Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Muhtasham 100 kun» – Ohangaronga media-sayohat

«Muhtasham 100 kun» – Ohangaronga media-sayohat

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 20 oktyabr kuni Toshkent viloyati hokimligi tashabbusi bilan Ohangaron shahriga media-tur tashkil etildi. Maqsad — so‘nggi 100 kun ichida shaharda amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan ommaviy axborot vositalari vakillarini tanishtirish.

O‘zbekiston Respublikasida shaharsozlik, yo‘lsozlik madaniyati barqaror rivojlanmoqda. Muhtaram yurtboshimizning bevosita tashabbusi bilan butun mamlakatimiz bo‘ylab dillarni dillarga, xalqlarni xalqlarga yaqinlashtiruvchi orasta yo‘llar qurilmoqda, mavjudlari jahon standartlariga mos ravishda rekonstruksiya qilinib, kengaytirilmoqda. Xususan, Toshkent-Farg‘ona-O‘sh orqali Xitoy Xalq Respublikasiga tutashuvchi A-373 xalqaro avtomagistralining Ohangaron shahridan o‘tuvchi 5,8 kilometrlik qismida judda katta miqyosdagi obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari olib borildi.

Foto: «Xabar.uz»

«100 kun» so‘zini alohida ta’kidlaganimiz bejiz emas. Chunki oxirgi uch oyda Ohangaronga kelmagan odamda xuddi boshqa shaharga kelib qolgandek tasavvur uyg‘onishi aniq: tartibsiz, shaharsozlik me’yor va qoidalariga amal qilinmagan holda qurilgan bino va inshootlar, uy-joylar,yo‘l yoqasida o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlariga aylantirilgan qurilmalar o‘rnini besh va yetti qavatli ko‘rkam binolar egallagan.

Ohangaron ko‘chasining eski ko‘rinishi.
Foto: «Xabar.uz»

Atigi ikki uch oy muddatda tor yo‘llar kengaytirilib, chiroqlar o‘rnatilgan, bolalar maydonchalari, sport maskanlari va aholi uchun zarur bo‘lgan boshqa maishiy binolar qad ko‘tardi. Yaroqsiz ahvolga kelib qolgan shahar infratuzilmasi, gaz, ichimlik suvi va elektr tarmoqlari yangilandi.

Ishonchli ijtimoiy himoya

Ma’lum bo‘lishicha, shahar infratuzilmasini mutlaqo yangilash, yo‘llarni kengaytirish hamda ko‘pqavatli uylar barpo etish uchun 192 ta uyni buzishga to‘g‘ri kelgan. Ularning barchasiga jami 34 milliard so‘mga yaqin kompensatsiya pullari o‘z vaqtida berilgan va berilmoqda.

Foto: «Xabar.uz»

Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Qobil Hamdamovning aytishicha, aholi avvaliga buzilgan uylar uchun shuncha pul olishiga ishonmagan, keyin esa hammasi o‘z o‘rniga tushgan: «Uy egalarining har biri o‘rtacha 200 million so‘mdan oldi. Narx-navo masalasida tortishganimiz ham yo‘q. Hammani rozi qildik. Uyi buzilganlar vaqtincha ijaraga joylashtirilgan. Ohangaronda ijara narxi bir oyga 200-300 ming, hammasiga bu uchun oldindan pul berildi, hech kim norozi bo‘lgani yo‘q».

Foto: «Xabar.uz»

Ohangaronda propiska bekor qilindi (mi?)

Ohangaron shahri hokimi Odiljon Jo‘rayev jurnalistlar bilan suhbatda aytdiki, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 iyuldagi 555-son farmoyishiga asosan A-373 avtomagistral yo‘li bo‘yida namunali loyihalar asosida qurilayotgan 24 ta 5 qavatli tijorat uylari faqat Toshkent viloyati aholisi uchun emas, balki mamlakatning istalgan hududidan kelgan kishi ham bemalol xarid qilishi mumkin. Odiljon Jo‘rayevning aytishicha, ushbu uylardan sotib olayotgan viloyatliklar propiska bilan bog‘liq muammoga duch kelmaydi — istisno tariqasida ruxsat etilgan.

Foto: «Xabar.uz»

Qurilayotgan 5 qavatli mazkur uylarning 1-qavati maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi, 2-5-qavati turar-joy hisoblanadi. Ular 2 va 3 xonadan iborat. Uylarning tashqi, ya’ni fasad qismi buyurtmachilarning talablaridan kelib chiqqan holda, bir xillikdan qochib, yakka tartibda katta yo‘lning me’moriy ko‘rinishini kompleks ravishda hisobga olib, bir-birini takrorlamaydigan qilib ishlab chiqilgan.

Foto: «Xabar.uz»

Xonadonlar va savdo nuqtalari xaridorlarning imkoniyatlari va xohishiga ko‘ra, to‘liq ta’mirlangan yoki ta’mirlanmagan holda topshirilishiham mumkin. Masalan, xaridor ta’mirlanmagan xonadonni yoki savdo do‘konini sotib olsa, imkoniyati, didi, real ehtiyoji va boshqa jihatlardan kelib chiqib, o‘zi moslashtirishi mumkin. Bunday tajribadan dunyoning yetakchi mamlakatlarida keng foydalaniladi va bu amaliyot har tomonlama o‘zini oqlagan.

Bir so‘z bilan aytganda...

Ohangaron shahrida qurilayotgan yangi massiv aholisi uchun qator qulayliklar ham yaratilmoqda. Jumladan, uylarning tevaragida maktabgacha ta’lim muassasasi, sport majmuasi, mahalla guzari, piyodalar va velosiped yo‘lakchasi, dam olish joylari, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari va boshqa infratuzilma ob’yektlari barpo etilmoqda. Muhimi, shaharning me’moriy qiyofasi tubdan o‘zgarmoqda. Bu o‘zgarishlar chiroyi shahar aholisining kayfiyatida ham o‘z aksini topmoqda.

Foto: «Xabar.uz»

Qurilayotgan uylarda yashovchi aholi va boshqa ob’yektlarni ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlariga 16,6 mlrd. so‘m, gazlashtirish ishlariga 1 mlrd. 468 mln. so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Media-tur doirasida Ohangaron tumanining Bosh rejasi asosida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash, jumladan, ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti, yo‘l, aloqa va boshqa infratuzilmalarni yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring