Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mirzo Boburni tushunishdagi yangi qadam

Mirzo Boburni tushunishdagi yangi qadam

Foto: «Xabar.uz»

Yaqinda «Bobur va dunyo» nomli rangli, ko‘p sahifali jurnal nashr etila boshlandi. Uning maqsad va vazifalari haqida gapirib berishni bosh muharrir Nabi Jaloliddindan iltimos qildik:

— Fikrimni asosiy gapdan boshlasam: muhtaram Prezidentimiz Andijonga qilgan tashrifi chog‘ida Bog‘ishamol qirlarida joylashgan Bobur bog‘ida bo‘lib, «Bobur va jahon madaniyati» muzeyidagi dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan keltirilgan nodir qo‘lyozma va kitoblar bilan tanishgandi. Shuningdek, Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi Zokirjon aka Mashrabov bilan samimiy suhbatlashib, bog‘ni zamon talablari darajasida ta’mirlash, muzeyni kengaytirish haqida topshiriqlar bergandi va keyinroq obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun katta mablag‘ ajratdi.

Muhtaram Yurtboshimiz Andijondagi saylovoldi uchrashuvida esa, Bobur mirzo hayoti va ijodini uning ota yurtidagi o‘quv yurtlarida, maktablarda boshqa viloyatlardan farqli, ya’ni kengroq o‘qitish haqida tavsiyalar bergandi. Chunki Andijon yoshlari buyuk yurtdoshlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishlari lozimligini ta’kidlagandi.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi muhtaram Prezidentimizning ana o‘sha topshiriq va tavsiyalarini bajarish maqsadida Andijon viloyati hokimligi bilan hamkorlikda ushbu jurnalni ta’sis etdi.

Nashrimiz ulug‘ shoir hayoti va ijodining ochilmagan qirralarini tadqiq etishni, u haqdagi yangi ma’lumotlarni topib, o‘quvchilarga yetkazishni mo‘ljallab ish olib boradi. Nafaqat o‘zimizdagi, balki xorijdagi yetuk boburshunos olim va adiblar bilan aloqa o‘rnatib, ijodiy hamkorlik qilishni rejalashtirganmiz. Bundan tashqari, boy tariximiz va milliy adabiyotimizga oid qiziqarli maqola hamda tadqiqotlarni, mukammal badiiy asarlarni e’lon qilish niyatidamiz. Xullas, niyatlarimiz ezgu va katta. O‘ylaymizki, «Bobur va dunyo» milliy ma’naviyatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shuvchi nashrga aylanadi. Kelgusida jurnalni rus va ingliz tillarida ham chiqarish niyatidamiz.

Barcha olim va adiblarni, bizga befarq bo‘lmagan ziyolilarni hamkorlikka chorlab qolamiz.

Muhammadali Mamadaliyev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring