O‘zbekiston mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi
3-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev huzurida mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash, harbiy xavfsizligini ta’minlash masalalari, shuningdek, joriy yil 13-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosining borishi ko‘rib chiqildi.
Dunyoda keskinlik va mojarolar o‘choqlari saqlanib qolayotgani, geosiyosiy raqobat kuchayib, yangi xatar va tahdidlar xavfi ortib borayotgani ta’kidlandi. Ayrim mintaqalardagi harbiy harakatlar jiddiy gumanitar va iqtisodiy oqibatlarga olib kelayotgan notinch xalqaro vaziyat sharoitida mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash hamda xavfsizligini ta’minlash alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Mudofaa vaziri qo‘shinlarning jangovar shayligini oshirish, qism va bo‘linmalarni tezkor tayyorlash, ularni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar bilan ta’minlash, harbiy-ma’muriy sektorlar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.
Rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasi va jangovar harakatlar tajribasini o‘rganish, harbiy boshqaruv va tayyorgarlik tizimiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, qo‘shinlar samaradorligini oshirish uchun yangi texnologiyalar, jumladan, uchuvchisiz tizimlar va raqamli boshqaruv yechimlarini keng qo‘llash zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, harbiy-ma’muriy sektorlar, poligonlar, ta’lim muassasalari va moddiy-texnik ta’minot ob’yektlari infratuzilmasini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish hamda rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishni izchil davom ettirish, ilmiy tadqiqot ishlarini kuchaytirish, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnologiyalarni o‘zlashtirishga qaratilgan dasturlarni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida davlatimiz rahbari Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirish va mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha tegishli vazifalarni belgilab berdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter