Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oqqo‘rg‘ondagi maktab-internat mansabdor shaxslari ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Oqqo‘rg‘ondagi maktab-internat mansabdor shaxslari ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Foto: Toshkent viloyati prokuraturasi

Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Oqqo‘rg‘on tumanidagi 78-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyati o‘rganilib, tekshirilganda o‘ta qo‘pol qonunbuzilishi holatlari qayd etildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi saytida xabar berildi.

Tekshirishda aniqlanishicha, maktab-internat mansabdor shaxslari uzoq yillar davomida ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yib, yuqori turuvchi instansiyalarga ta’lim-tarbiya muassasasidagi haqiqiy ahvol haqida noto‘g‘ri ma’lumot berib kelishgan.

Xususan, tekshirish vaqtida maktab-internatda sanitariya-gigiyena qoidalariga umuman rioya qilinmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Masalan, maktabgacha ta’lim guruhlari uchun alohida yotoqxonalar tashkil etilmagan, yotoqxonada yashovchi bolalarga yuvinish uchun sharoitlar yaratilmagan, hattoki ta’lim muassasasining 33 nafar xodimlari tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatib kelishgan.

Achinarlisi, ko‘p yillardan buyon maktab-internat yotoqxonasida mavjud hojatxona nosoz holda bo‘lib, bolalar undan sanitariya-gigiyena talablariga zid ravishda foydalanib kelayotganligi hamda zararsizlantiruvchi eritmalar ta’minoti yo‘qligi natijasida bir qancha tarbiyalanuvchilar teri-tanosil kasalliklariga chalingan.

Ta’lim muassasasining mansabdor shaxslari tomonidan ushbu kasalliklarni erta aniqlash va bolalar kasallanishining oldini olish choralari ko‘rilmasdan, aksincha, noto‘g‘ri davolash ishlari o‘tkazilib, tibbiy me’yorlarga mos bo‘lmagan muolajalar olib borilgan.

Bundan tashqari, muassasada ta’lim-tarbiya ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilishi oqibatida noma’lum shaxslar tomonidan ta’lim muassasasining 16 yoshga to‘lmagan tarbiyalanuvchilari g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilingan.

Shuningdek, muassasa rahbariyatining beparvoligi oqibatida ta’lim muassasasining 16 yoshli boshqa bir tarbiyalanuvchisi I.Sokolovning bir yarim oydan buyon dars mashg‘ulotlariga qatnashmasdan bedarak yo‘qolganligi haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlariga xabar berilmagan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan maktab-internat mansabdor shaxslari va boshqa shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring