Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek olimi olamshumul kashfiyot yaratdi

O‘zbek olimi olamshumul kashfiyot yaratdi

Yangi O‘zbekiston universiteti prorektori Elyorjon Jumayev nanotexnologiyalar yo‘nalishida nikel asosli superqotishma ixtirosi uchun xalqaro patent oldi.

— Yangilikning ahamiyati shundaki, u asosan nanotexnologiyalar, mashinasozlik, aerokosmik kemalar, umuman, uchuvchi jismlarni yasashda qo‘llanadigan o‘ta mustahkam, yengil, shu bilan birga, yuqori haroratga chidamli superqotishma hisoblanadi. Bu juda ham noyob material xorijda olib borgan izlanishlarimga bevosita bog‘liq. AQShda ishlaganimda ushbu materialning xususiyati, xossalari o‘rganilgan va boshqa murakkab kimyoviy tekshiruv jarayoni o‘tkazilgan edi. Ushbu superqotishmaga nanotexnologiyalarda keng foydalaniladigan, mustahkamligi juda yuqori, mukammal material sifatida qaraladi. Qotishma metall oilasiga mansub materiallardan ko‘ra 30-35 foiz mustahkamligi, yuqori egiluvchanligi bilan farq qiladi, — dedi olim «Yangi O‘zbekiston» nashriga bergan intervyusida.

Uning aytishicha, bu kimyoviy material hozir ichki yonuv dvigatellari va aerokosmik kemalarda juda samarali hisoblanadi. Nikel asosli qotishmalar yemirilishga bardoshli va mustahkamligi yuqori bo‘lgani uchun aynan ichki yonuv dvigatellari, umumiy avtomobilsozlik, kemasozlik va aerokosmos sohalarida keng qo‘llaniladi.

— Ishlab chiqarishga kengroq joriy qilsak, bu yangilik katta samara beradi, deb bemalol ayta olamiz. Chunki qotishma har xil muhitda sinab ko‘rilgan. Agar uni boshqa davlatlarga eksport qilishga erishsak, natijasi yuqori bo‘ladi. Lekin ishlab chiqarishga kelsak, bu biroz murakkab jarayon. Sababi, ishlab chiqarish asnosida ba’zi nozik jihatlar bor. Bir-ikki daqiqalik yanglishish ham materialning xususiyatiga ta’sir qilib, kutilgan natijani bermasligi mumkin. Agar mamlakatimizda ishlab chiqarishga joriy qiladigan bo‘lsak, laboratoriya yoki zavod ko‘rinishidagi korxona kerak, — dedi Elyor Jumayev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring