Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Moskvadagi «Vnukovo» va «Sheremetevo» aeroportlaridagi vaziyat haqida ma’lumot berildi

Moskvadagi «Vnukovo» va «Sheremetevo» aeroportlaridagi vaziyat haqida ma’lumot berildi

Foto: Videodan skrinshot

Ijtimoiy tarmoqlarda Moskva shahrining «Vnukovo» va «Sheremetevo» xalqaro aeroportlarida ikki mamlakat o‘rtasida havo, avtomobil va temir yo‘l aloqasi to‘xtatilgani tufayli mamlakatimizga parvoz qila olmagan hamyurtlarimiz qolib ketgani haqida ma’lumotlar tarqatildi.

O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi ushbu ma’lumotlarni tasdiqladi.

Qayd etilishicha, elchixona tomonidan «Vnukovo» aeroporti rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokalar natijasida yurtdoshlarimizning vaqtincha qolishi uchun «B» terminali ajratilgan. Bu yerda zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lib, jumladan, tibbiyot punkti, hammom va hojatxonalar mavjud, issiq ovqat berilishi yo‘lga qo‘yilgan, mebellar (kreslo, divanlar, stol va stullar) o‘rnatilgan.

TIV bergan xabarga ko‘ra, fuqarolarimiz maxsus belgilangan hududga borishdan bosh tortib, hali hamon «Vnukovo» aeroportining ro‘yxatdan o‘tish joyida qolmoqdalar.

Yurtdoshlarimizdan mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda, iloji boricha tezroq «B» terminaliga o‘tish so‘ralgan.

Elchixona «Sheremetevo» aeroportidagi vaziyatni ham nazorat ostiga olgan hamda hozirda Rossiya hukumati bilan boshqa davlatlardan Moskvaga tranzit orali uchib kelgan fuqarolarimizni olib chiqish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. O‘zbek diasporasi vakillari va homiylar bilan birgalikda vatandoshlarimizni issiq ovqat bilan ta’minlash masalasi ham hal etilmoqda.

TIV Rossiya hududidagi vatandoshlarimizni xotirjamlikka chorlab, imkon qadar, ehtiyot choralariga qat’iy rioya qilgan holda doimiy/vaqtinchalik yashash joyini tark etmasliklarini so‘ragan.

Xabar qilinishicha, 2020 yil 19 martdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik bo‘lish muddatini uzaytirishlari mumkin. Buning uchun ular o‘zlari bo‘lgan joyga eng yaqin Ichki ishlar vazirligi hududiy bo‘limiga tegishli ariza bilan murojaat qilishlari lozim.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring