Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kun mavzusi: «Taqiq-taqiq o‘yini»

Kun mavzusi: «Taqiq-taqiq o‘yini»

Foto: «MigrantMedia.ru»

Voyaga yetmagan farzandi bor ota-onalarning xorijda ishlashini cheklash kerakmi?

23-26-mart kunlari umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida «Qizlarjon» o‘quvchi-qizlar sammitida ishtirokchilar voyaga yetmagan farzandlari bo‘lgan ota-onalarni uzoq muddatga chet el mamlakatlariga ishlash uchun chiqishlarini cheklash haqida qonun qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlariga murojaat yo‘llagani haqida xabar berilgandi.

Ushbu murojaat taniqli blogerlarning e’tiborini tortdi va ular bunga keskin munosabat bildirishdi.

Xushnud Xudoyberdiyev, huquqshunos va bloger:

– Tepadagi taklifni o‘qib, na kulishni, na yig‘lashni bilmaysan.

O‘quvchi-qizlar nomidan Oliy Majlisga murojaat... Zo‘r-a? Eshitilishi ajoyib, shunday emasmi?

Lekin bunaqa murojaat tashkillashtirilganini xalq sezmaydi, deb o‘ylashadimi?

Avval bir tuman kengashi deputatining tilidan bu taklifni ayttirib ko‘rishdi. Endi esa o‘quvchi-qizlar nomidan murojaat ko‘rinishida ayttirishdi. Ertaga balki o‘sha chet elda yurgan ota-onalarning o‘zini nomidan murojaat tashkil qilishsa kerak, «Iltimos, bizni O‘zbekistonga qaytaring va biz uchun chetga chiqishni taqiqlang» deya.

Odamlar chetga nima uchun chiqib ketishyapti? Nima uchun shirindan-shakar farzandlarini tashlab, uzoq yurtlarga, og‘ir ishlarga ketishmoqda? Nima uchun ayni farzandlarini erkalatib, o‘ynatadigan, o‘zini haqiqiy baxtiyor inson sifatida his qiladigan payti o‘z o‘lan to‘shagini tashlab, qiyinchiliklar sari otlanishmoqda? Nimaga? Nimaga? Nimaga?

O‘zgalar tilidan murojaatnomalarni o‘ylab topgandan ko‘ra, shu savollarga javob topish kerak emasmi? «Har qanday muammoga yechim – taqiqlash» deya o‘ylashdan qachon qutilamiz-a?

Muhrim A’zamxo‘jayev, jurnalist va bloger:

– Menimcha, bu o‘quvchi-qizlarning xohishi emas. O‘quvchi-qizlarning o‘ziga qolganida edi, ular ota-onalarining ishlash uchun Rossiyaga ketishini taqiqlovchi qonunni emas, balki O‘zbekistonning o‘zida ota-onalari uchun maoshi kamida 400—500 dollar ekvivalentidagi kafolatlangan doimiy ish o‘rinlarini so‘ragan bo‘lardi.

…Aqto‘beda 52 o‘zbekistonlik yonib ketganidan so‘ng, «Muhojirlar hayoti» degan bir loyihacha qilgandik. O‘shanda bir namanganlik yigit elektr muammosi sabab 10 yillik tadbirkorlik faoliyatini yig‘ishtirib, ishlagani Rossiyaga ketgani haqida gapirgandi. Yana bir shahrixonlik yigit esa: «Uyingizda oddiy sharoit — gaz, elektr yetarli bo‘lsa, chetda yurarmidingiz?», qabilida fikr bildirgandi. «Maosh avvalgidan kamroq, lekin sharoit zo‘r — gaz, elektr o‘chmaydi, uyim qishda ham issiq», deganlari ko‘p edi.

Vodiyning chegara hududidan bo‘lgan yana bir hamkasbimiz qiziq bir holat haqida gapirib bergandi. Aytishicha, uning qishlog‘i aholisi asosan o‘z dalasi, ekinzorida yetishtirgan mahsulotini qo‘shni Tojikistonga olib chiqib sotish bilan kun kechirgan. Odamlar o‘ziga yarasha to‘q, yaxshi yashagan. Tojikiston bilan munosabatlar sovuqlashib, chegara to‘liq yopilgach, qishloqda erkak zoti qolmagan — hamma yoppasiga ishlagani Rossiyaga ketgan. Bir tadbirkorlik qilay desa, na elektr va na gaz bor, pomidor-bodringni «eksport» qilay desa, chegara yopiq.

«Taqiq-taqiq o‘yini»dan foyda kam, keladigan biror nafi ham aslida zararli. Odamlarga hadeb taqiqlayverish emas, yashashga, ishlashga sharoit ham berish kerak. Faqat kamida uch yil ish stajiga ega oliy ma’lumotlilar uchun mo‘ljallangan 150—200 ming so‘m maoshli ish o‘rinlaridan iborat ko‘zbo‘yamachi mehnat yarmarkalarining keragi yo‘q, aholini tadbirkor qilamiz deb imtiyozli kreditlar tarqatishga ham zarurat yo‘q — elektr, gaz, suv (sharoit) ber, odamlar hech qanday kreditsiz ham tadbirkor bo‘ladi, butun mahallasini ish bilan ta’minlaydi.

Elektr, gaz, suv (sharoit) bergin, odamlar Rossiya tugul, Toshkentga ham intilmaydi (qay bir korchalonlarning propiska degan rasvoi raddi baloni himoya qilib o‘tirishiga ham hojat qolmaydi) — o‘zi yashab turgan shaharcha, tuman, qishloqni gullatib tashlaydi odamlar. Voyaga yetmagan farzandlarining yonidan ketmay gullatadi.

Hozir esa voyaga yetmagan farzandi bor ota-onalarning chet elda ishlashini taqiqlamoqchi bo‘lyapti kimlardir (bunaqa taqiqni o‘ylab topganlar ertaga Toshkentga borib ishlashni ham taqiqlaydi, bunga shubha yo‘q). O‘sha ota-onalar ham farzandlarini yaxshi yedirgisi, yaxshi kiyintirgisi, yaxshi bog‘chalarga bergisi, yaxshi maktablarda o‘qitgisi keladi, to‘ylar qilgisi, farzandlarini uy-joy bilan ta’minlagisi keladi. Bu orzu-istaklar, orzu-havaslarning ro‘yobi uchun pul kerak, pul topish uchun esa ota-ona ishlashi kerak. Munosib ish haqi olib, ishlashi kerak. O‘sha munosib ish haqi Mo‘ynoqda bo‘lsa, odamlar Mo‘ynoqda ishlaydi, Novosibirskda bo‘lsa — Novosibirskda ishlaydi.

Munosib ish haqi qachon, qayerda paydo bo‘lishini iqtisodiyotchilar yaxshi biladi — sharoit bor joyda, raqobat bor joyda. Sharoit (masalan, elektr) bo‘lsa, katta-kichik korxonalar quriladi, muntazam ishlaydi. Sog‘lom raqobat bo‘lsa, ish haqlari ham oshadi — masalan, bozorda bir-biriga raqobatchi 10 ta televizor zavodi bo‘lsa, ular nafaqat xaridor, balki xodimlar uchun ham raqobatlashadi. Birining yaxshi xodimini og‘dirish uchun boshqasi kattaroq maosh taklif qiladi (agar butun bozorni bitta zavod egallab olgan bo‘lsa, unda Xudo uribdi — mamlakatning eng zo‘r televizor ustasi ham o‘zi uchun nomunosib maoshga ishlashga mahkum yoki... Rossiyadagi zavodga menejer bo‘lib ketadi).

Rasul Kusherbayev, Qonunchilik palatasi deputati:

— Yuqoridagi taklif yilning eng g‘alati, mantiqsiz, burama, yasama va yana ming allambalo taklifi bo‘lsa kerak. Ishqilib bu taklif ovozga qo‘yilguncha yetib bormasa edi. Tag‘in bilmadim, agar ota-onalar qo‘ymay qattiq yoqamizdan olishmasa bo‘ldi.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati izohi:

«Qizlarjon» o‘quvchi-qizlar sammiti doirasida ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlariga o‘zlarini qiziqtirgan va tashvishga solgan masalalari bilan murojaat etishdi. Ochiq muloqot tarzida o‘tgan sammitda ishtirokchilar tomonidan turli mavzularga oid takliflar berildi.

Tadbirda ishtirokchilari voyaga yetmagan farzandlari bo‘lgan onalarni uzoq muddatga chet el mamlakatlariga ishlash uchun chiqishlarini cheklash maqsadida qonun qabul qilish bo‘yicha taklif bergan.

Bu taklif qizlarning atrofdagi voqealarni o‘rganishlari asosida berilgan. Ya’ni, ota-onalari xorijga ishga ketgan ayrim yoshlar turli nojo‘ya ishlarga, jumladan jinoyatchilikka ham aralashib qolmoqda.

Mazkur taklif hech kim tomonidan ataylab uyushtirilmagan. Taklif bergan qizlarning voyaga yetmaganligini hisobga olib, sammit davomida mutaxassislar tomonidan qonun birinchi navbatda inson manfaatlariga zid bo‘lmasligi va bu mazmundagi normativ hujjatlar fuqarolarning erkinligini cheklashiga olib kelishi haqida batafsil tushuncha berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring