Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mikelanjeloning chizmasi kimoshdida 23 million dollarga sotildi

Mikelanjeloning chizmasi kimoshdida 23 million dollarga sotildi

Foto: Christie’s

Nyu-Yorkdagi Christie’s auksionida buyuk Mikelanjelo qalamiga mansub, ilgari noma’lum bo‘lgan eskiz 23 million dollarga o‘z xaridorini topdi.

Auksionlar uyi mutaxassislari ushbu asar 2 mln dollargacha sotilishini chamalashgandi, biroq yakuniy taklif kutilganidan qariyb o‘n baravar yuqori bo‘ldi.

Italyan uyg‘onish davri dahosi bundan besh yuz yil avval chizgan oyoq eskizi payshanba, 5 fevral kuni «Eski ustalar kartinalari» auksionida sotildi. Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, bu Mikelanjelo Vatikandagi Sikstin kapellasi shiftini bezashda tasvirlagan Liviya Sivillasining (bashoratchi ayol) oyoq qismi uchun ishlangan etyuddir.

Qizig‘i shundaki, surat egasi bu buyumning naqadar qimmatbaho ekanligidan bexabar bo‘lgan va Christie’sga shunchaki baholab berishni so‘rab uning fotosuratini yuborgan. Eskiz egasi o‘z shaxsini sir saqlashni ma’qul ko‘rdi. U AQShning Tinch okeani sohilida yashashi va ushbu nodir rasm unga buvisidan meros qolgani ma’lum. Uning aytishicha, ushbu chizma XVIII asr oxiridan buyon, ya’ni ajdodlari Yevropada yashab yurgan davrlardan beri ularning oilasida saqlanib kelgan.

Christie’s Eski ustalar ishlari departamenti rahbari Endryu Fletcher ushbu topilma va uning muvaffaqiyatli sotilishini o‘z faoliyatidagi eng yorqin va unutilmas voqealardan biri deb atadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring