Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“Kuchlar muvozanati keskin o‘zgarmasligi muhim” – professor Akio Takahara bilan suhbat

“Kuchlar muvozanati keskin o‘zgarmasligi muhim” – professor Akio Takahara bilan suhbat

Foto: Xabar.uz

Akio Takahara – Tokio ayollar xristian universitetining (Tokyo Woman’s Christian University) taklif etilgan professori, Yaponiya xalqaro munosabatlar institutining yetakchi ilmiy xodimi. Olim doktorlik dissertatsiyasini Buyuk Britaniyaning Sasseks universitetida yoqlab, bir qator nufuzli ilmiy dargohlarda faoliyat yuritgan.

Xabar.uz muxbiri Xitoy va Sharqiy Osiyo masalalari bo‘yicha yetakchi ekspert deb tan olingan Akio Takahara bilan Tokio shahrida suhbatlashdi.

– Hurmatli professor Takahara, Yaponiyaning bugungi xavfsizlik muhitini qanday baholaysiz? Mamlakat qanday jiddiy tahdidlarga ro‘baro‘ kelmoqda?

– Yaponiya xavfsizligi bilan bog‘liq holat o‘zgarmoqda. To‘g‘ri, o‘zgarish avval ham kuzatilgan, ammo ayni vaqtda o‘zgarishlar sur’ati ancha tezlashganini sezmoqdamiz. Yaponiya uchun ikki asosiy tahdidni alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Birinchisi – Xitoy armiyasining dengizdagi qudrati oshib borayotgani, ikkinchisi – Shimoliy Koreyaning raketa va yadro dasturlarini kuchaytirayotgani. Nazarimda, bular Yaponiya xavfsizligi yo‘lidagi ikki asosiy xatardir.

– Yaponiya mudofaa budjetini sezilarli darajada oshirmoqda. Avvalroq milliy xavfsizlik strategiyasi ham yangilangan edi. Bu qadamlar mamlakatda barqarorlikni kuchaytirish va mintaqada ziddiyatlarning oldini olishda qanchalik samara beradi?

– Albatta, mudofaa budjetining oshirilishi mintaqada barqarorlikni mustahkamlash, tinchlikni dastaklashga xizmat qiladi degan umiddamiz. Ayni choqda, bu borada komil ishonch bilan gapirish dushvor. Ammo biz qo‘limizdan kelgancha harakat qilishimiz, kuchlar muvozanatini keskin o‘zgartirmaslikka va narigi tomondagi avantyuristlarni rag‘batlantirmaslikka intilishimiz joiz. Demak, biz qayta va qayta harakat qilishimiz kerak. Buning o‘zi kifoyami – aniq ayta olmayman. Balki kifoya emasdir, ammo biz ittifoqchimiz hamda boshqa hamfikr do‘stlarimiz bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash orqali mavjud bo‘shliqni to‘ldirishimiz mumkin. Sirasi, biz o‘z xavfsizlik tarmog‘imizni kuchaytirmog‘imiz lozim.

– Siz o‘z tadqiqotlaringizda Xitoy bilan muloqot qilish va xavflarni muvozanatlash (hedging) muhimligi haqida yozgansiz. Sharqiy Xitoy dengizidagi nizolarga qaramay, Tokio va Pekin o‘rtasida hamon konstruktiv muloqot uchun imkoniyat bor deb o‘ylaysizmi?

– Ha, buning uchun katta imkoniyat borligiga ishonchim komil. Bilasizmi, hatto Xitoy uchun ham kelishmovchiliklar yoki ixtiloflarni kuch ishlatish yoki shunga o‘xshash harakatlar orqali emas, balki muloqot yo‘li bilan hal qilish afzalroq. Ikkala tomon ham bu masalada hamfikr.

– Pekin ham muloqotga tayyor deb hisoblaysizmi?

– Albatta. Bir misol keltirsam. Ko‘p vaqt o‘tgani yo‘q, 2025 yil oktyabr oyi oxirida Koreyada o‘tgan Osiyo–Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasida Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin uchrashgan edi. O‘shanda tomonlar ko‘p bosqichli muloqotni yo‘lga qo‘yish kerakligiga kelishib olishdi. Xususan, ikki davlat mudofaa vazirliklari o‘rtasida aloqa mexanizmini yaratish muhim degan to‘xtamga kelindi. Shunday qilib, biz to‘g‘ri yo‘lda edik. Keyin esa xitoyliklar munosabatlarimizni izdan chiqarib yuborishdi, lekin oktyabr oyi oxirida erishilgan kelishuvlarga qaytishimiz mumkinligiga ishonaman.

So‘nggi vaqtlarda Xitoy tomonidan Yaponiyaga o‘tkazilayotgan iqtisodiy bosimlarni qanday izohlaysiz?

– Xitoyning Yaponiyaga nisbatan so‘nggi iqtisodiy bosimlari, albatta, hafsalani pir qiladi. Biz bundan juda afsusdamiz. Xitoyliklar hozirda Yaponiyaga o‘tkazayotgan iqtisodiy bosim, tabiiyki, hech kimga yoqmaydi. Biroq ularning hozirda qilayotgan ishlari avvalgilariga, masalan, 2010 yildagi voqealarga qaraganda u qadar yomon emas. O‘shanda ular Yaponiyaga nodir metallar eksportini to‘xtatib qo‘yishgan edi.

Bu gal, aniqrog‘i, 2026 yil 6 yanvar kuni Xitoy “ikki maqsadli mahsulotlar” eksportini cheklash to‘g‘risidagi siyosatni e’lon qildi. “Ikki maqsadli mahsulotlar” deganda nima nazarda tutilayotgani aniq emas. Bunga nodir metallar ham kiradimi? Aftidan, ular “Ha, agar bu metallar harbiy texnologiyalar uchun ishlatilsa” deb javob berishadi. Ammo bilasizmi, bu juda hassos masala. Tabiiy savol tug‘iladi: nima harbiy texnologiya-yu, nima harbiy bo‘lmagan texnologiya? Garchi Yaponiya gazetalari protseduralar ancha murakkablashgani haqida yozayotgan bo‘lsa-da, biz hamon Xitoydan nodir metallarni import qilyapmiz. Ammo endilikda biror korxona nodir ma’dan import qilmoqchi bo‘lsa, ko‘proq hujjat tayyorlashi kerak. Ya’ni qog‘ozbozlik ko‘paygan. Lekin shunga qaramay, ularning nuqtai nazaridan import yoki eksport to‘liq to‘xtab qolgani yo‘q.

Xo‘sh, nega ular bunday qilishmayapti? Menimcha, ular avvalgi qattiq eksport cheklovlari yoki iqtisodiy majburlash choralari nafaqat Yaponiya biznesiga, balki Xitoy biznesiga ham zarar yetkazganidan saboq chiqarishgan. Shuning uchun ular buni takrorlashni istashmaydi. Bilamizki, hozir Xitoy iqtisodiyoti inqiroz holatida. Shunday ekan, ular mavjud iqtisodiy muammolarini yanada og‘irlashtirishni xohlamaydilar.

Xitoy jamoatchiligining Yaponiya tashqi siyosati haqidagi fikri borasida nima deya olasiz?

– Menimcha, munosabatlar turlicha. Kommunistik partiya propagandasiga ishonadiganlar, albatta, juda xafa va darg‘azab. Lekin propaganda haqiqatni aytmayotgan bo‘lishi mumkinligini yaxshi anglaydigan odamlar ham bor. Shunday ekan, menimcha, jamoatchilik fikri bo‘lingan. Hatto bir kishining o‘zida ham ziddiyatli his-tuyg‘ular bo‘lishi mumkin: deylik, unga Sanae Takaichining Tayvan haqidagi fikri yoqmasligi mumkin, lekin shu bilan birga, u Yaponiyani bag‘oyat yaxshi ko‘radi. Demak, Xitoy xalqi orasida Yaponiyaga nisbatan tuyg‘ular qorishiq.

Tanganing ikkinchi tomoniga ham boqsak: yapon jamoatchiligining Xitoyga bo‘lgan munosabati qanday?

– Xitoyning harbiy harakatlari bizga mutlaqo yoqmaydi. Shu bois Xitoyning imiji ancha yomon. Ijtimoiy so‘rovnomalarga qaraydigan bo‘lsangiz, odatda ular yaponiyaliklarning taxminan 90 foizi Xitoy haqida yaxshi fikrda emasligini ko‘rsatadi. Ammo shu bilan birga, yaponiyaliklarning 60 foizdan ortig‘i, taxminan 60-70 foizi Yaponiya–Xitoy munosabatlarini muhim deb hisoblaydi. Demak, bu yerda mantiq ustun. Hissiyotlarga tayansak, xitoyliklar qilayotgan ishlar bizga xush kelmaydi. Lekin aql ila tafakkur yuritganda, biz oddiy bir haqiqatni tushunamiz: Xitoy – yonimizdagi ulkan davlat. Xavfsizlik va iqtisodiyot nuqtai nazaridan biz Xitoy bilan barqaror va yaxshi munosabatlarga ega bo‘lishimiz kerak.

Mafkura nuqtai nazaridan-chi?..

– Mafkuraviy jihatdan biz mutlaqo kelishmaymiz. Inson huquqlari, demokratiya va shu kabi qadriyatlar uchun kurashayotgan xitoyliklarga juda ham xayrixohmiz. Madaniyat kabi sohalarda ham vaziyat boshqacha: yapon xalqi Xitoyning an’anaviy madaniyatini, tamaddunini yaxshi ko‘radi. Biz ulardan ko‘p narsa o‘rganganmiz. Shu bilan birga, hozirgi kunda yapon yoshlari o‘rtasida Xitoy kompyuter o‘yinlari, pop-musiqasi va shu kabi ommaviy madaniyat turlari ommalashib bormoqda. Xitoyda esa yoshlar yapon animelari kabi o‘ziga xosliklarni juda yaxshi ko‘rishadi.

Xitoyning Yaponiyaga nisbatan salbiy mafkuraviy ta’siri bor deb o‘ylaysizmi?

– Menimcha, Xitoyning avtoritar tafakkuri yoki marksistik g‘oyalari bizga zarracha ta’sir qilmaydi. Hatto bu g‘oyalar Xitoy xalqiga ham to‘laqonli ta’sir o‘tkazyapti deb o‘ylamayman, chunki ular propaganda mohiyatini teran tushunishadi.

Kommunistik mafkura ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda to‘siq bo‘lishi mumkinmi?

– Ma’lum ma’noda, ha. Nima uchun bunday deyapman? Chunki Xitoy odatda juda chiroyli gaplarni gapiradi. Gap-so‘zlari go‘zal, lekin amallari... “Biz xalqaro huquqqa rioya qilamiz, ko‘p qutbli dunyoni qo‘llab-quvvatlaymiz, inson huquqlari ustuvorligini ta’minlaymiz, biz mukammalmiz”, deyishadi. Lekin amallari butunlay o‘zgacha.

Demokratik jamiyatda bunday holatlar muxolif partiya, OAV va xalq tomonidan qattiq tanqid qilinadi. Ammo Xitoyda bunday bo‘lmaydi. “Yolg‘on gapiryapsizlar” degan zahotingiz sizni mahv etishadi.

Professor Takahara, Ukrainadagi urush hamda Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi harbiy aloqalar Yaponiyaning strategik tafakkurini qay darajada o‘zgartirdi? Yevropa xavfsizligi va Sharqiy Osiyo xavfsizligi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik bor deb hisoblaysizmi?

– Hatto Shimoliy Koreya janglarga qo‘shilmasdan oldin ham, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirgani bizni qattiq shokka tushirdi. XXI asrda shunday voqea sodir bo‘lishi mumkin ekan-a?! Menimcha, bu hol ko‘plab yaponiyaliklarning dunyoqarashini o‘zgartirib yubordi. Biz ehtiyot bo‘lishimiz, ilgari hech qachon tasavvur qilmagan vaziyatlarga tayyor turishimiz lozimligini tushundik. Keyin esa shimoliy koreyaliklarning Ukrainada jang qilayotgani haqida xabarlar keldi. Bu Yevropa xavfsizligi masalalari va Osiyo xavfsizligi masalalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanishidir. Mazkur holat yapon xalqining sergaklik darajasini yanada oshirdi.

Ko‘p yillardan buyon Pekin siyosatini o‘rganib kelayotgan ekspert sifatida ayting-chi, Xitoy Tayvan masalasida yanada agressiv qadamlar tashlashga tayyormi?

– Xitoy bunga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bizning ishonishimizcha, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin o‘z qo‘l ostidagilarga agar 2027 yilda urush kelib chiqsa, g‘alaba qozonishga tayyor turish haqida buyruq bergan. Bu muddatga atigi bir yil qoldi. Ammo u harbiylarni ushbu buyruqni bajarishga majbur qila oladimi yoki yo‘qmi – noma’lum. Katta ehtimol bilan ular 2027 yilgacha tayyor bo‘lishmaydi. Biroq, menimcha, avvalgi rahbarlarga qaraganda, Si Szinpin Tayvanni Xitoyga birlashtirish masalasiga ancha jiddiy yondashmoqda. Albatta, agar u harbiy kuch ishlatishdan qocha olsa, bu u uchun va biz uchun ham yaxshiroq. Biz bugun Tayvan atrofida nima sodir bo‘lishini aniq bilmaymiz. Masalan, agar biror tasodifiy hodisa yuz bersa va shu sababli u yer-bu yerda kichik to‘qnashuvlar kelib chiqsa, bu vaziyat qanday avj oladi va ikki hukumatning munosabati qanday bo‘ladi? Bu yerda mavhumotlar ko‘p. Shu bois Tayvan atrofida harbiy harakatlar boshlanganda “biz unday qilamiz, biz bunday qilamiz” deb uzil-kesil aytish amrimahol.

Joriy yil yanvar oyida Xitoy oliy mudofaa rahbariyati tizimida amalga oshirilgan “tozalash”ni qanday baholaysiz?

– Albatta, Si Szinpin nima uchun bunday qilayotganini hech kim aniq bilmaydi. Lekin buning oqibati, menimcha, ikkita asosiy nuqtaga borib taqaladi. Birinchidan, bu ularning jangovar qobiliyatini hech bo‘lmaganda qisqa muddatga pasaytiradi. Yangi generallarni tayyorlab, ularni muhim lavozimlarga tayinlash va vaziyatni to‘liq nazoratga olishlari uchun vaqt kerak bo‘ladi. Demak, hozircha jangovar qobiliyat sustroq. Ikkinchi tomondan, bu safar Si Szinpin juda muhim general – Markaziy harbiy kengash raisi o‘rinbosari bo‘lgan yuqori martabali harbiy Chjan Yusyani lavozimidan chetlatdi. U Si Szinpindan uch yosh katta va bir vaqtlar Si unga e’timod qo‘ygan. Aftidan, bu general harbiy kuch ishlatish masalasida ancha ehtiyotkor bo‘lgan. Endi esa u yo‘q. Bu holat Si Szinpin uchun harbiy jabhada olg‘a yurish haqida amru farmon berishni osonlashtirishi mumkin.

Suhbatimiz avvalida Yaponiya xavfsizligiga tahdidlar haqida gapirdingiz. Xo‘sh, Yaponiya mavjud tahdidlarga javoban qanday yo‘l tutishi kerak?

– Biz bir vaqtning o‘zida ko‘plab yo‘nalishlarda ishlashimiz kerak. Xavfsizlik muhiti o‘zgarib borayotgani, Xitoy esa faqat kuchga ishonayotgani haqida gapirdik. Bunday vaziyatda biz ham o‘z kuchimizni oshirishga harakat qilishimiz kerak – bu bizning muvozanatlash strategiyamizning bir qismidir. Buni qanday amalga oshiramiz? Birinchidan, mudofaa budjetini oshirish orqali. Ayni choqda, iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirishimiz kerak deb o‘ylayman. Bunga qanday erishamiz? Ta’lim tizimimizni yanada takomillashtirish orqali. Yaponiyaning ichida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. XIX asrda, Meydzi restavratsiyasi boshlangan kezlardagi ancha zaif bo‘lgan vaqtlarimizni eslasak, o‘shanda odamlar jamiyatni isloh qilish, mamlakat va jamiyat iqtisodiyoti hamda qudratini yuksaltirish zarurligini, bu kechiktirib bo‘lmas ehtiyoj ekanini tushunib yetganlar. Biz qilishimiz kerak bo‘lgan birinchi vazifa bu!

Ikkinchidan, yuqorida ta’kidlaganimdek, ittifoqchimiz bo‘lgan AQSh, shuningdek, Amerikaning boshqa ittifoqchilari – Koreya, Avstraliya, Filippin bilan aloqalarni yanada mustahkamlashimiz lozim. Bu – yana bir yo‘nalish.

Uchinchidan, biz Xitoy, hatto Shimoliy Koreya bilan ham ko‘proq muloqot qilishga intilishimiz kerak.

Diplomatik jihatdan esa, nafaqat Xitoy va Shimoliy Koreya bilan aloqa o‘rnatish, balki biz kabi xavotirda bo‘lgan boshqa davlatlar bilan ham yaqinlashishimiz zarur.

– Yaponiya tashqi siyosatida O‘zbekistonning o‘rni qanday deb o‘ylaysiz?

– O‘zbekiston – Markaziy Osiyodagi eng muhim davlat. Mamlakatingiz aynan mintaqa markazida joylashgan. Biz buni juda yaxshi anglaymiz. Menimcha, buyuk davlatlar o‘rtasidagi raqobatda, strategik kurashda butun Markaziy Osiyoning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Bu nafaqat tabiiy resurslar, balki mintaqadan ishonchli do‘st qidirish nuqtai nazaridan ham muhimdir. Shu bois O‘zbekistonning Yaponiya uchun ahamiyati kelajakda faqat oshib boradi, aslo kamaymaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring