Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Kiydirdimi anjanchasiga?!»

«Kiydirdimi anjanchasiga?!»

Foto: «Xabar.uz»

Saydullo Uzoqov ko‘rinishidan tuppa-tuzuk odamga o‘xshaydi: turq-tarovati, gap-so‘zi joyida, birovda shubha tug‘dirmaydi. Unda qandaydir sehrmi-ohanrabo bordayki, bir marta gaplashgan odam uning so‘zlariga laqqa tushganini o‘zi bilmay qoladi deng.

Ana, A.Fozilov deganni oling, unaqa sodda odam emas, Andijonning «Jahon buyum bozori»da uyali aloqa vositalarini ta’mirlash, sotish faoliyati bilan shug‘ullanadi. Bozorda turfa odamni ko‘raverib, pishib ketganlardan. Shunga qaramay, Saydullo Uzoqovning gaplariga laqqa tushib, bir emas, to‘rtta — har birining narxi 80 ming so‘mdan, jami 320 ming so‘mlik «Nokia-5800» rusumli uyali aloqa apparatlarini qo‘shqo‘llab topshirganini ayting?! «Pullarini tez kunda beraman», deya qorasini ko‘rsatmay ketganidan keyin bildi — «anjanchasiga kiydiribdi», nomard!

Keyinroq, S.Uzoqovning shu va shu kabi qilmishlari fosh etilganida oshkor bo‘ldiki, jami bahosi 320 ming so‘mlik uyali telefon apparatlarini u 95 ming so‘mga pullab yuborgan ekan...

Bunisi holva ekan: u D.Azimovni 600 dollarga «uxlatibdi»: eskiroq «GAZ 24-09» rusumli avtomashinasini 700 AQSh dollariga  kelishib, 100 dollarini beradi-yu mashinani olib ke-yetadi...

Shu ketganicha yana bir necha fuqarolarni chuv tushirganiga nima deysiz? Masalan, bir fuqaroning «Prestigo 37-67» rusumli narxi 280 ming so‘mlik planshetiga xaridor bo‘lib, «xotinimga bir ko‘rsatib kelay» bahonasi bilan olib ketganicha g‘oyib bo‘ladi. Bundan tashqari M.Foziljonovga tegishli «Xiaomi Redmi 4X» rusumli, qiymati 1 mln. 200 ming so‘mlik smartfonni ham aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritadi. Qanday qilib deng? Oila a’zolariga qo‘ng‘iroq qilib olishini aytib, telefon apparatini oladi-yu, Andijon shahrining 3-kichik dahasidagi ko‘p qavatli uylarning pod’yezdiga kirib ketgancha juftakni rostlaydi. Xuddi shu usul bilan  M.Umarovaning «iPhone 4-C» rusumli, qiymati 450 ming so‘mlik uyali aloqa apparatini ham «kiydiradi».

Xuddi ana shu telefon apparatini 10 aprel kuni Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani hududida B.Turg‘unovga 250 ming so‘mga sotib yuboradi. B.Turg‘unovga telefon turmush o‘rtog‘iniki ekanini, hozirda u shifoxonadaligi va unga dori-darmon uchun pul zarur bo‘lgani sababli telefonni sotishga majbur bo‘layotganini ishonarli tarzda hikoya qiladi. Asakalik X.Abdullayevning «Samsung Galaxy A3/6» rusumli, qiymati 1 mln. 500 ming so‘mlik telefon apparatini qo‘lga kiritishda ham shu usul qo‘l keladi unga... O‘g‘irlangan, firib yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan telefon apparatlarini yarim bahosiga sotib, yallo qilib yuraveradi.

Bunaqa ustomonlar yallo qilib qayergayam borardi? Ajoyib kunlarning birida tumshug‘idan ilingan S.Uzoqov sudning qora kursisiga o‘tirg‘izildi. O‘ziyam jabrlanuvchilarni «anjanchasiga kiydirish» orqali u yoq-bu yog‘i o‘n million so‘m nari-berisidagi mulklarni qo‘lga kiritgan ekan, «azamat»! Hammasini to‘laydigan, kamiga uch yarim yil «o‘tiradigan» bo‘ldi.

Ayting, birovning  burnini qonatib kim saodatga erishibdi?

Azizbek  ODILOV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
 Bo‘z tuman sudining devonxona mudiri

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring