Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Olmaliqda yangi oltin saralash fabrikasi qurilyapti

Olmaliqda yangi oltin saralash fabrikasi qurilyapti

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining «Kovuldi oltin saralash fabrikasi qurilishi» loyihasi amalga oshirilmoqda.

Qayd etilishicha, ushbu fabrika «Kovuldi» va «Quyi-Kenjasoy» konlaridan qazib olinadigan ma’danlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan. Bu yerda yiliga 200 ming tonna xomashyodan qimmatbaho metallar ajratib olinadi.

Fabrikaning qurilish ishlari joriy yilning fevral oyida boshlangan bo‘lib, 2025-yil 4-choragida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida yer maydonini tayyorlash, ma’muriy-maishiy binolarning poydevorini qurish va ishlab chiqarish binosi uchun 54 ta temir-beton kolonna hamda 530 ta to‘siq o‘rnatish ishlari bajarilgan.

Fabrika qurilishining ikkinchi bosqichida texnologik uskunalar – tegirmonlar, gidrotsiklonlar va klassifikatorlar o‘rnatiladi.

«Uskunalar Markaziy ta’mirlash-mexanika zavodi tomonidan mahalliylashtirish dasturi asosida tayyorlanmoqda. Shu kungacha 2 ta tegirmon, 2 ta gidrotsiklon va boshqa ehtiyot qismlar tayyorlandi.

E’tiborli jihati shundaki, mazkur fabrika to‘liq OKMKning o‘z kuchi va mutaxassislari tomonidan barpo etilmoqda. Qurilishda foydalanilayotgan temir-beton konstruksiyalar ham kombinatning «Olmaliqmetallurgqurilish» trestida ishlab chiqarilmoqda», – deyiladi xabarda.

OKMKning Angren va Chodakdagi fabrikalaridan keyingi uchinchi oltin saralash majmuasi  bo‘lishi aytilayotgan ushbu fabrika ishga tushirilgach, qo‘shimcha 151 ta yangi ish o‘rni yaratilishi aytildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring