Oyligingiz kamaymaydi. Yangi soliq tizimi maoshga ijobiy ta’sir qiladi

Oylik oshgandagi holat
Soliq islohotlari bo‘yicha konsepsiyada taklif etilayotgan yangi soliq stavkalari bo‘yicha aholi orasida turli tushunmovchiliklar yuzaga kelayotgani hech kimga sir emas. Ushbu o‘zgarishlardan ko‘plab mehnatkashlarni xavotirga solib qo‘yayotgan bir masala daromad solig‘ining yangi 25 foizlik stavkada belgilanishi kamroq oylik oladigan ishchilarning oyligi yanada kamayishiga sabab bo‘larkan degan xulosa paydo bo‘layotganidir.
Qahramon Aslanovning yaqinda chop etilgan «Yangi soliq tizimi maoshga qanday ta’sir qiladi? (tahlil)» deb nomlangan maqolasi ham shunday xulosa shakllanishiga sabab bo‘ldi. Shu maqola bo‘yicha bir qator fikrlarni bildirib o‘tmoqchiman.
«Amalga oshirilayotgan har qanday islohotlar munozaralar uchun ochiq bo‘lgani yaxshi», — deb boshlagan ekan muhtaram muallif. Maqola oxirida keltirilgan «Lo‘nda qilib aytganda, oyligi past bo‘lganlar yutqazayapti, ko‘p bo‘lganlar yutayapti» degan xulosa noo‘rinligini qayd etmoqchiman.
Avvalo, maqolada keltirilgan barcha hisob-kitoblar to‘g‘ri hisoblangani va muallifning bu borada o‘ziga xos qobiliyati borligini alohida e’tirof etish lozim. Shuningdek, maqolaning umumbelgilangan soliq to‘lovchilari va budjet tashkilotlar xodimlari to‘laydigan soliqlar qismigacha bo‘lgan joyiga qo‘shilaman (garchi, YaITning eng kam miqdori fermer xo‘jaliklariga EKIHning 50 foizi va kichik biznes vakillariga 65 foizi hamda qolganlar uchun EKIHning 1 baravari etib belgilanganini aytib o‘tish joiz bo‘lsa ham). Biroq aynan «o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat tashkilotlari, bular qatoriga banklar, yirik zavodlarni ham qo‘shish mumkin» deya qayd etib o‘tilgan va keyinchalik hisob-kitob qilingan jadval ma’lumotlariga umuman boshqacha yondashuvda ekanligimni bildiraman.
Avvalo yangi belgilanayotgan daromad solig‘i 25 foiz bo‘lgani holda oldingi qaysi soliqlarning o‘rnini egallayotganiga alohida e’tibor bergan muallif kichik va mikrobiznes deya qayd etib o‘tgan joyda daromad solig‘i, ijtimoiy sug‘urtaga ajratma qatorida 15 foizlik Yagona ijtimoiy to‘lov (YaIT) ham borligini va u ham ish beruvchining bo‘ynida ekanligini ta’kidlagan. Natijada kichik biznesda oylikni oshirish imkoni borligini e’tirof etgan.
Biroq nimaga endi aynan mana shu yondashuv budjet tashkilotlari va yirik korxonalarga nisbatan qilingan hisob-kitoblarda inobatga olinmaganiga hayronman. O‘zingiz, o‘ylab ko‘ring, qanday qilib YaIT 15 foiz bo‘lgan korxonalarda oylik oshgani holda YaIT 25 foiz bo‘lgan tashkilotlarda oylik kamayishi mumkin? Axir osmonga uchib ketmagandir ulardagi YaIT to‘lovi. Bundan ko‘rinadiki, muallifning yondashuvi faqatgina ishchining nomidan o‘tkaziladigan soliqlarni inobatga olgan holda tashkilotning aynan shu oylikni berish uchun qiladigan xarajati tarkibidan o‘rin olgan YaITni inobatga olmagan. Ma’lumot o‘rnida: muallif qayd etgan barcha yirik tashkilotlar va budjet tashkilotlari Soliq kodeksining 305-moddasiga muvofiq YaIT to‘lovchilari hisoblanadi.
Umumbelgilangan soliq to‘lovchilari bo‘lgan tashkilotlarda ishchilarning oylik ish haqi bo‘yicha xarajatlar deb qayd etiladigan xarajatlarda xuddi kichik biznes tashkilotlaridagidek barcha turdagi xarajatlarda daromad solig‘i, pensiyaga ajratma, YaIT birgalikda hisobga olinadi. Hatto budjet tashkilotlarida ham kelgusi yil uchun belgilanadigan xarajatlar smetasida jami xarajatlar hisobga olinadi va tasdiqlangan smetaga muvofiq ish haqlari hisoblab beriladi. Bizning muallifimiz esa yangi tizimdagi qo‘lga tegadigan pulni hisoblashda ushbu jami xarajatni inobatga olmagan holda faqat hisoblangan puldan 25 foiz soliq olgan holda qo‘lga tegadigan pulni kamaytirmoqda va faqatgina bir tomonlama xulosa qilmoqda.
Bundan kelib chiqadiki, muallif tomonidan berilgan jadval aslida quyidagicha ko‘rinish olsa umumiy holat adolatli aks ettirilgan bo‘lar edi:
Eski va yangi tizimdagi soliq to‘lovlari hisob-kitobi
Ushlanma 1 — ishchi nomidan to‘lanadigan to‘lovlar (daromad solig‘i(shkala bo‘yicha) va pensiyaga sug‘urta badallari(8%)ni o‘z ichiga olgan).
Ds – daromad solig‘i (shkala bo‘yicha).
Pa – pensiyaga sug‘urta badali (8%).
Ushlanma 2 — ish beruvchining hisoblangan puldan to‘laydigan Yagona ijtimoiy to‘lovga ajratmasi (25%).
Ushlanma bir tekis — konsepsiyada taklif etilayotgan jami xarajat o‘rniga bir tekis 25 foizlik soliq.
Jami xarajat – qo‘lga tegadigan pulni hisoblash uchun tashkilot tomonidan sarflangan jami xarajat.
Farq + — yangi tizimda hisoblanadigan qo‘lga tegadigan ish haqining eski tizimdagi qo‘lga tegadigan ish haqidan qanchalik ko‘p bo‘lishi.
Jadvalda ko‘rib turganingizdek, men muallif tuzgan jadvaldagi ma’lumotlar qatoriga YaIT bo‘yicha xarajatlarni kiritdim va tushunarli bo‘lishi uchun jadvalning quyi qismida hisob-kitoblarning formulasini ham berdim. Modomiki, biz shu vaqtga qadar amal qilib kelayotgan ish beruvchining hisobidan va ishchining hisobidan to‘lanayotgan soliqlarning endilikda umumiy bitta soliqqa aylantirilganini bilar ekanmiz, demak, unga nisbatan jami xarajat yangi konsepsiyada taklif etilayotgan stavka uchun baza sifatida olinishi lozim degan mantiqiy fikrga kelamiz. Jadvalda har qanday miqdorda ish haqi oluvchi ishchi yangi tizimda qo‘llangan stavka asosida qo‘liga birmuncha ko‘proq oylik olishi kuzatiladi. Albatta, agar tashkilotlar iqtisod qilish yo‘lini tanlashsa, bunday yo‘l tutmasligi ham mumkin. Biroq hozirgi yuqori inflyasiya sharoitida tashkilotlar bunday qilmasa kerak. Qanday yo‘l tanlagan taqdirda ham oylik ish haqi umuman kamaymasligi aniq. Chunki 25 foiz oldin ham to‘langan, endi ham to‘lanadi degan oltin qoida amalda qoladi. Maksimal salbiy natija sifatida oylik oshmasligi mumkin xolos, biroq bu ham haqiqatdan ancha yiroq. Chunki oylik oshirilishi bozordagi umumiy narxlar tendensiyasiga ko‘ra amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora. Bu muallifning oyliklar kamayishi haqidagi fikrlari to‘g‘ri emasligini bildiradi.
Shu o‘rinda kichik biznes sub’yektlaridagi avval amal qilib kelgan 15 foiz YaIT va ishchining daromad solig‘i hamda pensiyaga sug‘urta ajratmalarining jamini hisoblaganda nisbatan kamroq farq chiqishi mumkinligi, ularda oyliklar oshishi tashkilot rahbarining ixtiyoriga ko‘ra amalga oshirilishini qayd etib o‘tmoqchiman.
Muallif ta’kidlayotganidek budjet tashkiloti xodimlari yoki yirik tashkilotlarning kamroq oylik oluvchi xodimlari emas, balki to‘laligicha davlat budjeti zarar ko‘rishi aniq. Men ushbu holatning kelgusida pensiya tizimiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida oldingi maqolamda batafsil ma’lumot berib o‘tgandim.
Shu o‘rinda Qahramon Aslanovga chuqur hurmat bildirgan holda, barcha davlat tashkilotlari xodimlari, yirik tashkilotlar, zavodlar, banklar va boshqa umumbelgilangan soliq to‘lovchi yirik tashkilotlarda ishlovchi xodimlarga yangi konsepsiyadagi taklif natijasida oylik ish haqlari umuman kamaymasligini va, aksincha, oshishi kuzatilishini aytib o‘tmoqchiman.
Yangi ishlab chiqiladigan Soliq kodeksida daromad solig‘i solinishi uchun baza tarkibida aynan qanday turdagi daromadlar hisobga olinishi va unda jismoniy shaxs o‘z ish haqidan tashqari olgan daromadlari haqida deklaratsiya to‘ldirsa necha foiz soliq to‘lashi kerakligi masalasi ham dolzarbdir. Bu masalaga oydinlik kiritish uchun yangi Soliq kodeksida qanday o‘zgarishlar bo‘lishini bilish kerak.
Bu borada meni qiziqtirayotgan eng katta savollardan biri xalqaro pul o‘tkazmalarining daromad solig‘iga tortilmagani kabi xalqaro plastik kartalardan bir biriga yo‘naltirilgan pullarning soliqqa tortilishi va xorijiy tashkilotlar tomonidan O‘zbekistondagi xalqaro plastik karta hisobvarag‘iga o‘tkazilgan mablag‘larning qay tartibda soliqqa tortilishi masalalaridir.
Shuningdek, daromad solig‘i tushunchasi endilikda tashkilot va ishchi ulushlariga ajratilmas ekan, u holda shu vaqtga qadar daromad solig‘idan imtiyozga ega bo‘lgan fuqarolarning taqdiri nima bo‘lishi, umuman o‘zi bunday imtiyozlardan qaysilari saqlab qolinishi ham muhim.
Umuman olganda, yangi soliq konsepsiyasining Soliq kodeksida o‘z aksini topishi lozim bo‘lgan jihatlari orasida muhokamaga sabab bo‘ladigan masalalar juda ko‘p. O‘ylaymizki, bu borada mutasaddi xodimlar va ekspertlar eng maqbul yechimlarni topgan holda yangi kodeksni ishlab chiqishadi.
Mansur Tangishov, moliyachi ekspert
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter