Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zimizni himoya qilish huquqiga egamiz»: Fors ko‘rfazi davlatlari Eronni jiddiy ogohlantirdi

«O‘zimizni himoya qilish huquqiga egamiz»: Fors ko‘rfazi davlatlari Eronni jiddiy ogohlantirdi

Foto: BMT

Fors ko‘rfazi arab davlatlari, Iordaniya va Suriya BMT Xavfsizlik kengashiga Eronning o‘z hududlariga uyushtirgan raketa hujumlarini qoralab, ulardan biriga qilingan hujum butun mintaqa xavfsizligi va barqarorligiga tahdid ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Arab News xabar berdi.

Tarkibiga BAA, Saudiya Arabistoni, O‘mon, Qatar, Quvayt va Bahrayn kiruvchi Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi (Gulf Cooperation Council, GCC), shuningdek, Iordaniya va Suriya nomidan bayonot bergan Bahraynning BMTdagi elchisi Jamol Fares Alrovaiy shunday dedi: «Ushbu hujumlar suverenitetimiz va hududiy yaxlitligimizning ochiqdan-ochiq buzilishidir hamda butun mintaqa xavfsizligi va barqarorligiga tahdid soladi».

Uning qo‘shimcha qilishicha, zarbalar oqibatida tinch aholi vakillari jarohatlangan, kamida bir kishi halok bo‘lgan, infratuzilmaga zarar yetgan, aviaqatnovlar izdan chiqqan hamda Hurmuz bo‘g‘ozi orqali dengiz qatnoviga xavf tug‘ilgan.

Elchi sodir bo‘lgan voqealar uchun to‘liq mas’uliyatni Eron zimmasiga yukladi: «Ushbu qo‘rqoqlarcha qilingan harakatlarni oqlab bo‘lmaydi va ularni xalqaro huquq yoki BMT Nizomi bilan asoslab berishning iloji yo‘q».

Alrovaiy hujumga uchragan mamlakatlar BMT Nizomiga muvofiq o‘zini himoya qilish, hududlari, aholisi va milliy manfaatlarini asrash uchun mutanosib ravishda javob qaytarish huquqini o‘zida saqlab qolishini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, u mintaqa hududlaridan nizoni avj oldirish maydoni sifatida foydalanishdan ogohlantirdi va Fors ko‘rfazi davlatlari hamda Iordaniya avvalroq Eron bilan muloqot o‘rnatish uchun harakat qilganini eslatib o‘tdi.

Alrovaiy BMT Xavfsizlik kengashini hujumlarni qoralovchi qat’iy pozitsiya egallashga, voqealar takrorlanishining oldini olishga hamda inqirozni jilovlash va xalqaro tinchlikni saqlash uchun zudlik bilan choralar ko‘rishga chaqirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring