Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Naqd xorijiy valyuta chindan ham berilayaptimi?

Naqd xorijiy valyuta chindan ham berilayaptimi?

Valyutani naqd ko‘rinishda olish haqidagi qaror Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mart oyida imzolangan edi.

Foto: «finance.liga.net»

Aytish joiz, O‘zbekiston iqtisod tizimi bu kunni uzoq kutdi. Joriy yilning 1-aprelidan boshlab foydalanuvchilar konversion kartalardagi pullarini banklar orqali naqdlashtirib olishlari mumkin bo‘ldi.

1-aprel yakshanba – ish kuni bo‘lmagani uchun buni darhol sinab ko‘rishning iloji bo‘lmadi. Ammo bugun, 2-apreldan boshlab tizim to‘liq ishga tushishi kerak edi. Biz qator banklar bilan bog‘lanib, bu boradagi yangiliklar bilan qiziqdik.

Xo‘sh, banklar konversion kartalardan xorijiy valyutani naqdlashtirib berishni boshladimi? Bir kartadan qanchagacha naqd pul yechib olish mumkin? Buning uchun qancha miqdorda komissiya olinadi?

«Hamkorbank» ATB boshqaruv raisi o‘rinbosari Jasur Hasanov bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bu bankda naqd xorijiy valyuta bo‘yicha taqchillik yo‘qligi bois cheklov o‘rnatilmagan. Ya’ni «Hamkorbank»dan konversion kartalar orqali xorijiy valyutani istagancha naqdlashtirib olish mumkin. Agar konversion karta «Hamkorbank»ka tegishli bo‘lsa, komissiya ham olinmaydi. Boshqa banklar konversion kartalari bo‘lgan holda 2 foiz olinadi. Lekin bu komissiya miqdorini kamaytirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.

«Agrobank» ATB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bu bank konversion kartalardagi pullarni naqdlashtirib berishni boshlagan. Limit belgilanmagan, istalgan miqdorda naqd pul yechib olish mumkin. Buning uchun bank tomonidan taqdim etilgan karta bo‘lsa 0,5 foiz, boshqa banklar kartalari bo‘lsa 1 foiz komissiya undirish belgilangan.

«Turonbank»ka bevosita tashrif buyurganimizda naqd xorijiy valyuta, jumladan AQSh dollari bemalol naqdlashtirilyapti. Shu bugunning o‘zida bitta shoxobchada 1900 AQSh dollari naqdlashtirib berilgan. Shu bankning o‘zi tomonidan taqdim etilgan karta bo‘lsa 0,5 foiz, xalqaro «Viza» kartalaridan 2 foiz komissiya undirilmoqda.

«Asia Alliance Bank» ATB matbuot xizmatining xabar berishicha, bu bankda mazkur xizmat to‘la yo‘lga qo‘yilgan. Bankning o‘z kartalaridan 0,5 foiz, boshqa banklar kartalaridan 1,5 foiz komissiya olgan holda xorijiy valyuta naqdlashtiriladi. «Trastbank»dan ham aynan shunday ma’lumot oldik.

Boshqa tijorat banklari ham bu mavzu yuzasidan deyarli shu mazmunda javob berishdi. Xulosa qilish mumkinki, O‘zbekiston moliya tizimida uzoq kutilgan islohot nihoyat o‘z natijasini berdi. Endi belgilangan tartibda bemalol naqd xorijiy valyutani qo‘lga kiritish mumkin.

Valyutani naqd ko‘rinishda olish haqidagi qaror Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mart oyida imzolangan edi. Shuningdek, 1-iyulga qadar O‘zbekiston hududida barcha to‘lov terminallari multivalyuta tartibida ishlay boshlaydi. Ya’ni ular nafaqat «Uzkard» tizimidagi, balki xorijiy banklar tomonidan chiqarilgan kartalarni ham qabul qiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hududida xorijiy valyutada hisob-kitob qilish taqiqlangan. O‘tgan yilning 5-sentabridan boshlab valyutani erkin ayirboshlash boshlangan edi, lekin sotib olingan xorijiy valyuta fuqarolarga naqd ko‘rinishda emas, bank kartalari hisob-raqamlariga o‘tkazib berilayotgan edi. Ushbu valyutadan fuqarolar xorijda hech qanday cheklovlarsiz foydalanishlari mumkin bo‘lgan. Endi bu kartalardagi xorijiy valyutani naqd shaklda olish imkoniyati ham yaratildi.

Bugun, 2-aprel kuni e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan qiymatida sezilarli pasayish kuzatilgan. Bu holat banklar tomonidan naqd xorijiy valyuta berilayotgani tufayli yuzaga kelayotganini taxmin qilish mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring