Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mas’uliyatdan qochgan maktab direktori ishchi guruhdan ham qochdi

Mas’uliyatdan qochgan maktab direktori ishchi guruhdan ham qochdi

Foto: «Xabar.uz»

Mahalla va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish bo‘yicha tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi shu kunlarda Bo‘z tumanida o‘rganish ishlarini olib bormoqda.

Tumanda aniqlangan ayrim holatlarga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Jumladan, «Chorvador» MFY Yoshlik ko‘chasi 161-uyda yashovchi Marg‘uba Nazarova 1977-yil 16-aprelda Bo‘z tumanida tug‘ilgan. Shahrixon tumanida yashovchi Botirjon Rahmonovich Nazarov bilan 1998-yil 23-aprelda turmush qurgan. Ularning nikohi Bo‘z tuman FHDYoda 29-(I-AN, №0265636) raqam bilan qayd etilgan. Oradan bir yil o‘tib Marg‘uba Nazarova turmush o‘rtog‘i bilan ajrashadi. O‘rtada farzand yo‘q edi. 2001-ilda u Xayrulla Usmonovga turmushga chiqadi. Biroq oila shar’iy nikoh asosida qurildi. Hozir ularning uch farzandi — Nurilla, Behro‘z, Bekzod To‘xtasinovlar bor. Ammo...

Foto: «Xabar.uz»

6-ishchi guruh vakillari xonadonga borib muammolar bilan qiziqdi. Marg‘uba Nazarova turmush o‘rtog‘i bilan o‘rtasida haligacha nikoh guvohnomasi yo‘qligini bildirdi. Shu bilan birga 12 yoshli Behro‘z maktabga chiqa olmayotgani, 7 yoshli Bekzod esa 1-sinfga chiqa olmaganidan yozg‘irdi.

Aniqlanishicha, Behro‘z va Bekzod To‘xtasinovlarning haligacha tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi mavjud emas. Onaizor bir necha marta maktab ma’muriyatiga murojaat qilgan bo‘lsa-da, ularni o‘qishga qabul qilishmagan. Bolalarga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning berilmaganiga sabab qilib Marg‘uba Nazarovaning, oradan salkam 20 yil o‘tib ketgan bo‘lsa-da, birinchi turmushidan qonunan ajrashmagani ko‘rsatilgan.

Nikohni qayd etish uchun esa avval eri bilan sud orqali ajrashishi kerak. Hozir birinchi er yashash joyidan topilmagani sababli qidirilmoqda.

Loqaydlikning jabrini esa bola ko‘rmoqda. Marg‘ubaning hozirgi turmush o‘rtog‘i ustachilik bilan mashg‘ul bo‘lib, hozir Toshkentda mavsumiy ish bilan band.

Respublikadan vakillar kelgach Behro‘z To‘xtasinovni maktabga shoshilinch joylashtirish choralari ko‘rildi. Tuman xalq ta’limi bo‘limi vakili, ruhshunos, 11-maktab boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi ishtirokida bola sinovdan o‘tkazildi. O‘qish, yozish, muloqot va so‘zlash malakasi tengqurlaridan ancha ortda qolgani sababli u 4-sinfga emas, 3-sinfga qabul qilindi.

Foto: «Xabar.uz»

– O‘qishni yaxshi ko‘raman, lekin kitobim yo‘q, — deydi Behro‘z To‘xtasinov atrofga jovdirab. – O‘qishni uyda onam ozroq o‘rgatgan. Minggacha sanashni bilaman. Bolalar maktabga ketayotganini ko‘rib havasim kelardi. Katta bo‘lsam harbiy bo‘laman.

Shu mahalladagi 175-uyda istiqomat qiluvchi Sharifa Toshmatova 1976-yilda Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Novqat tumanida tug‘ilgan. 1997-yilda bo‘zlik Ulug‘bek Razzoqovga turmush chiqadi. Ammo qonuniy nikohdan o‘tmagan, shar’iy nikoh asosida yashab kelmoqda. O‘rtalarida uchta farzand bor. 1998-yilda tug‘ilgan Shoiraxon To‘xtasinovaning, 2002-yilda tug‘ilgan Muhammadqodir To‘xtasinovning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi bor.

– Katta farzandlarimning hujjatlarini qaynonam to‘g‘rilab bergan edi. 2003-yilda u kishi qazo qilgach, men bu ishlarga qiynalib qoldim. Ishchi guruhi kelganida 2006-yilda tug‘ilgan Muhammadyusufning guvohnomasi yo‘qligini aytdim, — deydi Sharifa Toshmatova. — Chunki 2005-yilda pasportim yo‘qolib qolgan edi. Qo‘rqib pasport stoliga bormadim. Hech kimga aytmay yuraverdim. Negaki nikoh qog‘ozimiz yo‘q edi. Deport qilishlari mumkin edi. Qirg‘izistonga ham bora olmadim. Natijada bolam 7 yoshga kirgach, maktabga bera olmadim. Maktab direktori Jahongir Mullaboyevga murojaat qilsam, «metrka»si bo‘lmasa, uni maktabga qabul qila olmayman deb haydab yubordi. Ishchi guruh uyimizga kirib kelgach, shu muammolarni tushuntirdim. Bir kun ichida FHDYo bo‘limi Muhammadyusufimga tug‘ilganlik guvohnomasini berdi. O‘zimning pasportimni olish bo‘yicha esa pasport bo‘limi hujjat berdi. Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchixonasiga boradigan bo‘ldim. U yerda ikki oylik sertifikat berisharkan. Qirg‘izistonga borib, pasportimni tiklab kelaman. So‘ng O‘zbekiston fuqaroligiga hujjat topshirar ekanman. Qizimga esa pasport oldik. Uni turmushga uzatishim kerak. Sharoitimiz og‘ir, gaz plita va gaz ballonlarim bor-yo‘qligini ham so‘rashdi. Bu muammoni ham hal qilib berishni va’da qilishdi...

Aslida Sharifa ota-onasi ajrashib ketganida uch-to‘rt oylik go‘dak edi. Buvisi qo‘lida tarbiya topdi. Otasi uylanib ketgan, onasi boshqa turmush qilgan. Buvisi bir necha yil muqaddam qazo qilganida ham ta’ziyasiga bora olmagan edi. U turmush o‘rtog‘i bilan uzoqroq qarindosh bo‘ladi. O‘rtada muhabbat tufayli Andijonga kelin bo‘lib tushgan. Otasi uni unutgan, onasi esa onda-sonda holidan xabar olib turgan. O‘tgan yili post ochilgach, ikki xolasi kelib ahvolidan xabar olib ketgan. Oila boshlig‘i Ulug‘bek Razzoqov cho‘ponlik qiladi.

Foto: «Xabar.uz»

11-maktabga borganimizda har ikki bola darsga birinchi marta kelishi bo‘lsa-da, sinfga ancha moslashib olganiga guvoh bo‘ldik. Ulardagi o‘qishga ishtiyoq, qiziqish yuz-ko‘zidan ko‘rinib turar edi.      

– Bolalarning birinchi kundagi o‘zlashtirishi yomon emas, — deya yozuv daftarini ochib ko‘rsatadi bizga maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Muhtaram Boltaboyeva. – Bir oy davomida sinaymiz, agar yaxshi o‘zlashtirishsa o‘z tengdoshlari guruhiga navbatdan tashqari o‘tkaziladi. Biroq ular endi sinfdoshlariga yetib olishlari uchun o‘z ustida qattiq ishlashiga to‘g‘ri keladi. Bolalarni darsdan tashqari qo‘shimcha soatlarga ham jalb qilamiz. 

Ming afsuski, o‘rganish chog‘ida 11-maktab direktori Jahongir Mullaboyev juftakni rostlab qoldi. Undan intervyu olishning imkoni bo‘lmadi.

– Nazarovlar oilasi mahallada doimiy ro‘yxatda turmaydi. Sharoiti yaxshi bo‘lmagani sababli bayramlarda doimiy yo‘qlab turamiz. Hujjatlar masalasida yordam qilaylik deb ko‘p aytganmiz. Ammo loqaydligi tufayli hech natija chiqmagan, — deydi «Chorvador» MFY raisi Ilhomjon Po‘latov o‘zi qilishi kerak bo‘lgan ishlarni qilmaganini oqlab. – Razzoqovlar oilasi bo‘yicha gapirsam, bir yildan buyon mahallada muqim yashamoqda. Ilgari Shahrixonda istiqomat qilishgan. Qishda Ulug‘norga ko‘chib ketishadi, yozda Toshkent viloyati yaylovlariga mol boqqani ketishadi. Inson o‘z farzandi taqdiri uchun o‘zi ham harakat qilishi kerak emasmi? Bola tarbiyasi uchun avvalo ota-ona mas’ul-ku.

Maktab direktori majburiy ta’limga jalb qilish chorasini ko‘rmagani yetmaganday, oila-mahalla-maktab tamoyili nega Bo‘zda ishlamayapti? Tuman vasiylik kengashi rahbari – hokim, uning o‘rinbosari – xalq ta’limi bo‘limi rahbari va boshqa a’zolari qayerga qaragan?  

Sektor rahbari — tuman hokimi nega shu vaqtgacha mazkur muammo bilan biror marta ham qiziqmagan? Nima uchun Toshkentdan ishchi guruh kelib uyma-uy yuradi-yu, tuman mutasaddilari bu ishga vaqt topa olmaydi? Mas’uliyatsizlik qachongacha davom etadi? 22 yildan buyon viloyatda yashayotgan insonlar taqdiri o‘yinchoqmi?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring