shu sababli mahalliy hukumat qaysi partiya vakillaridan tarkib topishi hanuz oydinlashmayapti.

Xullas, Kurdistondagi singari, kataloniyaliklarning mustaqillik uchun harakatlari kutilgan natijani bermadi.

Ularning ortida kim turibdi?

Aslida, diqqat qilinsa, butun sayyoramizda faqat birgina millatdan iborat bo‘lgan birorta davlatni topish mushkul. Bugun sayyoramizda o‘nlab, yuzlab millat va elat vakillari yashaydigan mamlakatlar bor. Ular tarkibidagi milliy ozchilik vakillarining mustaqillikka intilishi rasmiy hukumat uchun ortiqcha boshog‘riq bo‘lsa-da, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar, xolis va noxolis siyosiy kuchlar bu jarayondan o‘z manfaatlari yo‘lida harakat qilib kelishgan.

Biz yuqorida faqat ikkita siyosiy hudud haqida so‘z yuritdik. Aslida jahon xaritasida bunday og‘riqli nuqtalarni istagancha topish mumkin. Tog‘li Qorabog‘, Shimoliy Kipr, Abxaziya, Osetiya, Donetsk, Lugansk, Dnestrbo‘yi, Kosovo, Aruba, Azavad singari hududlarni bunga misol qilib keltirish mumkin. Bu hududlar uzoq yillardan beri mustaqillikka da’vo qilib kelishsa-da, ular faqat ayrim davlatlar tomonidangina tan olingan yoki umuman tan olinmagan.

Mazkur hududlar ichki va tashqi kuchlar ta’sirida muayyan bir davlatdan ajralib chiqishga erishgan bo‘lsalar-da, ularning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishi juda qiyin kechmoqda. Mazkur hududlar o‘zining yaxlit siyosiy maqomiga ega bo‘lmagani uchun ularga xorijiy sarmoyalarning kirishi ham cheklanadi, eksport va import ko‘ngildagidek bo‘lmaydi. Bu esa, iqtisodiy tanazzulga, demakki, aholining qashshoqlashuviga, migratsiyaning oshishiga sabab bo‘ladi.

Yuqorida tilga olingan hududlarda ham markazdan ajralib chiqishga bo‘lgan intilish uzoq vaqtlardan beri davom etib kelayotgandi. Albatta, bu jarayon tashqi kuchlar, qudratli davlatlarning yordamisiz amalga oshmasdi. Garchi, yaqin-yaqingacha, Iroqdagi kurdlar, Ispaniyadagi katalanlarga ana shu tashqi kuchlar har tomonlama madad berib kelgandi.

Ammo, kutilmaganda, Kataloniyaga ham, Kurdistonga ham referendumdan keyingi jarayonlarga xalqaro hamjamiyatning talabi bilan tashqi kuchlarning aralashuvi deyarli to‘xtatildi. Hozircha, xalq o‘z irodasini namoyon qilgani bilan jahon xaritasida yangi davlatlar paydo bo‘lmadi.

Bu referendumlar tan olingan taqdirda ham ushbu yangi «davlatlar»larning har taraflama rivojlanib, taraqqiy etishi katta so‘roq ostida qolar, ularning oyoqqa turishi uchun bir necha o‘n yillar kerak bo‘lardi.

Albatta, Yer yuzidagi har bir xalq, har bir millat o‘z yaxlitligini, o‘z xohish-irodasini namoyon etishga haqli. Ammo, bir haqiqatni unutmaslik kerak. Yer yuzida uch mingdan ortiq millat va elat mavjud. Davlatlar soni esa 200 ga yaqin, xolos. Yirik-yirik davlatlarning bo‘linib, parchalanib ketishi yaxshilikka olib kelmaydi. Bunga tarixdan ko‘plab misollar keltirish mumkin.

Kurdiston va Kataloniya xalqi ham, tarixning bugungi evrilish nuqtasida jiddiy qarorga kelishi, «yetti o‘lchab bir kesishi», his-tuyg‘ularga berilib, kimlarningdir nog‘orasiga o‘ynab qolmasligi kerak.

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring