Oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish tartibi belgilandi
O‘zbekiston hukumatining qarori bilan «Ijtimoiy reyestrni yuritish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Mazkur Nizom oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish, toifalarga ajratish va Reyestrdan chiqarish tartibini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, ariza beruvchi oilasini Reyestrga kiritish uchun davlat xizmatlari markazi yoki vakolatli organga borgan holda yoki ijtimoiy xodim orqali murojaat qiladi.
Shuningdek, «YMIH» AT, YIDXP yoki «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali mustaqil ravishda ariza berish ham mumkin.
Har bir oila tomonidan ariza topshirish 1 oyda 1 marta amalga oshiriladi.
Dastlab oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati dastlabki baholashdan o‘tkaziladi.
Baholash natijasi bo‘yicha ariza beruvchining oilasini “davlat ta’minotidagi oila” va “kambag‘al oila” deb topishni rad etish uchun asoslar aniqlanmaganda ariza ijtimoiy xodimning shaxsiy kabinetiga savolnoma to‘ldirish uchun yuboriladi.
Ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangan savolnoma axborot modulida avtomatik ravishda “mahalla yettiligi”ga yo‘naltiriladi.
Xulosa “mahalla yettiligi” tomonidan tasdiqlangandan so‘ng «YMIH» AT 3 ish kuni ichida oilani ijtimoiy-iqtisodiy holatini yakuniy baholashdan o‘tkazadi.
Oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan 1 oylik jami o‘rtacha daromad oxirgi 3 oy uchun hisoblab chiqilgan barcha oila a’zolarining daromadi summasini oila tarkibiga kiritiladigan oila a’zolari soniga va 3 ga bo‘lish orqali aniqlanadi.
Reyestrga oilalar “davlat ta’minotidagi oila”, “kambag‘al oila” va “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifalariga ajratilgan holda kiritiladi.
Oilalar ular Reyestrga kiritilgan kundan boshlab quyidagi muddatlarda oila a’zolari ishtirokida savolnoma qayta to‘ldiriladi:
- “davlat ta’minotidagi oila” — har 12 oyda;
- “kambag‘al oila” — har 6 oyda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter