Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekiston bulbuli» Tavakkal Qodirov bahorning farzandi edi!

«O‘zbekiston bulbuli» Tavakkal Qodirov bahorning farzandi edi!

Men ketarman bir kuni, navolarim, zorim qolur...

Foto: «vostokcafe.com»

Hayotda qancha yashash emas, qanday yashash muhimdir. Ba’zi insonlar qisqa umr ko‘rsa-da, asrlarga tatigulik mehnati sabab odamlar yodidan o‘chmaydi. Bunday insonlar sirasiga «O‘zbekiston bulbuli» deya etirof etilgan O‘zbekiston xalq artisti, professor Tavakkal Qodirovni ham kiritish mumkin. U 70 yil umrguzaronlik qilib, bundan 22 yil avval boqiy dunyoga rixlat qilgan bo‘lsa-da, hamon yodimizda. U har yilning bahorida «...Do‘stlar g‘animatdir, sayr eting gulistonlar» deya xonish aylab, qalblarimizga o‘zgacha iliqlik, quvonch olib kiradi.

Onaning ohi: «Tavakkal qildim, Alloh»

Farzandning dunyoga kelishi ota-ona uchun baxt, Tavakkalning tug‘ilishi esa quvalik Mulla Qodir va To‘tibibi aya uchun chinakamiga mo‘’jiza bo‘lgan edi. Boisi, ular birin-ketin tug‘ilgan sakkiz farzandini tuproqqa qo‘yib, qalblari farzand dog‘ida o‘rtanardi. To‘tibibi aya yana homilador bo‘ldi, bundan ko‘nglining bir cheti quvonsa, bir uchi mulzam tortardi. Oy-kuni yaqinlashib qolganda qo‘shni juvonlardan biri To‘tibibining qulog‘iga: «To‘lg‘og‘ingiz tutganini hech kimga bildirmang, doyasiz ko‘zingiz yorisa, bolangiz nobud bo‘lmasmish. Shu irimini ham qiling, zora farzandingiz omon qolsa», — deydi.

Chorasiz qolgan ayol «emiga tushsin» deya qo‘shni juvonning aytganlarini qiladi. «Allohim, o‘zingga takavval qildim, bu bola yo meniki, yo tuproqniki bo‘lsin. Ismi ham Tavakkal bo‘lsin!» deya nola qiladi. Shunday qilib Tavakkal Qodirov 1926-yil-24 aprelda hovli chetidagi bedapoya bag‘rida dunyoga keladi.

Qutlug‘ qadam

Er-xotinning bag‘ri to‘ldi. Tavakkal ularning zim-ziyo hayotiga quyosh nuri singari kirib bordi. Oradan ko‘p o‘tmay ular yana ikki o‘g‘ilning ota-onasiga aylanishdi. Tavakkal bolaligidan san’atga mehr bilan ulg‘aydi. Avvaliga maktabdagi havaskorlik to‘garagiga qatnab, G‘ofir Hoshimovdan musiqiy saboq oldi. Sultonobod qishlog‘iga radio karnayi o‘rnatilganda Tavakkalning quvonchi olamni tutgandi. U kun bo‘yi karnay tagida o‘tirib, To‘ychi hofiz, Mamatbuva, Erka qori, Yunus Rajabiy, Bolta hofiz, Hojixon Boltayev, Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov, Boborahim Mirzayev kabi ko‘zga ko‘ringan hofizlarning qo‘shiqlarini sel bo‘lib tinglardi.

«Yakka bu hofiz Farg‘onada»

Tavakkalning ovozi keng qamrovli bo‘lgani bois G‘ofir Hoshimov ashulalarning avjini unga ayttirardi. Sekin-asta uning qo‘shiqlari havaskorlik to‘garagidan tuman radiosiga ko‘chdi. Uning shinavandalari ham kun sayin ortib boraverdi. 1961 yilda Farg‘ona musiqa bilim yurtini, keyin Farg‘ona pedagogika institutini tugatdi. U dastlab quvalik T.Karimovdan doira va g‘ijjak  chalishni, G‘ofir Hoshimovdan ashula yo‘llarini o‘rgandi. Keyinchalik Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov, Komiljon Otaniyozov singari ulug‘ hofizlar maktabining davomchisi sifatida o‘ziga xos uslub yaratdi. Hofiz yuzlab qo‘shiqlar ijro etdi. U kuylagan «Bizni tashlab», «O‘xshaydi-ku», «Toshkent irog‘i», «Naylaram», «Qo‘qon ushshog‘i», «Tanovar», «Fasli navbahor o‘ldi», «Farg‘ona tong otguncha» va boshqa qo‘shiqlarni hanuz xalqimiz sevib tinglaydi.

 

Shogirdlari Tavakkal Qodirov haqida

Sultonali Mannopov, O‘zbekiston xalq artisti, professor:

— Bu voqea haqida o‘qib, uning sodir bo‘lganiga shubha qilishingiz mumkin. Ammo o‘zim bunga guvoh bo‘lganim bois, u haqida so‘zlamay ilojim yo‘q.

Ustoz bilan bir kuni Andijonda bo‘lgan to‘yning saharlik dasturxoni atrofida o‘tirgan edik. Ustozning shinavandalari davra qurib, tori sas chiqarishini intiqlik bilan kutishardi. Ustoz qo‘liga torni oldi, uni chertib qo‘shiq kuylay boshladi.

Ey tan, bas ayla, g‘amli qish o‘tsa, bahor bo‘lar,

Sahro yuzi binafsha bilan lolazor bo‘lar,

Bulbul chamanda nola qilur, besabab emas,

Gul ochilguncha qancha tikonga duchor bo‘lar.

Shu payt ustimizga soya tashlab turgan olma shoxiga bulbul kelib qo‘ndi, hamma jim, hayrat ichra unga boqib turardik. Qo‘shiqning avj nuqtasiga kelganda bulbul torning dastasiga qo‘ndi va bir muddat xonish aylab, pirr etib uchib ketdi. Hayratdan yoqa ushlab qolgan davradoshlarning tili aylanmay qolgandi.

Otabek Muhammadzohid, xonanda:

— Farg‘ona davlat universitetiga qabul qilinganimda kurs rahbarimiz Tavakkal Qodirov ekanligini eshitib, rosa quvongandim. Ustozimiz  har jabhada o‘rnak bo‘la oladigan, tartibli, madaniyatli va o‘z davrining ilg‘or kishisi edi. Paxtazorlarga borib, kichik konsertlar tashkil etardik. Darslardan so‘ng ustozning xonalariga kirib repetitsiya qilardik. Ba’zida ustoz mashg‘ulotlarimizni zimdan kuzatib turardi. Meni hayratlantirgan narsa shuki, u yoshdagi kishilar (ayniqsa, ustoz san’atkorlar) sintezator, zarbli cholg‘u asboblarini xushlamasdi. Ammo ustoz bunday shovqinlardan noliganlarini eslay olmayman. Aksincha, zamonaviy musiqiy asboblarni tinglab, zavqlanardi.

Ustoz olamdan o‘tgach, fakultetimiz, ayniqsa, kursimiz talabalarining qalbi kemtik bo‘lib qolgandi. Bir kuni juda qiziq voqea sodir bo‘ldi. Fakultet yo‘lagida bir nuroniy otaxonning u yoqdan-bu yoqqa yurib behalovat bo‘layotganini ko‘rib qoldim. Yordam berish umidida suhbatga tortdim.

— Kimnidir izlayapsizmi, otaxon?

— Menga Tavakkaljonning shogirdlari kerak edi, bolam, — dedi otaxon.

— Aynan qay biri, nabirangizni universitetga o‘qishga joylamoqchimisiz?

— Tavakkalning shogirdlari ko‘p, qay biri bo‘lsa ham farqi yo‘q. Juda shoshilinch ish bilan kelgandim, — dedi.

— Men ham ustozning kurslarida tahsil olganman!

— O‘g‘lim, Tavakkalning qo‘li ochiq, juda saxiy inson edi. Men Yozyovonning chekka qishlog‘idan keldim. Nabiram shifoxonada, bor pulimni dori-darmonga sarfladim, uyga qaytishga bir so‘mim ham qolmadi. Tavakkalning o‘zidek saxiy, bag‘rikeng izdoshlari bordir, menga ko‘mak berishar degan umidda shu dargohga keldim, — dedi otaxon ming xijolat bilan.

Bo‘g‘zimga nimadir tiqilgandek bo‘ldi, beixtiyor qo‘llarimni cho‘ntagimga tiqib, bor pulimni otaxonga tutdim. U pullarni xijolat bilan oldi va mening va ustozimning haqqiga duo qildi. Ho‘ngrab yig‘lab yubordim.

Ha, ustozimiz otaxon aytgandek borini atrofdagilar bilan baham ko‘radigan, shirinsuxan va o‘ta kamtarin inson edi. Uning fazilatlari tog‘dek mashhurligining soyasida qolib ketmasdi...

Tavakkal Qodirov bahor nafasi bag‘rida dunyoga kelgandi. 1996-yili ayni shu faslda zamin uni o‘z bag‘riga oldi. 70 yillik umri mobaynida u o‘z nomini nafaqat ijod, balki qadrdon oila, shogirdlar va eng oliy fazilatlar bilan bezadi. Uning qabr toshiga O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf qalamiga mansub mangulikka daxldor misralar bitildi.  

Men ketarman, qolmagay tilla taxtu ko‘shklarim,

Menga bu dunyoda chin keltirdi baxt qo‘shiqlarim,

O‘zbegim uyida yangrar hamma vaqt xonishlarim

Gul o‘pib, gul yopinib har dilda mozorim qolur,

Men ketarman bir kuni, navolarim, zorim qolur...

Nargiza MURODOVA, san’atshunos-jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring