Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda ilk marotaba! Bozor — tadbirkorlik sub’yektiga ishonchli boshqaruv uchun berildi

O‘zbekistonda ilk marotaba! Bozor — tadbirkorlik sub’yektiga ishonchli boshqaruv uchun berildi

Foto: «mytashkent.uz»

Davlat rahbarining topshirig‘iga asosan, Toshkent shahrida mahalliy boshqaruvning alohida tartibini joriy etish maqsadida Farmon loyihasi tajriba sifatida sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu tajriba doirasida Prezident devoni boshchiligida hamda Adliya vazirligi xodimlarining huquqiy yordamida poytaxtning Mirzo Ulug‘bek hamda Olmazor tumanlarida tashkiliy ishlar olib borilyapti.

Mazkur tajriba davomida M.Ulug‘bek tumani TTZ massividagi «Navro‘z dehqon bozori» O‘zbekistonda ilk marotaba tadbirkorlik sub’yektiga ishonchli boshqaruvga berildi.

O‘zi ishonchli boshqaruv deganda nima tushuniladi?

Bu – davlat mulkidan tashkil topgan hamda amalda davlat idorasining boshqaruvida bo‘lgan mol-mulkni tadbirkorlik sub’yektiga ishonchli boshqaruvga topshirishdir.

Bu esa o‘z navbatida, mazkur bozorni endilikda tadbirkor tomonidan mustaqil ravishda erkin iqtisodiy qonuniyatlari asosida hamda davlat organlarining ta’siridan mutlaqo holi holda boshqarishdir.

Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston dehqon bozorlari nafaqat yurtimiz xalqi, balki xorijlik sayyohlar uchun ham o‘zgacha o‘rin tutgan bo‘lib, bu bir necha asrli tarixga egadir.

Biroq, olib borilgan chuqur o‘rganishlar, taqqoslash hamda taxlillar natijasida, nafaqat poytaxtdagi, balki respublikadigi aksariyat bozorlarning iqtisodiy holati ayanchli ahvoldaligi ma’lum bo‘ldi.

Bugungi kunda respublikada davlat ulushi bo‘lgan 491 ta bozor va savdo komplekslari mavjud. Joriy yil birinchi yarim yillik yakuniga ko‘ra ularning budjet, jismoniy va yuridik shaxslar oldidagi qarzdorligi 80 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etadi.

Birgina Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Navro‘z dehqon bozori»ning budjet va boshqa to‘lovlar oldidagi qarzdorligi 1,860 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Ushbu qarzdorlik natijasida bozorning hisob raqamiga band solinganligi sababli, bozor bir necha yillar davomida rivojlanmay kelmoqda. Bundan tashqari, kundalik yig‘im badali, xalq tili bilan aytganda, «Patta» puli tartibsiz va tizimsiz ravishda undirilishi oqibatida, mahalliy budjetga kelib tushishi belgilangan mablag‘ qiymati keskin pasayib ketgan. Shuningdek, bozorda tartibsiz ravishda savdo olib borilishi, ya’ni tadbirkorlar tomonidan belgilangan rastalarda emas, aksincha duch kelgan joyda savdo qilinishi sanitar holatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Aniqlangan ushbu kamchiliklardan so‘ng, Toshkent shahar hokimligining rasmiy veb-sahifasiga bozorni ishonchli boshqaruvga topshirish haqida e’lon joylashtirildi.

E’lon asosida kelgan bir qancha tadbirkorlar bilan o‘zaro muzokaralar olib borildi. Bozorni rivojlanishiga oid qo‘yilayotgan shartlarga rozi bo‘lgan tadbirkor bilan bozorning boshqaruv kengashi hamda ushbu tadbirkor o‘rtasida tegishli shartnoma imzolandi.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, ushbu tajriba ilk marotaba amalga oshirilayotganligi sababli, imzolangan shartnoma adliya vazirligning mas’ul xodimlari tomonidan ishlab chiqilib, unda Ishonchli boshqaruvchiga bir nechta asosiy talablar qo‘yildi.

Bular:

  • Qisqa muddatda mavjud 1,860 milliard so‘m qarzdorlikni bartaraf etish;
  • Bozorda innovatsion va texnologik jihatdan mutlaqo yangi uskunalarni qo‘llash;
  • Boshqaruv tizimini bozor prinsiplariga mos holda tubdan o‘zgartirish;
  • Oziq-ovqat mahsulotlari narxining sun’iy ravishda oshib ketmasligini ta’minlash maqsadida, mahsulot yetishtiruvchi fermer, dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi savdo qilishi uchun sharoit yaratishdir.

Mazkur tajriba ijobiy yakunlangan hamda ushbu ko‘zlagan maqsad va pirovard natijalarga erishilgan taqdirda, Adliya vazirligi bozorlarni rivojlantirish bo‘yicha tegishli qaror loyihasini tayyorlaydi va Hukumatga kiritilishini ta’minlaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring