Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ochlik e’lon qilgan tadbirkorning o‘g‘li va singlisi ham qamaldi

Ochlik e’lon qilgan tadbirkorning o‘g‘li va singlisi ham qamaldi

Buxoroda ochlik e’lon qilgan, qamalishida viloyat hokimini ayblagan 17 yillik tadbirkor R.Xodjayev firibgarlikda ayblanib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan edi.

Bugun, 20-sentyabr kuni soat 11:30larda bundan norozi bo‘lgan R.Xodjayevning yaqin qarindoshlari Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati sudi binosi oldida tartibsizlik uyushtirib, jamoat tartibini buzganlar. Ular ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, qarshilik ko‘rsatishgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183, 194, 195, 201-moddalariga asosan to‘plangan ma’muriy ish hujjatlari sud tomonidan ko‘rib chiqilib, R.Xodjayevning o‘g‘li va singlisiga 3 sutka ma’muriy qamoq, xotini, jiyanlariga eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida jarima tayinlangan.

R.Xodjayev kim o‘zi?

Buxoroda 17 yillik tadbirkor R.Xodjayev ochlik e’lon qilgani Facebook’dagi guruhlarda tarqab ketgandi. Aytilishicha, R.Xodjayev nohaqlik oqibatida o‘zini o‘ldirish uchun ochlik e’lon qilgan.

«Bu qanday ko‘rgulik. 2-guruh nogironi R.Xodjayevni, pensiya yoshidagi insonni shuncha militsiya qo‘riqlab borishi shartmi? Lekin, isbotlanmagan 168-modda bilan ayblanmoqda. Uning qamalishida va xususiy mulkini tortib olinishida Buxoro hokimi O‘ktam Barnoyev bosh aybdor ekanini aytdi», deb yozadi post muallifi.

Keyinroq ushbu vaziyatga Bosh prokuratura rasmiy munosabat bildirgan. Ma’lum qilinishicha, R.Xodjayev bir fuqaroga uy-joy qurish uchun "I.Fozilov" MChJ hududidan yer ajratib berish evaziga undan 17 500 dollar olgan. Biroq uchastka ajratmagan va pullarni ham qaytarmagan.

Voqea yuzasidan Buxoro viloyati prokuraturasi iyul oyida MChJ ta’sischisi R.Xodjayev va jamiyat rahbari M.Gulyamovaga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

O‘tkazilgan dastlabki tergov harakatlari davomida R.Xodjayev M.Gulyamova bilan jinoiy til biriktirib, bo‘sh yer maydonlari haqidagi ma’lumotlarni yashirish orqali, yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalariga muhtoj bo‘lgan bir necha fuqarolarga 2015-2016-yillar davomida hujjatlarni qalbakilashtirgan holda firibgarlik yo‘li bilan 88.000 dollarga sotgani aniqlangan.

Tergovga jalb qilingan R.Xodjayev asossiz ravishda bo‘yin tovlab, yashirinib kelgan. Shu sababli, R.Xodjayev viloyat prokuraturasiga majburiy tartibda keltirilib, sud ajrimiga asosan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring