Mirziyoyev Navoiyga ketish oldidan aeroportda nemis kompaniyasi raisi bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 2-mart kuni Toshkent xalqaro aeroportida Germaniyaning «Mangold Konsalting» kompaniyasi boshqaruvi raisi Klaus Mangold bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekistonda Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini alohida ta’kidladi.
Uchrashuvda Germaniya kompaniyalari bilan O‘zbekistonda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalarini ochish, transport-logistika va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, savdo-sotiq va qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
«Mangold Konsalting» kompaniyasiga raislik qilish bilan birga turizm sohasida eng yirik kompaniyalardan biri bo‘lgan «TUI grup» kuzatuv kengashining rahbari sanaladigan Klaus Mangold O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga muloqot qilish ish imkoniyati hamda Germaniya ishbilarmon doiralarining mamlakatimizdagi loyihalari va takliflariga ko‘rsatilayotgan har tomonlama ko‘mak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli biznes-sheriklikdan g‘oyat manfaatdor ekanini qayd etdi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda O‘zbekistonda Germaniyaning «MAN», «Klaas», «Lemken», «Knauf» kabi o‘z sohasida yetakchi bo‘lgan konsern va korxonalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. «Simens», «Bosh», «Vismann», «Xumana» va ko‘plab boshqa kompaniyalar bilan birgalikda istiqbolli investitsiya loyihalari ishlab chiqilmoqda. Germaniyadan O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etilgan investitsiyalar hajmi 1 milliard dollarini tashkil etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter