Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oq paketchalar — ularning ichida nima bor?

Oq paketchalar — ularning ichida nima bor?

Nima bu? Kerakli narsami, zararli emasmi?..

Foto: «takprosto.cc»

Ichiga shaffof mitti sharchalar solingan bu oq paketchalar hammamizga tanish: yangi poyabzal, elektrotexnika buyumlari sotib olganimizda ko‘pincha qutisining ichidan chiqadi. Nima bu? Kerakli narsami, zararli emasmi?

Bu — kremniy dioksidi (SiO2), uni silikagel ham deyishadi. O‘sha oq paketchalardagi suvda erimaydigan granulalar (sharchalar) o‘ziga nam tortish xususiyatiga ega. Shu xususiyati uchun ham ular namlikka chidamsiz narsalar, masalan, oyoqkiyimlarning qutilariga solib qo‘yiladi.

Silikagelli paketchalar(SP)ni tashlab yuborishga shoshilmang, ularni yana ishlatsangiz bo‘ladi. Masalan, quyidagicha:

  1. Kumush taqinchoqlar va idishlarni asrash uchun

Kumush oltingugurt bilan kelishmaydi: «sariq kukun»ning havodagi birikmalari bilan reaksiyaga kirishaverganidan qorayib ketadi. Silikagelli paketchalarni kumush taqinchoqlaringiz yoki idishlaringiz turgan qutiga solib qo‘ysangiz kifoya, qorayishidan xavotirlanmasangiz ham bo‘laveradi.

  1. Poyabzal va sumkalarni quritish uchun

Sharros yomg‘irda oyoqkiyim, hatto sumka ham namlanib ketishi turgan gap. Uyiga kirishi bilan ko‘plar ularni issiqroq joyga qo‘yib tez quritishga urinadi. Bu unchalik ham to‘g‘ri yo‘l emas, issiq havo charmni yemiradi, kamiga suvning dog‘lari qolishi mumkin. Yaxshisi, charm buyumlarni artib-tozalab, ichiga SPdan bir nechtasini solib qo‘ysangiz, namlik asta-sekin so‘rilib ketadi.

  1. Sport sumkasidagi yoqimsiz hidlarni yo‘qotish uchun

Sport bilan shug‘ullanuvchilarga bu manzara begonamas: har mashg‘ulotdan keyin terga botgan kiyimlar joylanavergach, sumka yoqimsiz hid chiqaradigan bo‘lib qoladi. Buni yo‘q qilishda ham silikagel yordamga keladi. Uyga qaytib, sumkangizni darhol kiyimlardan bo‘shating va bir nechta paketchasini solib qo‘ying — muammo hal!

  1. Elektrotexnikani asrash uchun

Har kuni ishlatmaydigan elektrotexnikani salqin joyda, imkon qadar silikagelli paketchalar joylangan qutida saqlagan ma’qul. Shunda bu qurilmalarga namlik xavf solmaydi.

  1. Dorilarni saqlashda

Ayrim sayohatga chiquvchilar o‘zlari bilan kerakli dori-darmonni ham olib yurishadi. Nam havo ularga zarar yetkkazmasligi uchun dori qutisiga bir-ikkita SP solib qo‘yish kerak.

  1. Kiyimlarni asrash uchun

Ko‘p kiyilmaydigan kiyimlar, masalan, sandiqqa tashlab qo‘yilganlaridan ko‘pincha noxush hid kelib qoladi. Bu namlikdan. Buning ham davosini silikageldan izlayvering.

  1. Mashina salonini namlikdan himoya qilishda

Avtomobillardan ham namlik tufayli noxush hid chiqishi mumkin. Buni yo‘qotish uchun bir nechta paketcha yetarli emas, do‘konlarda sotiladigan silikageldan bir kilochasini sotib olishingiz kerak, shunda mashina saloni ham quruq saqlanadi, ham dimoqni yoradigan hidlardan qutulasiz.

  1. Fotosuratlar va hujjatlarni saqlashda

Eski fotosuratlaringiz va hujjatlaringizning yoniga bir nechta silikagelli paketni  qo‘yib qo‘ysangiz, ularni sarg‘ayib ketishdan asraydi.

Silikagel xavflimi?

Kremniy dioksidi oziq-ovqat qo‘shimchasi, biroq bu uni ovqatga ishlatavering degani emas. Qolaversa, tarkibiga qo‘shilgan boshqa moddalar zaharli bo‘lishi mumkin. Silikagel faqat paketchasida turarkan, hech qanday xavf tug‘dirmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring