Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Choyxo‘r o‘zbeklar. Ko‘k choy — qora choy: qay biri afzal?

Choyxo‘r o‘zbeklar. Ko‘k choy — qora choy: qay biri afzal?

Qora va ko‘k choy.

Foto: «Stihoblog.ru»

Choyni yaxshi ko‘ramiz. Dovrug‘i dunyoga ketgan palovxonto‘rasiz hafta-oy chidarmiz, ammo choysiz... Viloyatlarda ko‘k choyga o‘rganishgan, poytaxtliklarga esa qora choy ma’qulroq. «Rangli» tafovut asta-sekin yo‘qolib boryapti, ammo «eski bahs»lar to‘xtagan emas: Ko‘k choymi yo qora choy?

Dunyoning «choy xaritasi»

Dunyoda qahvani sevuvchi mamlakatlar bor, dunyoda choyxo‘r mamlakatlar bor. Ana shu «devor» yuz yillar oldin tiklangan. Taniqli tadqiqotchi V.Poxlyobxin «Choy» kitobida yozishicha, G‘arbiy Yevropaga choyni dastavval XVI asrda Xitoydan olib kelishgan. Ammo oradan yuz yil o‘tib, 1664 yili Ost-Indiya kompaniyasi ingliz qiroliga o‘ta nodir topilma sifatida ikki funt (900 gramm) choyni sovg‘a qilganidan keyin u urfga kirdi. Asta-sekin Angliyadan Yevropaning boshqa mamlakatlariga tarqay boshladi. Ammo uni sotib olishga faqat boy va zodagonlarning qurbi yetardi.

Yevropada choy qahva va kakaoning qattiq qarshiligiga duch keldi, natijada Fransiya, Ispaniya, Italiya, Avstriya va Germaniya «qahva mamlakatlari»ga aylandi. Qahva va kakao bu mamlakatlar bosib olgan yerlardan keltirilgani uchun arzon edi, Xitoy esa choyni arzonga sotishni istamagan. Britaniya imperiyasi davridan bepul hind choyini ichishga o‘rgangan inglizlar, shuningdek, irland, shotland, uelsliklardan tashqari, qariyb butun Yevropa ko‘proq qahva ichadi.

Xitoy bilan azaldan karvon yo‘llari orqali savdo-sotiq qilgan Markaziy Osiyo xalqlari esa qahva va kakao bilan hali insoniyat yaxshiroq tanishib ulgurmay turib choyxo‘rlikka berilgandi. Ming yil oldin Abu Ali ibn Sino shunday yozgandi:

Choy tanani tozalab, ruhni mustahkamlaydi, yurakni yumshatib, fikrlarni uyg‘otadi, tanballikni haydaydi.

Ha, biz nafaqat «choy mamlakati», balki dunyodagi eng choyxo‘r xalqmiz. Euromonitor International tashkilotining 2016-yilgi «Choy yoki qahva?» nomli hisobotida keltirilishicha, o‘zbeklarning 99,6 foizi choyni ma’qul ko‘radi. Keyingi o‘rinlarda Keniya (99,2), Ozarbayjon (99,1), Pokiston (99) va choyning vatani — Xitoy (98,9 foiz).

Shu tashkilotning «Eng katta choy bozorlari» reytingida 2016-yili O‘zbekiston TOP-15ga kirdi: unda mamlakatimizda yiliga 5,3 million litr choy ichilishi qayd etilgan.

Qizil va qora

Fermentatsiya qilingan choyni qora choy deymiz. Darvoqe, Xitoyda uni qizil choy (qizg‘ish-to‘q sariq rangi uchun) deyishadi. Fermentatsiya chog‘i ayrim xususiyatlarini yo‘qotgani uchun bu choyning ko‘k choyga nisbatan foydali jihatlari oz deyishadi.

Foydasi. Kuniga ichilgan uch-to‘rt piyola qora choy yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanishini kamaytiradi, deyishadi. U B guruhi, P hamda PP darmondorilariga boy, tarkibidagi oshlovchi moddalar oshqozon ishini yengillashtiradi. Qora choy ko‘ngil aynishini qoldiradi, immunitetni kuchaytiradi, tetiklashtiradi va kayfiyatni ko‘taradi. Qon bosimi past odamlarga qora choy ko‘proq to‘g‘ri keladi.

Zarari. Glaukomasi bor insonlar ichmasligi kerak — qora choy ko‘z bosimini oshiradi. Homiladorlar, qon bosimi yuqorilar, aritmiyasi, varikoz va aterosklerozi bor kishilar uni cheklangan miqdorda ichishlari shart.

Ko‘k — yoshlik ramzi

Foydasi. Fermentatsiya qilinmagani uchun ko‘k choyning foydali xususiyatlari ko‘proq: A, B, B1, B2, B15, C, P darmondorilari, ftor, kaliy, mis, rux, sink kabi moddalarga boy (ularning turi 300dan oshadi).

Tarkibidagi antioksidantlar erta qarishdan asraydi. Tanadagi zaharli moddalarni chiqarib yuboradi, onkologik xastaliklar xavfini pasaytiradi, qalqonsimon bez faoliyatini barqarorlashtiradi. Tarkibidagi kofein moddasi tetiklashtiradi. Ko‘k choy tishlar uchun ham foydali, viruslarga qarshi kurashuvchi. Moddalar almashinuvini yaxshilagani uchun ozayotganlarga tavsiya qilinadi.

Zarari. Qon bosimi, oshqozon kasalliklari bor kishilar ko‘k choydan ehtiyot bo‘lishlari shart. Sog‘lom odamga ham kuniga ko‘k choyni 3-5 piyoladan ko‘p ichish tavsiya qilinmaydi. Me’yorning buzilishi qon bosimining o‘ynashiga, giperfaollk va uyquning buzilishiga olib kelishi mumkin.

Xullas, ko‘k choymi — qora choymi, har kim o‘z ta’biyu sog‘lig‘iga qarab tanlab olaveradi. Muhimi, choy sizni tetiklashtirib, kayfiyatingizni ko‘tarsa bas.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring