Muhojirlikdan qaytib, ITda o‘z o‘rnini topgan yigit hikoyasi
Abbos XUShBAQOV,
1pos.uz kompaniyasi asoschisi:
– Yoshim 25 da. Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumanida tug‘ilganman. Yoshlikdan ITga qiziqishim bo‘lgan. 2014-yildan boshlab ITni o‘rganishni boshlaganman. Ustozlarsiz, internetdan ma’lumotlarni izlab ko‘rib, bosqichma-bosqich o‘rganganman.
2017-2018 yillardan boshlab mablag‘ topishni boshlaganman. Loyihani boshlashdan oldin biznesda tajribam bo‘lmagan, faqatgina ITni bilganman.
2019-yili to‘qqizinchi akademik litseyni tugatganman. Undan keyin, hamma boshqa yigitlarga o‘xshab men ham universitetga o‘qishga topshirishim kerak edi. Axborot texnologiyalari universitetiga topshirganman – yiqilganman. Undan keyin Rossiyaga ketdim. Ikki yil davomida u yerdagi yaxshi rivojlangan IT mahsulotlarni o‘rgandim. Kurer bo‘ldim, kassada ishladim. O‘sha vaqtda ishlatilayotgan IT mahsulotlarning ishlash tarzini o‘rgandim. Keyin O‘zbekistonga qaytib o‘sha o‘rganganlarimni amalga oshira boshladim.
Har doim o‘z loyihamni yaratmoqchi bo‘lganman. 2022-yilda o‘zimni loyiham bo‘lishi kerak, sotuvi bo‘lishi kerak, xalqaro bozorga chiqishimiz kerak – mana shunaqa o‘y-xayollar bo‘lgan. 2023-2024 yillarda loyihamizni ishlab chiqarish jarayoni bo‘lgan. 2024-yilda savdoni boshlaganmiz.
Dastlab menda boshlang‘ich qiyinchiliklar bo‘lgan. ITchi bo‘lganim uchun meni kompyuter ustasi yoki programma qiladigan odam, deb o‘ylashgan. Oilamizdagilar tomonidan ham bu ishimizga ishonchsizliklar bo‘lgan. O‘shanda 2000-1500 dollar atrofida pulim bor edi. Yo men unga mashina olishim kerak yoki qanaqadir biznes boshlashim kerak edi. Lekin 2000-1500 dollar yetmaydi. Men nima qildim? Boya aytib o‘tganimday, Rossiyada ishlayotgan jo‘ralarimga telefon qildim: bolalar, mana shunaqa narsa qilsak, bizning bozorimiz – bo‘sh. Bozorni egallashimiz mumkin. Sizlar menga 1000 dollardan, 1500 dollardan bo‘lgancha tashlanglar. Mahsulotni sotishni boshlaylik, rivojlantiraylik, quraylik. Xullas, bolalarni ishontirdim. Pulni tashlab berishdi. Bu yoqdan men ishlarni boshladim. Sotuvni endi boshlaganimdan keyin bittasini chaqirdim, keldi. Sotuvlarni kuchaytirganimizdan keyin uchinchisi ham yonimimizga qaytdi.
Hozirda topishimiz yaxshi. Rossiyada yurgandan ko‘ra, yaxshi daromad topyapmiz. O‘z uyimizda, o‘z ota-onamiz bag‘rida, oshnalarimiz, og‘aynilarimiz bilan yashaganimizga nima yetsin. Masalan, bolalar ham har doim menga rahmat aytishadi. Yanada rivojlanishga harakat qilishadi. Xursandmiz, shu loyihani boshlaganimizdan.
Bizni qiladigan ishimiz kichik va o‘rta biznes egalari uchun: mahsulotlarini kirimi, chiqimi, sotuvi, toza foydasi, mijozlarini tahlil qilib beramiz. Dasturiy ta’minotimiz – eng yaxshi mijozlar kim, eng zo‘r sotilayotgan mahsulotlar, qancha foyda qilyapti, qaysi mahsulotlarga chegirma berish kerak, omborda qolib ketyaptimi – shularni tahlil qilib beradi. Hozirda Afg‘oniston, Tojikiston bozori ancha-muncha bo‘sh – o‘zimizning bozorimizdan tashqari. O‘zimizni bozorimizdagi ishlarni davom ettirib, Tojikiston, Afg‘oniston bozoriga chiqmoqchimiz.
Startapimiz testdan o‘tgan, bozor o‘rganib olingan, sotuv bosqichida hozir. Mijozlar bilan ishlayapmiz, ularning fikriga qarab yanayam yangi yangiliklar yoki funksionalliklar qo‘shish bosqichida – sotuvimiz bor. Endi yutuqlarga keladigan bo‘lsak: yaqin jo‘ralarim yonimda, pulimiz bor, daromadimiz yaxshi, istalgan vaqtimizda ish joyimizda bo‘lib ishlay olayapmiz. Yanada jamoani kengaytirayapmiz, asosiysi – ishimiz kengayganidan kengayyapti, yutuqlarimizning asosiysi shu.
Mana shu vaqtgacha yetib kelguncha asosiy 2ta narsa bor, bir boshidan aytib o‘taman.
Birinchisi – qiziqish: odamlar uchun o‘zini kasbi xobbiday bo‘lsa, o‘shanda charchamaydi deyishadiku, menga ham, masalan, 20 soat, 24 soat IT bilan yoki shunga o‘xshash ish bilan shug‘ullansam, charchamayman. Asosiy omillardan bittasi shu bo‘lgan.
Ikkinchisi – Rossiyaga borganim haqida aytdim, ishlash uchun. U yerda har xil ishni qilganman, to‘g‘ri kelgan ishni qilganman. O‘sha joyga qaytib bormaslik uchun ham hozirgi loyihamizni rivojlantiryapmiz.
Hozirgi asosiy daromad manbasi bizda mahsulotimizni mijozlarga sotishdan iborat. Undan tashqari, bizda boshqa jamoalarimiz shakllangan – mustaqil ishlaydigan jamoamiz ham bor. Chet elga IT produktlarni eksport qilamiz, o‘zimizning mahalliy bozordan buyurtmalar mavjud.
Jamoamizda 6 kishi ishlaydi. Ularni tanlashda nimalarga e’tibor berilgan? Birinchi o‘rinda – avvaldan tanish-bilish bo‘lganimga, asosiy jo‘ralarim, atrofimdagilar. U yerda ishonchlilik judayam muhim.
Avval 8-10 soat ishlagan bo‘lsam, undan keyin balki 14 soat ishlagandirman, lekin o‘zim – istalgan, xohlagan vaqtimda, istalgan joyimda ishlashim mumkin, erkinman. Turmush tarzim ham yaxshi tomonga o‘zgardi, hamma narsa tartibli, joyida. Istalgan vaqt xohlagan joyga boraman, oilam bilan ko‘p vaqt o‘tkaza olaman.
Hamma narsani tashlab ketmoqchi bo‘lgan vaqtimiz ham bo‘ldi. Yo‘q, to‘xtamadik. Turtki bo‘lgan narsalardan bittasi – orqamizda bosib o‘tgan yo‘limiz ancha uzoq edi, ancha joyni bosib qo‘ygan edik. Qancha xarajatlar bo‘lgan, qancha mehnatimiz ketgan, qancha vaqt uxlamaganmiz aynan shu loyihamiz uchun. Qaysidir ma’noda oshna-og‘aynimiz uchun vaqt ajrata olmagandirmiz – o‘sha orqaga qaraganda qaytib bo‘lmas edi. Biz faqat oldinga borishimiz kerak edi. Hozir ham davom etyapmiz, oldinga qarab.
Startapni boshlashimdan oldin IT mahsulotni bitkazsak, sotuvlar o‘zidan-o‘zi bo‘lib ketadi, loyihamiz zo‘r ketadi, uchib ketadi, ko‘p daromad qilamiz, deb o‘ylaganman. Lekin dasturni bITkazdik. Mahsulot zo‘r, sifati zo‘r, hamma talabga javob beradi. Lekin sotuv qilmasak, zo‘r narsa bo‘lsa ham foydasi yo‘q ekan. Eng asosiysi sotuv ham judayam muhim narsa ekan. Shuni o‘rgandim.
Kompaniyamiz 5 yildan keyin, menimcha, 200 ga yaqin xodim bo‘ladi, yo‘nalishlarimiz kengayib, katta korporatsiyaga aylanamiz, boshqa-boshqa yo‘nalishlar ochilgan, bo‘limlar, katta binomiz bo‘ladi – xuddi shunday tasavvur qilaman.
Kelajakdagi rejalar: 40 yoshgacha kompaniyamizni poyezd yo‘liga qo‘yib olishimiz kerak, undan keyin haydovchisiz o‘zi yuradigan bo‘lishi kerak. Biznesam, hayot ham ana shunday kechishi kerak. Qishloqda tug‘ilganman, qishloqning bolasiman. 40 yoshgacha ota-onamning oldidan yana bitta uy qurib, o‘sha yoqqa qo‘ylarni olib, mana shunaqa hayotni tanlashni xohlayman. 40 yoshgacha yaxshi ishlab, undan keyin vaqtimni faqat ota-onam bilan o‘tkazishni, farzandlarimga ajratishni istayman.
Yangi boshlayotgan startaplarga – hech qachon to‘xtab qolmaslikni maslahat beraman. Har qanday vaziyat bo‘lishi mumkin. To‘xtashga undaydigan, menimcha, har bir biznesmenda bo‘ladi bunday vaziyatlar. Umuman to‘xtamaslik kerak, to‘xtamasdan harakat qilaverish kerak. Birinchi martasida bo‘lmaydi, ikkinchi martasida bo‘lmaydi – baribir bo‘laveradi. Lekin har bir bo‘lmagan joyda nimadir yangi narsani o‘rgansa bo‘ladi. Xuddi o‘sha narsalar orqali ertaga loyihani yaxshi rivojlantirish mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter