Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sanjar Said

Hayotda mo‘jizalar sodir bo‘ladi

Marg‘ilondagi holat boshqa joyda qaytarilmasligiga kafolat bormi?

Marg‘ilondagi holat boshqa joyda qaytarilmasligiga kafolat bormi?

Illyustrativ surat.

Foto: «hyser.com.ua»

So‘nggi vaqtlarda bolalar, voyaga yetmaganlarning huquqlari toptalayotgani haqidagi xabarlar tez-tez quloqqa chalinayapti. Hali u bog‘chada bolalar kaltaklangani, hali bu kollejda o‘quvchilar haqorat qilingani... Marg‘ilondagi myehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining xo‘rlangani, kaltaklangani, turli g‘ayriaxloqiy ishlarga jalb qilingani haqidagi xabar barchasidan o‘tib tushdi. Xo‘sh, Marg‘ilon voqeasi, aytaylik, Toshkent yoki Samarqand voqeasi sifatida qaytarilmasligiga kafolat bormi?

O‘zbekistonda bolalar huquqlari qanday himoya qilinishi kerak?

Oshkor bo‘layotgan holatlar soni ortib borayotganidan xulosa qilish mumkinki, O‘zbekistonda bola huquqlarini ta’minlashda jiddiy muammolar bor. Har bir hodisa bo‘yicha aybdorlarni jazolash bilan ish bitmasligi ko‘zga tashlanib qolayapti. Shu bois nafaqat bolalar bilan bevosita ish olib boriladigan tashkilot va muassasalarda, balki oddiy oilalarda ham bola huquqlarini ta’minlash bo‘yicha jiddiy ishlar qilinishi kerak. Chunki mehribonlik uylari, ta’lim muassasalarida bolalar bilan ishlash bo‘yicha tartiblar, qonun-qoidalar ishlab chiqilgan, ularga mas’ullar biriktirilgan. Masala faqat ijroda qolgan. Ammo hamma oilalarda ham bolalar har tomonlama himoya ostida emas.

Ba’zi ota-onalarda «bola meniki, uni istaganimcha yoki bilganimcha tarbiya qilaman» degan noto‘g‘ri tushuncha bor. Umumjahon va milliy qonunchilik esa bunday odamlarga cheksiz va daxlsiz huquq bermaydi. To‘g‘ri, davlatning (yoki begona shaxslar – huquq himoyachilarining) har bir oiladagi bolalar tarbiyasiga aralishishini hazm qilish qiyin. Har kim bolani o‘zicha katta qiladi. Lekin jamiyatdagi muammolar hatto oilalarni ham bola tarbiyalashda o‘z holiga tashlab qo‘yib bo‘lmasligini ko‘rsatayapti. Xorij tajribasida ham shunday. Bilganim, eshitganlarimning ayrimlarini o‘rtoqlashsam.

Ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda bolalarga davlat tomonidan ajratilayotgan moddiy yordamni ota-onalar istaganicha tasarruf qila olmaydi. Maxsus kartaga tushirib beriladigan pullarni faqatgina bolalar uchun mo‘ljallangan mahsulotlar, kiyim-kechak va oziq-ovqatga sarflash mumkin. Deylik, ona bolasiga berilgan kartadan pampersga pul to‘lashi mumkin, lekin «Pepsi» sotib ololmaydi.

Ko‘pgina rivojlangan davlatlar qonunchiligida oilada bolalar uchun minimal sharoit yaratilishi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan. Masalan, Rossiyada bola huquqlari bilan shug‘ullanuvchi mas’ul organ xodimlari voyaga yetmagan farzandlari bor oilalarga kirib, bola uchun yaratilgan sharoitlar, masalan, yotoq joylarini tekshirish huquqiga ega. Esingizda bo‘lsa, bolasi olib qo‘yilgan o‘zbekistonlik oila haqidagi xabarlarda rasmiy organ bola yotishi uchun sharoit yo‘qligi, unga yerdan joy qilib berilganini ham ro‘kach qilgan edi.


Mavzuga doir:

Marg‘ilondagi mehribonlik uyi: xo‘rlangan bolalar, xo‘rlangan qizlar...


Shuningdek, rivojlangan davlatlarda farzandli oilalarda bolalar iste’mol qilishi uchun bo‘lishi shart bo‘lgan oziq-ovqatlar ro‘yxati shakllantirilgan. Meva-sabzavotlar, tuxum, sut-qatiq, saryog‘, go‘sht va boshqa oziq-ovqatlar gigiyena va sanitariya talablari asosida saqlanishi va tayyorlanishi lozim.

Bola tarbiyasi, uning har tomonlama sog‘lom voyaga yetishi nafaqat oila, balki davlat kelajagi uchun ham muhim. Shu bois O‘zbekistonda bola huquqlarini ta’minlashga qaratilgan yangi, zamon talablariga mos milliy dastur qabul qilinib, bola huquqlarini ta’minlash, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish, amaldagi qonunchilikni takomillashtirish kabilarga mas’ul bo‘lgan yagona vakolatli tuzilma tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring