Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Noyob tarixiy xazinalar O‘zbekistonga qaytdi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tarix yana bir bor «tilga kirdi». Markazda tashkil etilgan ilmiy kengash yig‘ilishida nafaqat noyob artefaktlar, balki asrlar qa’rida yo‘qolib ketgan madaniy xotiraning o‘zi jamoatchilikka taqdim etildi.

Ilk bor keng ilmiy doiralarga namoyish etilgan ushbu osori atiqalar xalqaro darajadagi murakkab qidiruv va hamkorliklar natijasida O‘zbekistonga qaytarildi. Ularning ortida Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti qoshidagi Heritage Crime Task Force, London politsiyasining san’at va antikvar jinoyatlarga qarshi bo‘limi, Art Loss Register hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va WOSCU ishtirok etgan yirik xalqaro amaliyot — Operation Inherent Vice turadi.

Taqdim etilgan artefaktlar Markaziy Osiyoning ming yillik sivilizatsion qatlamlarini o‘zida mujassam etgan. Kushonlar davriga oid haykal boshlari, buddaviy devoriy suratlar, sug‘diy madaniyati izlari, Fayaztepa va Qoratepadan topilgan noyob osori atiqalar — bularning har biri tarixning tirik guvohidek taassurot qoldirdi.

Ayniqsa, II–VIII asrlarga mansub devoriy suratlar va Gandhara uslubidagi terrakota hamda shtuko haykallar yig‘ilish ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Mutaxassislar fikricha, bu topilmalar nafaqat diniy yoki madaniy meros, balki qadim sivilizatsiyalar o‘rtasidagi badiiy va ma’naviy uyg‘unlikning noyob dalili hisoblanadi.

Tadbirda XV asrga oid temuriylar davri kenotafi ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Murakkab naqshlar, nozik bitiklar va she’riy yozuvlar bilan bezatilgan ushbu yodgorlik Markaziy Osiyo memorial san’atining eng noyob namunalaridan biri sifatida baholandi.

Yig‘ilish davomida ushbu artefaktlarni restavratsiya qilish, ilmiy tadqiq etish, xalqaro kataloglarga kiritish va muzey ekspozitsiyalariga tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU raisi Firdavs Abduxoliqov bu jarayonni mamlakat madaniy siyosatidagi muhim burilish sifatida baholadi:

«Bu noyob artefaktlarning yurtimizga qaytarilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida madaniy merosni asrash va uni dunyo miqyosida himoya qilish borasida olib borilayotgan izchil siyosatning amaliy natijasidir».

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tgan ushbu taqdimot nafaqat tarixiy voqea, balki millat xotirasi, madaniy o‘zlik va sivilizatsion merosni qayta tiklash yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring