Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Munosabat «shapaloq»qacha bormasligi kerak...

Munosabat «shapaloq»qacha bormasligi kerak...

Maktabdan qaytgan qo‘shnimning bolasi eshikdan kirishi bilan shosha-pisha gap boshladi:

- Onajon, sinfimizdagi Sultonbekni o‘qituvchimiz urdi...

Bir qarashda oddiy gapdek. Ammo, shu bir og‘iz jumlaning ortida butun bir sinf, bir o‘qituvchi va tarbiya masalasidagi og‘riqli savollar turibdi.

Qo‘shnim, avvalo, o‘g‘liga “chaqimchilik” qilgani uchun tanbeh berdi. So‘ng vaziyatni so‘radi. Ma’lum bo‘lishicha, dars paytida tartibsizlik qilgan Sultonbekni o‘qituvchisi: “To‘g‘ri o‘tir, tartib buzma, bilim olsang, o‘zingga yaxshi”, deb ogohlantirgan. Bunga javoban o‘quvchi: “Men bilan ishingiz bo‘lmasin, undan ko‘ra, semiz qomatingizni to‘g‘rilab oling”, - deya uni izza qilgan.

Sinfxona jim bo‘lib qolgan. Keyin shapaloq ovozi eshitilgan.

Bu yerda ikki og‘ir holat bor: o‘qituvchining qo‘l ko‘tarishi - qonun va pedagogik me’yorlarga zid. O‘quvchining o‘qituvchini haqorat qilishi esa tarbiya va qadriyatlarga zid. Shapaloqdan keyin esa vaziyat yanada chigallashgan: Sultonbek o‘qituvchini haqoratlab, so‘kkan. O‘qituvchi sinfdan yig‘lab chiqib ketgan.

- Sizlar indamay turaverdingizlarmi?- deb so‘radi qo‘shnim o‘g‘lidan.

- Yo‘q. Ikki-uchtamiz o‘qituvchimizni ovutish uchun zalga chiqdik. Qolganlarimiz esa Sultonbekni yakkalab qo‘yishga kelishib oldik, - dedi bola.

Qo‘shnim bolasining tilidagi bu “ijtimoiy jazo”dan cho‘chib tushib, uning bu qarorini rad qildi:

- Yo‘q, bolam, bu noto‘g‘ri, xato. Yaxshisi, sizlar hammalaringiz birlashib, uni tarbiyalash yo‘lini qilinglar...

Shiddat bilan o‘zgarayotgan zamonda bolalar axborot oqimi, ijtimoiy tarmoqlar, erkin fikr muhitida o‘smoqda. Lekin, erkinlik – o‘z bilganidan qolmaslik, degani emas. Bugun ayrim o‘quvchilarning o‘qituvchini haqoratlashgacha borishi jamiyatdagi umumiy munosabatlarning inqiroziga o‘xshaydi xuddi.

To‘g‘ri, o‘qituvchining o‘quvchiga qo‘l ko‘tarishga haqi yo‘q, bu qonun bilan ta’qiqlangan. Lekin, jamiyatda “qo‘l bekordan-bekorga ko‘tarilmaydi”, degan qarash ham yo‘q emas. Muammo, aynan, shu yerda: zo‘ravonlikni oqlashga urinishda, aslida.

8-sinf o‘quvchisi Erkin Jo‘rayev o‘z tajribasini shunday eslaydi:

- Maktabga borishdan asosiy maqsad bilim olish. Lekin, menga sport qiziqroq. Bilimim pastligini tan olaman. Shuning uchun dakki eshitganman, hatto, tarsaki ham yeganman. Ammo, o‘qituvchimni hech qachon behurmat qilmaganman. Bir safar o‘qituvchim tarsaki tushirib, meni shikoyat qiladi, deb o‘ylabmi, o‘zi qo‘rqib, uzr so‘radi. Men o‘zimda ayb ekanini aytdim. Sportda natija ko‘rsatib, ishonchini oqlamoqchi bo‘lganimni aytdim. Shunda u kishi meni bag‘riga bosib, omad tiladi.

Bu yerda o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi munosabat muhim jihat. Shapaloq emas, keyingi samimiy muloqot xotirada qolgan.

9-sinf o‘quvchisi Madina Komilova esa qat’iy fikrda:

- “Lineyka”larda bilimi past bolalarni hamma oldida mulzam qilishga, o‘qituvchilarning qo‘l ko‘tarishiga qarshiman.

Ko‘pchilik o‘quvchilarning xulosasi esa o‘rtacha nuqtada: “O‘qituvchi majbur bo‘lmasa, qo‘l ko‘tarmaydi. O‘quvchi ham kaltak bilan bilim o‘rganmaydi. Ikki tomon ham munosabatni urishgacha olib bormasligi kerak”

Bir sinfdagi bir shapaloq esa bu ikki inson o‘rtasidagi mojaro emas. Bu ota-ona tarbiyasi, maktab va oila muhiti va boshqa-boshqa o‘ziga xos zanjirli muammo.

Agar bola uyida kattalarning o‘qituvchi haqida past baholarini eshitsa, uning qalbida hurmat tug‘iladimi? Agar o‘qituvchi o‘zining ijtimoiy maqomi va iqtisodiy ahvolidan norozi bo‘lib, asabiy holatda darsga kirsa, sabr qanchaga yetadi?

Ta’lim faqatgina bilim berish, darsliklaru baholar emas, balki, ikki o‘rtadagi iliq madaniy munosabatlardir.

Yuqoridagi holatga qaytadigan bo‘lsak, bola so‘nggi oylarda darslarga befarqlashgan, oilasidagi muammolar sabab ruhiy bosimda yurgan ekan. Bu uning tajovuzkor muomalasida namoyon bo‘ladi.

O‘qituvchi esa: “Har qancha og‘ir bo‘lmasin, qo‘l ko‘tarmasligim kerak edi”, - dedi yig‘ilishda. Sultonbek ham sinfdoshlari ta’sirida sinf oldida o‘qituvchisidan uzr so‘ragan. O‘zlari avval kelishib olishganidek, uni yakkalab qo‘yishmagan, aksincha, uning yonida qolishib, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida “ko‘prik” bo‘lishgan.

- O‘g‘lim o‘qiydigan o‘sha sinfda muhit ancha o‘zgargan. Sultonbek ham sport to‘garagiga qatnashayotgan ekan. O‘qituvchisi ham: “Bir-birimizni eshitaylik”, deb dars boshlaydigan bo‘lgan ekan,-deydi miyig‘ida kulib qo‘shnim.

Bir shapaloq katta mojaroga aylanishi mumkin edi. Ammo, vaqtidagi muloqot uni saboqqa aylantirdi.

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring