Maqtanchoqlik qimmatga tushdi: Uzbelas Performance rahbariga nisbatan ish qayta ko‘rib chiqiladi
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video sabab keng jamoatchilik e’tibor markaziga tushgan 2003 yilda tug‘ilgan Asadbek Jumayev Uzbelas Performance nomli tyuning kompaniyasi rahbari ekani ma’lum bo‘ldi.
Qayd etilishishicha, u transport vositalarini tyuning qilish va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelgan. Internetda muhokamalarga sabab bo‘lgan video esa uning o‘z so‘zlari bilan aytganda, “maqtanchoqlik va piar” maqsadida tayyorlangan saviyasiz kontent bo‘lgan.
Videoda u: “Kimdir 15 sutkaga kirib ketardi bu narsa orqasidan, lekin biz kichkina jarima bilan qutilib qoldik, 10 ’minimalka’ miqdorida”, — deya maqtangandi.
Asadbek Jumayev o‘z izohida “men bizning tyuning servisimizdan chiqib, shaharda YPX xodimlariga bo‘ysunmaslik va boshqa qoidabuzarlik qilgan avtomobillarni targ‘ib qilgan holda videoni o‘zimning ijtimoiy tarmoqlarimga joylaganman. Buning uchun jarimaga tortilganman. U gaplar bor-yo‘g‘i maqtanchoqlik va piar orqasidan kelib chiqib aytilgandi”, deya tushuntirish bergan.
Bu “piar” jamoatchilik orasida qonunbuzarlikni targ‘ib qilish mumkinligi haqidagi tasavvur uyg‘otgani bilan xavotir uyg‘otdi. Aslida esa jamiyat xavfsizligiga tahdid soluvchi har qanday axborotni tarqatganlik uchun javobgarlik bor.
Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Uzbelas Performance avtoservisi rahbari Asadbek Jumayev ishtirokidagi videointervyu o‘rganib chiqilgan.
Aniqlanishicha, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani sudining 2026 yil 16 yanvardagi qaroriga ko‘ra, A. Jumayev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 195-2-moddasi (huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto va (yoki) videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish) bilan bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari, ya’ni 8,4 million so‘m miqdorida jarimaga tortilgan.
"O‘rganish natijalariga ko‘ra, holatga xolis huquqiy baho berish maqsadida 2026 yil 26 fevral kuni Mirzo Ulug‘bek prokuraturasi tomonidan Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga protest kiritilishi ta’minlandi.
Hozirda mazkur ish yuqori sud instansiyasida qayta ko‘rib chiqilishi kutilmoqda", deyiladi Bosh prokuratura xabarida.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter