Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonga limon qanday kirib kelgan?

O‘zbekistonga limon qanday kirib kelgan?

Hozirgi kunda O‘zbekistonda limon keng miqyosda yetishtirilib, eksport ham qilinadi.

Foto: «fn24.ru»

Xalqimiz «qish mevasi» deya e’zozlaydigan limon bugun bozorlarimizda serob. Narxi ham hamyonbop. Chunki yurtdoshlarimiz allaqachon mazkur sitrus mevani uy sharoitida yetishtirishning hadisini olishgan. Ammo bundan yarim asr avval buni faqat orzu qilish mumkin edi, xolos. Yoshi ulug‘ kishilar yaxshi eslashadi: ilgari O‘zbekistonga limon chet davlatlardan olib kelinar, ushbu shifobaxsh ne’matni sotib olishga esa hammaning ham qurbi yetavermasdi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda limon keng miqyosda yetishtirilib, eksport ham qilinadi.

Soha to‘g‘risida gap ketganda O‘zbekiston limonchilik maktabiga asos solgan xalq akademigi Zayniddin Faxriddinovning ishlarini eslab o‘tmay bo‘lmaydi.

Zayniddin Faxriddinov 1922-yilning 8-fevralida Toshkent viloyati Salor qo‘rg‘onida dexqon oilasida tavallud topgan. 6-sinfni tugatib, otasining yonida ishlagan. O‘sha paytdagi qiyinchiliklar tufayli nainki oliy ma’lumot, hatto o‘rta ma’lumot ham ololmaydi.

Otasi Faxriddin og‘a bir umr dehqonchilik bilan shug‘ullanib, kasbiga bo‘lgan mehrini o‘g‘lining qalbiga jo qilgan. Endigina 12 yosh bo‘lishiga qaramay, Zayniddin o‘zi mustaqil ravishda meva-sabzavot ko‘chatlari ekib, yuqori hosil olishga erishgan. Ayniqsa, atirgul ko‘chatlari o‘stirishga alohida mehri tushadi. Yerga na’matak urug‘i sepib, unib chiqqan nihollarni payvandlab, bir kunda 1000 – 1200 donagacha atirgul ko‘chatlarini tayyorlagan. Yosh Zayniddin qiziquvchanligi tufayli 10 yoshida otasi bilan bahslashadi va besh-olti yildan so‘ng hosil beradigan yong‘oqning o‘q ildizini kesib, qandoqda o‘stiradi va ikki yildan so‘ng hosil oladi. O‘g‘lining ushbu harakatidan quvongan otasi hayratini yashira olmay: «Bolam, sendan kelajakda zo‘r bog‘bon chiqadi!», — deydi. Bu niyat murg‘ak bolakay qalbida nish urayotgan orzu-umidlarga kuch, qanot beradi.

Limon o‘simligi namunasini iqlimlashtirish harakati 1932-yili boshlangan edi. O‘shanda yurtimizga Gruziyadan kelgan 15 nafar olim mahalliy mutaxassislar ko‘magida sitrus ekinini ekib, ko‘paytirishga kirishadi. Biroq uch yillik sinov kutilgan natijani bermaydi. Ya’ni O‘zbekistonda qish qattiq kelishi oqibatida daraxtlarni sovuq uradi. Hafsalasi pir bo‘lgan olimlar o‘simliklarni ko‘mib tashlashga qaror qilishadi.

Jarayonni yaqindan kuzatgan Faxriddin bobo endigina o‘nga kirgan o‘g‘liga: «Zayniddin, o‘simlik to‘g‘ri parvarishlansa, tuprog‘imizda albatta hosil beradi», — deydi. Bu so‘zlar bo‘lg‘usi bog‘bonning limonga mehri tushishiga katta turtki bo‘lgandi. Oradan yillar o‘tsa-da, mazkur injiq o‘simlikni ko‘paytirish fikri uning xayolidan bir zum ham ketmaydi. Biroq ko‘chatni qayerdan oladi? Buni qarangki, bog‘bon na’matakka atirgulni payvand qilish orqali yetishtirgan atirgul ko‘chatlariga Gruziyada talab ortib ketadi. Natijada uning orzusi ro‘yobi sari yo‘lakcha ochiladi.

1957-yili Zayniddin Faxriddinov atirgul ko‘chatini Gruziyaga olib borib, o‘rniga limon nihollarini olib keladi. Ekishda esa an’anaviy usullardan voz kechib, transheyani qo‘llaydi. Ya’ni yerning bir yarim metr tuprog‘ini olib tashlab, usti yopiq holda, isitkichsiz parvarishlay boshlaydi.

Chin dildan qilingan mehnat samarasi uzoq kuttirmadi. 1960-yilning oktyabrida limon daraxtlaridan nishona hosil uzib olindi. Shu tariqa Zayniddin Faxriddinov izlanishlari tufayli yurtimizda bog‘dorchilikning yangi tarmog‘i – limonchilikka asos solindi. Seleksioner «Novogruzin» naviga «Meyer» navini ulash orqali yangi «F-1 Toshkent» navini yaratishga muvaffaq bo‘ladi. 1967-yilda O‘zbekiston iqlimiga mos keladigan limon ko‘chati meva beradi. Limon mevasi tarkibida 4 foizgacha limon kislotasi bo‘lib, po‘sti bilan iste’mol qilsa bo‘ladi. Seleksionerning «F-1 Toshkent», «F-2 Yalang‘och», «F-3 O‘zbekiston» navlari 450 grammdan 2,5 kilogrammgacha bo‘lgan.

1965 – 1995-yillarda Toshkent viloyatining hozirgi Qibray tumanida umumiy maydoni salkam 70 gektarlik issiqxona bunyod etilib, limonzorlar yaratiladi. Uning har gektaridan 30 tonnadan hosil olinadi. U nafaqat respublikamiz aholisi dasturxoniga tortiq etiladi, balki eksport ham qilinadi. Hozirgi kunda 1200 gektar yerga limon ko‘chatlari ekilib, 60 ming tonna hosil olinadi. Bundan 2400 tonnasi eksport qilinadi.

O‘zbek olimi, akademik yaratgan o‘ndan ortiq limon navi, «O‘zbekiston» apelsin navi, «Toshkent» mandarin navi nafaqat yurtimiz, qolaversa, chet davlatlarda ham yetishtiriladi.

Bu pokiza boqqa kirsang, bahri diling ravshan bo‘lur.

Xalq seleksioneri, akademik Zayniddin Faxriddinov limonning «F-2 Yubileyniy», «Zolotaya yabloka», «F-1 Toshkent» singari mahalliy navlarini yaratgan. Navlar serhosilligi, mevasi yirikligi, o‘zgacha mazasi bilan hozirgacha iste’molchilar orasida alohida qadrlanadi. Bog‘bon o‘z davrining bir qancha davlat mukofotlari, ya’ni O‘zFA faxriy akademigi, «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan agronom», «Sog‘liqni saqlash a’lochisi» kabi unvon va mukofotlar bilan taqdirlangan. Bularning barchasi mashaqqatli izlanishu uzluksiz mehnat samarasidir.

O‘zbek bog‘dorchiligi dovrug‘ini dunyoga yoyishga munosib hissa qo‘shgan bu zahmatkash insonning izlanishlari nafaqat soha vakillari yoki jurnalistlar, balki yozuvchilar, jamoat arboblarining ham qiziqishiga sabab bo‘lgan va ular hayratlanib o‘z dil so‘zlarini yozib qoldirishgan:

Bu pokiza boqqa kirsang, bahri diling ravshan bo‘lur.

Islom Karimov, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti

* * *

Bu shifobaxsh ajoyib tarixiy bog‘ni yaratuvchi aqli raso mirishkor dehqondir.

Sharof Rashidov, davlat va jamoat arbobi

Ra’no Xodjayeva, fan nomzodi.

«Xalq so‘zi» gazetasidan olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring