Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda 1-martdan bir qator tartiblar o‘zgaradi

O‘zbekistonda 1-martdan bir qator tartiblar o‘zgaradi

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni «O‘zA»da e’lon qilindi.

Qaror bilan quyidagilar:

a) Jahon banki va boshqa xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»;

b) 2022-yilga kelib respublikaning 20-o‘ringa erishishini nazarda tutuvchi Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasi reytingini yaxshilashning «Biznes yuritishni yaxshilash – 2022» maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

2019-yil 1-martdan boshlab shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

a) tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasida– banklar Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruhning (FATF) talablaridan kelib chiqib, ariza beruvchilarni masofadan turib identifikatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlar mavjud bo‘lganda ta’sischilari O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari hisoblangan yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida bank hisobraqamlarini masofadan turib ochishi mumkin;

b) qurilish uchun ruxsatnomalar olish sohasida:

  • yer uchastkasida qurilishi taqiqlangan yoki ruxsat etilgan ob’yektlar turlarining to‘liq ro‘yxatini majburiy tarzda ko‘rsatib, «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasiga auksion orqali qo‘yilganda, yer uchastkalaridan maqsadli foydalanish tartibi bekor qilinadi;
  • qurilish organlariga arxitektura-shaharsozlik kengashlarining loyiha-smeta hujjatlarini kelishish funksiyalari ushbu kengashlarda faqat tarixiy hududlar, shu jumladan, madaniy meros yodgorliklarini qo‘riqlash hududlari, shuningdek, davlat ob’yektlarining loyiha-smeta hujjatlarini kelishish funksiyalarini saqlab qolgan holda o‘tkaziladi;
  • «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasida auksion orqali realizatsiya qilingan yer uchastkalaridagi qurilish ob’yekti foydalanishga topshirilganidan so‘ng amalga oshiriladigan topografik va maxsus suratga olishlarni (zarur hollarda) yangilash ishlarining qiymati yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan tushgan mablag‘lar doirasida yer uchastkalari va ko‘chmas mulk egalari faoliyatiga aralashmagan yoki to‘sqinlik qilmagan holda to‘lanadi;
  • qurilishi tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi ko‘chmas mulk ob’yektiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnoma ko‘chirmasi bilan bir vaqtda beriladi;
  • v) elektr ta’minoti tizimiga ulanish sohasida – iste’molchilarni elektr ta’minotidan ruxsatsiz uzganlik uchun iqtisodiy sanksiyalar qo‘llaniladi;

g) mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish sohasida:

  • ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va kadastr hisobini yuritish uchun ariza eksterritoriallik prinsipi asosida berilishi mumkin;
  • jismoniy va yuridik shaxslar ko‘chmas mulk ob’yektlari bo‘yicha bitim va ko‘chmas mulkka egalik huquqini olish bilan bog‘liq bo‘lgan guvohnomalarni notarial tasdiqlash uchun murojaat qilganda, notarial idoralar majburiy tartibda ko‘chmas mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizani va tegishli hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organga axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali bepul asosda yuboradi;
  • ko‘chmas mulk ob’yektining kadastr yig‘ma jildi va kadastr hujjatlarini tayyorlash uchun elektron shaklda murojaat qilish va tayyorlash mexanizmini joriy etish orqali qog‘oz shaklida murojaat qilish va kadastr yig‘majildini berish to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi;

d) minoritar aksiyadorlarni himoya qilish sohasida:

  • aksiyadorlarga yirik bitim va affillangan shaxslar bilan qiymati jamiyat sof aktivlari miqdorining 10 va undan ortiq foizini tashkil qiluvchi bitim tuzish natijasida jamiyatga yetkazilgan zarar uchun kuzatuv kengashining manfaatdor a’zosini sud tartibida javobgarlikka tortish huquqi beriladi;
  • mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat faoliyati yuzasidan qaysidir masalada kelishuvga erishilmaganligi sababli qaror qabul qilish uchun yetarli ovoz bo‘lmaganda, vujudga kelgan ziddiyatli vaziyat sud tartibida hal qilinadi;
  • aksiyalar bo‘yicha hisoblangan dividendlarni Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi yoki investitsiya vositachilari orqali to‘lash mexanizmi joriy etiladi;

e) xalqaro savdo sohasida – tovarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikatni berish O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan bir qatorda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisining ariza-deklaratsiyasi asosida, ariza topshirilgan vaqtdan boshlab bir ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda Savdo-sanoat palatasi tomonidan ham amalga oshiriladi;

j) kontraktlar ijrosini ta’minlash sohasida:

  • iqtisodiy sudda nizolarni hal qilish usuli sifatida sudgacha majlis o‘tkazish imkonini beruvchi tartib joriy etiladi;
  • jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda, ma’muriy va iqtisodiy sudlarda fuqarolar tomonidan amalga oshiriladigan barcha to‘lovlarni, shu jumladan, davlat bojini hisobga olish va to‘lashning yagona elektron tizimi joriy etiladi.

2019-yil 1-martdan boshlab:

  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlaridan hujjatlarga muhr bosilishi yoki hujjatlarning muhr bilan tasdiqlanishini talab qilish;
  • qurilish-montaj ishlarining boshlanishi haqida xabardor qilish mexanizmini joriy etish orqali ularni amalga oshirish uchun ruxsatnoma olish;
  • ommaviy ofertani joriy etish orqali qurilish sohasini nazorat qiluvchi hududiy inspeksiyalar tomonidan shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, shaharsozlik faoliyati sohasidagi texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi, tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq qurilish-montaj ishlarining sifati va to‘liqligi ustidan nazorat funksiyalarini bajarish yuzasidan shartnomalar tuzish tartiblari bekor qilinadi.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring