Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mudofaa vazirligi qo‘shinlari jangovar shayligi sinovdan o‘tkazilyapti (foto)

Mudofaa vazirligi qo‘shinlari jangovar shayligi sinovdan o‘tkazilyapti (foto)

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy okruglarida rejaga asosan qo‘shinlarni jangovar shaylikka keltirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar boshlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Xususan, mudofaa vaziri rahbarligida Toshkent va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okruglari hamda Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari harbiy qism va bo‘linmalarida qo‘qqisdan tekshiruvlar bo‘lib o‘tmoqda. Bunda shaxsiy tarkib va jangovar texnikalarning shayligi tekshiruvdan o‘tadi.

Shuningdek, «Angren» va «Termiz» umumqo‘shin dala maydonlari hududida Toshkent va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonliklari tasarrufidagi harbiy qism va hamkorlikdagi kuch tuzilmalari o‘rtasida o‘zaro tajribalar almashish hamda harakatlarni muvofiqlashtirish, harbiy xizmatchilarning amaliy dala ko‘nikmalarini takomillashtirish maqsadida batalon taktik o‘quvlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Taktik o‘quvlar davomida «Trevoga» signali berilganda shaxsiy tarkibning harakatlari, belgilangan yo‘nalish bo‘yicha himoyani kuchaytirishi, qo‘yilgan jangovar o‘quv vazifalarini sifatli bajarish borasidagi ko‘nikmalari sinovdan o‘tkaziladi.

Shuningdek, shartli dushmanning ehtimoliy joylashgan hududi aniqlanib, keyinchalik ular tomonidan olib borilishi mumkin bo‘lgan faol harakatlarni bartaraf etish maqsadida ular joylashgan hududlarga aviatsiya hamda artilleriya bo‘linmalarining kuch va vositalari hamda minomyotchilar batareyasi tomonidan zarbalar beriladi.

O‘quv mashg‘ulotlari davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring