Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nurxon Nafasov nima(lar)dan norozi?

Nurxon Nafasov nima(lar)dan norozi?

Foto: «Xabar.uz»

Nurxon Nafasov va boshqalarga oid jinoyat ishi JIB (jinoyat ishlari bo‘yicha) Mirzo Ulug‘bek tuman sudida mazmunan ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar bergan edik.

Bugun sud jarayoni davom etib, sudlanuvchilardan biri — O‘zbekiston Karate milliy federatsiyasi (O‘KMF) bosh kotibi sifatida ishlagan O.Qosimovning ko‘rsatmalari eshitildi. Unga ko‘ra, ayblovlarga iqror emas, xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bo‘lishi mumkin, illo ularni jinoyat deb bo‘lmaydi. Dastlabki surishtiruv jarayonida o‘ziga nisbatan ruhiy ta’ziq o‘tkazilganini alohida ta’kidladi... Sudlanuvchi so‘roq-savol qilib bo‘lingach, bugungi sud majlisi yakuniga yetdi. Navbatdagisi 25-avgust kuni bo‘lib o‘tadi, nasib...

Shu bilan xabarga nuqta qo‘yilsa bo‘lardi. Biroq aytish mumkin bo‘lgan ikki og‘iz gap bor.

Gap shundaki, o‘tgan kuni saytimizda N.Nafasov va boshqalarga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilayotgani haqidagi xabar e’lon qilinganidan keyin Nurxon Ziyatovich biz bilan bog‘lanib, beozor ohangda o‘z e’tirozi bildirdi. E’tirozki: «...meni O‘zbekiston Karate milliy federatsiyasining sobiq raisi deb talqin etibsizlar, holbuki, men tashkilotning qonuniy yo‘l bilan saylangan amaldagi rahbariman! Muhr qo‘limda, imzo huquqi ham...».

Ikki o‘rtada biroz bahs bo‘lib o‘tgan. Bahs tafsilotlarini hozir yozish mavridi emas. Ular butunlay boshqa mavzuni va boshqacha ohangni talab qiladi.

Nurxon Nafasov 1996-2006 yillar mobaynida federatsiyani muvaffaqiyatli boshqarib, qator yutuqlarga erishganini inkor etib bo‘lmaydi, albatta. O‘n ikki yillik tanaffusdan so‘ng yana O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasi rahbarligiga saylangani ham uning mazkur sport turi rivoji yo‘lida amalga oshirgan ishlarining mantiqiy dalili, aslida. Eski ishiga yangidan qaytgan 6-DAN qora belbog‘ sohibining keyingi faoliyati mojarolarga ulanib ketadi. Oradan uch oy o‘tib, sirli va shov-shuvli tarzda vazifasidan chetlatilgani aytilayotgan N. Nafasovga nisbatan ko‘p o‘tmay jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hatto...

Ayni kunlarda jinoyat ishi yuzasidan sud ketmoqda. Bir necha oylardan beri davom etayotgan sudning mantiqiy yakuni o‘sha sir-u jumboqlarga oydinlik kiritishi ehtimoli katta.

Bugun bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida ishtirok etgan «Xabar.uz» muxbiri bunga bir qadar amin bo‘lib keldi.

Hozircha shularnigina aytish mumkin, xolos. Zero, sud jarayoni ketayotgan paytda bundan ortiqchasi og‘irlik qiladi: sudga ta’sir o‘tkazilyapti, deya malomat qiluvchi donishmandlar doim topilgan.

Darvoqe, aytish mumkin yana bir gap ekan: N.Nafasov mojaroli tarzda vazifasidan chetlatilishi ortidan «O‘KMFning tegishli yig‘ilish qarori va 27.09.2018-yildagi 1-sonli buyruqni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida» fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga murojaat qilgandi.

Oradan o‘n bir oy (!) o‘tdi. Jinoyat ishiga aloqador bo‘lmagan mazkur fuqarolik ishi sudda hamon «dam yeb» yotibdi. Ajab...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring