Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ogoh bo‘ling: «OLX»da quyon sotaman»

Ogoh bo‘ling: «OLX»da quyon sotaman»

Foto: «OLX»

Xabar.uz» tahririyatiga yurtdoshlarimizdan murojaat kelishda davom etmoqda. Ana shunday murojaatlardan navbatdagisi internet orqali firibgarlikka duchor bo‘lgan hamyurtimizdan bo‘ldi.

«Assalomu alaykum «Xabar.uz» tahririyati! «OLX.uz» sayti orqali andijonlik yigitlar firibgarlik bilan shug‘ullanyapti. Eng zo‘r flendr quyonlarning rasmini qo‘yib, odamlarni aldashyapti.

Gap shundaki, ana shunday e’lonlarning biriga ishonib, ko‘rsatilgan raqamga qo‘ng‘iroq qildim. Suhbat davomida u men xaridor bo‘lgan flendr quyonlari uchun pulning yarmini plastik kartochkaga o‘tkazib bergach, taksi orqali yuborishini bildirdi.

Pul o‘tkazilganligi haqidagi xabarnomadan skrinshot

Kelishuv bo‘yicha, aytilgan 50 ming so‘mni o‘tkazganimdan so‘ng, u pulning qolganini ham yuborishimni talab qildi. Tabiiyki, bunga rad javobini berdim va shundan so‘ng u quyonni jo‘natmasligini aytdi. Olgan pulini qaytarishini talab qildim, ammo bunga javoban raqamimni «qora ro‘yxat»ga kiritib qo‘ydi. Keyin surishtirib bildimki, ular xuddi shu usulda boshqalarni ham aldab yurgan ekan.

Hurmatli tahririyat ijodkorlari! Ushbu murojaatimni o‘rganib, imkoni bo‘lsa, «Xabar.uz»da e’lon qilsangiz. Toki boshqa yurtdoshlarimiz men kabi aldanib qolmasin».

Ushbu murojaat asosida ko‘rsatilgan telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildik. O‘zini «Jasurbek» deb tanishgan yigit ayni paytda Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida ekani va quyon sotish bilan shug‘ullanmayotganini bildirdi. Qizig‘i shundaki, u pul o‘tkazishni so‘ragan plastik karta hech qanday «Bek» yoki «Jasurbek» emas, umuman boshqa ismli fuqaro — A.I. nomiga ochilgan.

Albatta, bu kabi firibgarliklarni fosh etish u qadar mushkul emas (uning bank plastik karta va telefon raqamlari ma’lum). Ammo shu o‘rinda ayrim yurtdoshlarimizning soddadilligi tufayli ana shunday holatlarga tushib qolayotgani kishini o‘yga toldiradi. Shu o‘rinda aziz o‘quvchilarimiz va barcha yurtdoshlarimizdan internet orqali mahsulot oldi-berdi qilayotganda ogoh va sergak bo‘lishini so‘rab qolamiz.


Tahririyatdan: yuqoridagi maqola e’lon qilingach, «OLX» vakillari biz bilan bog‘landi hamda mazkur e’lon o‘chirilganini ma’lum qilishdi. Shu o‘rinda bu kabi holatlarda sayt ma’muriyati bilan bog‘lanish kerakligi eslatib o‘tmoqchimiz. Telefon: +998711508884

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring