Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nukusda 37 talaba «hujjat qabul qilishda xato bo‘lgan» deya o‘qishdan chetlashtirildi. Ulardan biri Prezidentga maktub yo‘lladi

Nukusda 37 talaba «hujjat qabul qilishda xato bo‘lgan» deya o‘qishdan chetlashtirildi. Ulardan biri Prezidentga maktub yo‘lladi

Foto: «Makan.uz»

Bu maktub avvalo davlatimiz rahbariga yo‘llangan, shuningdek jamoatchilik e’tiboriga havola qilinganki, uni o‘qigan har qanday insonning ko‘nglida achinish hissi paydo bo‘ladi.

So‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimida ham qator islohotlar o‘tkazildi. Talabalarga ta’lim jarayoni qulay bo‘lishini hisobga olib, mutaxassislar yetishmaydigan ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha sirtqi ta’lim tizimi joriy qilindi. Bugungi qahramonimiz ham shu imkoniyatdan foydalanib, Nukus davlat pedagogika instituti maxsus sirtqi bo‘limiga barcha sinovlardan o‘tib o‘qishga qabul qilingan, shartnomada ko‘rsatilgan pulni to‘lagan, ma’lum muddat o‘qigan ham. Ammo birinchi bosqichni tugatmay turib «hujjat qabul qilishda xato bo‘lgan» deya o‘qishdan chetlashtirilgan. G‘alati a?

Aslida xatoni kim qilgan? Keling, maktub va izohlar bilan tanishing.


«Assalomu alaykum hurmatli Shavkat Miromonovich!

Men, Yusupbayeva Zebo Azod qizi, 1990-yil 24-aprelda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida tug‘ilganman. Sizga boshimizga tushgan muammo yuzasidan umid bilan murojaat qilmoqdaman.

2017-yili Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti maxsus sirtqi bo‘limi boshlang‘ich ta’lim va sport tarbiyaviy ish yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilinganman.

2017-yil oktyabr oyida kontrakt pulini o‘tkazish uchun shartnoma tuzildi. Shartnoma talablari asosida avval pulning yarmini, qolgan qismini esa 2018-yil 1-martdan oldin kerakli hisob raqamiga o‘tkazdik.

2008-yildan Ellikqal’a tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 12-maktabda ishlab kelmoqdaman. Oilam, 2 nafar farzandim bor.

Institut tomonidan ikki marta: 2017-yil 1-noyabrdan 14-noyabrgacha, 2018-yil 3-yanvardan 14-yanvargacha o‘qishga chaqiruv ma’lumotnomasi kelgach o‘qishga bordim. O‘qishga muntazam qatnashdim.

Yosh bolam borligi sababli men bilan birga qaynonam ham bordi. U yerda yashash uchun joy topishga ko‘p qiynaldik. Yosh bolali ayollarni ijaraga qo‘yishmas ekan. Oxiri kuniga uch kishiga 30 ming so‘m to‘lash evaziga ijaraga xona topdik. Bola bilan o‘qish oson bo‘lmadi. Ammo oliy ma’lumotli bo‘lish hissi har qanday qiyinchilikni yengishimga madad berdi.

2018-yil 14-yanvarda 1-semestrni yakunlab, barcha imtihonlarni topshirib bo‘lgach, 15-yanvar kuni 2-sessiya oraliq topshiriqlarini olib uyga qaytdik. Olgan oraliq topshiriqlarimni yozib tugatib, 2018-yil 15-martda topshirdim.

Bundan oldinroq, 2018-yil 14-mart kuni menga telefon orqali 15-mart kuni mehnat daftarchamni olib Nukus davlat pedagogika institutiga hujjatlarimga aniqlik kiritish maqsadida chaqirishdi. O‘sha kuni ertalab bordim. U yerga jami 37 ta talaba taklif qilingan ekan. Borganimiz haqida ikkita hujjatga imzo qo‘ydirib hammamizni bir xonaga kirgizishdi. Keyin bittadan qo‘llaridagi ro‘yxatga asosan boshqa xonaga olib keta boshlashdi. Mendan oldin kirganlar negadir yig‘lab chiqishdi. Sababini so‘rasam o‘qishdan chetlashtirishgani hamda ariza yozdirishganini aytdi. O‘z navbatida meni ham chaqirishdi.

Bir kishi o‘zini shu institutning rektori K.Orazimbetovman deb tanishtirdi. U yerda yana ikki kishi bor edi, ular o‘zlarini tanishtirmadi. Xullas, institut rektori meni o‘qishga qabul qilish jarayonida ish stajim uchun 1 ball yuqori qo‘yilganini, shu sababli men o‘qishga kira olmagan deb hisoblanishimni aytdi. O‘sha paytdagi ahvolimni so‘z bilan ta’riflay olmayman! Qanday savol bersam ham, bu yerda o‘qish uchun yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qiyinchiliklarimni aytsam ham so‘zida qat’iy turdi. Shu payt badiiy ijod bilan shug‘ullanishim, ko‘plab yutuqlarga erishganimni aytsam ham tinglashni xohlamadi.

K.Orazimbetov hozir ariza yozsam to‘langan kontrakt pullarim qaytarib berilishini, iyun oyida suhbat orqali qaytadan 1-bosqichga o‘qishga qabul qilinishim mumkinligini bildirdi. Men axir unda 5 yil o‘qishim kerak-ku desam, yana maxsus sirtqi bo‘limda 3 yilda tugatib ketishim mumkinligini aytdi. Yig‘lab-yig‘lab o‘zimga kelib olish uchun tashqariga chiqmoqchi bo‘lsam, bitta kishi ariza yozmagunimcha chiqishga ruxsat etilmasligini aytib meni boshqa xonaga kirgizdi. O‘sha xonada ikki kishi bor edi. Bir kishi «o‘zbekcha yozishni xohlasang mana bunga qarab yozasan» deb oldindan kompyuterda yozib qo‘yilgan qog‘ozni oldimga qo‘ydi. Hayajondan o‘zimga kelolmay turganim uchun «aytib turib yozdiraymi?» dedi. Keyin yonimda turib yozdirdi. Yozib chiqib turmush o‘rtog‘imga bu haqda xabar berdim. Turmush o‘rtog‘im: «Arizangni qaytib ol, men seni keyingi yil qaytadan o‘qishga yubora olmayman», — dedi. Xullas, turmush o‘rtog‘imning gaplarini yaxshilab o‘ylab ko‘rib o‘zimga kelgach, arizani qaytib olish uchun o‘sha xonaga kirdim. Ular arizaning yuristda ekanini aytishdi.

Yurist yigit o‘sha rektor K.Orazimbetovning yonida o‘tirgan kishilardan biri ekan. U kishi qaytarib bermayman dedi, men qat’iy turib olgach, ariza yozgan xonamga olib kirib, ariza yozdirgan kishiga berdi. U kishi yana kimningdir kelishini kutishimni aytib, arizani bermadi. Shu xonadagi ikkinchi kishi esa agar arizani qaytarib olsam ogohlantirish xatini olib, olganligim haqida imzo qo‘yib ketishimni aytdi. O‘qisam meni o‘qishdan chiqarib tashlashgani haqidagi ma’lumotnoma ekan. Men bosh tortdim, ariza ham bermaymasligimni, ogohlantirish xatini ham olmasligimni, hech qanday hujjatga imzo chekmasligimni aytdim. Faqat arizani qaytarishlarini so‘radim. Ular ogohlantirish xatini olsam, imzo qo‘ysam berishlarini aytishdi.

Yig‘ladim, ko‘p yig‘ladim, shunda ham ular berishmadi. Stol ustida qandaydir daftar ichida turgan arizani oldimu o‘sha xonadan chiqib ketdim, hech kimga hech nima demadim.

Hurmatli Prezident! Biz 37 kishi o‘sha kuni Qoraqalpog‘istondagi xalq qabulxonangizga borib sizga ariza yozdik. U yerdagilar bizni tinglab yordam bo‘lishini aytishdi. Biz sabr qilolmadik, na uyquda, na biron ishimizda halovat bor. Shu sababli tezroq yordam olish maqsadida virtual qabulxonangizga murojaat qilishni lozim topdik.

Men hozir o‘zimning erishgan yutuqlarimdan ayrim namunalar, o‘qish davomida yuritilgan hujjatlarimni sizga yo‘llagan murojaatimga joyladim. O‘rta maxsus ma’lumotga ega ekanligim faoliyatim davomida ko‘p tanlovlarda ishtirok etolmasligimga sabab bo‘ladi. Faoliyatim haqida maktabimiz direktorining menga bergan tavsiyanomasida ko‘rsatilgan.

Iltimos, sizdan madad kutayotgan 37 kishidan yordamingizni ayamang.

Yusupbayeva Zebo Azod qizi».


Biz masalaga oydinlik kiritish uchun Nukus davlat pedagogika instituti rahbariyati bilan bog‘landik. O‘zini rektor yordamchisi deb tanishtirgan xodim bu masala yuzasidan institutning huquqshunosi batafsil javob berishini aytdi. Huquqshunos Iskander Murzambetovning ma’lum qilishicha, haqiqatan ham ko‘pchilik talabalar o‘qishdan chetlashtirilgan, lekin ularning soni xatda ko‘rsatilganidek 37 nafar emas, 34 nafar. Ularning hammasi turli sabablarga ko‘ra talabalar safidan chiqarilgan.

— O‘zi shundoq ham chekka hududlarda o‘qituvchilar yetishmayapti. Maxsus sirtqi ta’lim tizimi ham aynan shu muammoni bartaraf qilish uchun yo‘lga qo‘yildi. Shunday paytda o‘qib turgan talabalarni chetlashtirishdan maqsad nima? Axir o‘zlaringiz o‘sha xato deya ta’kidlangan hujjatlarni qabul qilib, yana shu asosda talabalar safidan chetlashtirayapsizlar-ku? — so‘raymiz undan.

— Biz ham bu muammoni yaxshi tushunamiz. Ammo bu talabalarni chetlashtirish institut tashabbusi bilan bo‘lgani yo‘q. 2017-o‘quv yiliga qabul jarayoni yakunlanganidan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan institutimiz faoliyati, xususan qabul jarayoniga oid hujjatlar taftish qilindi. Tekshiruv besh oy davom etdi. Qabul qilinganlar ta’lim jarayoniga qatnashgani sababi shu — bu davrda hali taftish yakuniga yetmagandi. Tekshiruv natijasida 34 talabaning hujjatlarida kamchiliklar aniqlandi, bunga yo‘l qo‘ygan mutasaddilar surishtirilmoqda.

Aynan shu taftish xulosalariga ko‘ra prokuratura oliy ta’lim vazirligiga taqdimnoma kiritdi va vazirlik xulosa asosli bo‘lgani uchun bu talabalarni o‘qishdan chetlashtirdi.

— U holda kamchilik institut tomonidan ham yo‘l qo‘yilgani ayon bo‘ladi. Nega bu talabalarni chetlashtirmaslik choralari ko‘rilmadi?

— Biz oliy ta’lim vazirligiga maxsus xat bilan ham chiqdik. Bu talabalarning ko‘pchiligi uzoq tumanlardan kelishini, hududlarimizda o‘qituvchilar yetishmasligini batafsil tushuntirdik. Ammo buyruq o‘zgartirilmadi.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga yo‘llagan xati.

Vaziyatni o‘rganish jarayonida hamma o‘zicha haq tuyuladi. Ammo har qanday holatda ham tekshiruv abituriyentning talabalikka qabul qilinguniga qadar o‘tkazilishi maqsadga muvofiq emasmi? Talabalik katta baxt, oltin davr. Inson o‘qishga qabul qilindim deya ko‘pchilik oldida yuzi yorug‘ bo‘ladi. Ammo mutasaddilar yo‘l qo‘ygan kamchilik tufayli talabani aybdor qilib, o‘qishdan chetlashtirishni qanday tushunish mumkin?

Xullas, Qoraqalpog‘istonda ana shunaqa gaplar. Biz voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring